Hindistonda 45 yil avval bedarak yo‘qolgan erkak xotirasi tiklangach, oilasi bilan qayta topishdi. Bu haqda Times of India gazetasi yozgan.
16 yoshli Rikxi Ram 1980-yilda Ximachal-Pradesh shtatidagi uyidan chiqib ketib, jiddiy avtofalokatga uchragan. Natijada bosh miyasidan jarohat olib, xotirasini yo‘qotgan.
Ota-onasi allaqachon o‘g‘lining tirik emasligiga ko‘nikkan va uning qaytishini kutishmagan. Bu orada yosh yigit Mumbayga borib qolib, yangi – Ravi Chaudxari ismini olgan. O‘tmishini unutib, oila qurgan.
Bir necha oy oldin erkak boshiga navbatdagi zarbani qabul qilgani ortidan uning bolalik xotiralari tiklana boshlaydi. Xotinining yordami bilan Rikxi Ram o‘zining qayerda tug‘ilganini aniqlagan va uning shaxsini tasdiqlay oladigan ona qishlog‘ilik odamlarni topgan. O‘tgan haftada esa erkak ayni turgan joyidan 1600 kilometr masofada joylashgan Nadi qishlog‘idagi uyiga qaytgan va aka-singillari bilan uchrashgan.