Qarshi shahrida “Bitta xalq, bitta oilamiz” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir turli millat va elat vakillarini bir maydonga jamlab, mamlakatimizda qaror topgan do‘stlik, ahillik va o‘zaro hurmat muhitini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Unda arab, rus, tojik, tatar-boshqird, turkman kabi mahalliy turli millat vakillari o‘zlarining urf-odatlari, qadriyatlari, an’analari, milliy liboslari va madaniyatini namoyish etdilar.
– “Bitta xalq, bitta oilamiz” shiori zamirida o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat mujassam, – deydi arab milliy madaniy markazi rahbari Davlat Yomg‘irov. – Ana shunday tadbirlar barchamizni mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik muhitini asrash, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga undaydi. Bir yurt, bir maqsad va bir oila sifatida ahil yashash yurtimizning eng katta kuch-qudrati va kelajak taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Milliy qo‘shiq va raqslar, xalq amaliy san’ati namunalari hamda madaniy chiqishlar ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi. Bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat, turli millat va elat vakillariga nisbatan hurmat va ehtirom tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga, eng muhimi, yurtimizda tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.
Shohista BOZOROVA