Oshxona sochig‘i, yuvin-chayin gubkalari, hammom gilami, tish cho‘tkasi, telefon, masofadan boshqarish pultlari va do‘konlardagi xarid uchun aravachalar tutqichi o‘zida ko‘k yiring tayoqchalari va tillarang stafilokokk kabi xavfli bakteriyalarni saqlashi mumkin. Bu haqda Vestminster universitetining tibbiyot mikrobiologiyasi bo‘yicha katta o‘qituvchisi Manal Muhammad The Conversation nashriga ma’lum qilgan.
Olimning qayd etishicha, xarid uchun aravachalardan har kuni o‘nlab odamlar foydalanadi, biroq uni kamdan kam dezinfeksiya qilishadi. Shu bois uning tutqichida mikroblar to‘planadi. Oshxona sochig‘i va gubkasi, hammom gilami kabilar ham eng notoza uy-ro‘zg‘or buyumlaridan bo‘lishi mumkin.
«G‘ovakli, nam va ko‘pincha oziq-ovqat mahsulotlari bilan qorishib yotadigan gubka – bakteriyalar ko‘payishi uchun ideal sharoit. Ko‘p martalik oshxona sochig‘i ham tezda mikroblar o‘chog‘iga aylanadi. Tadqiqot ichak tayoqchalari va salmonella matoda bir necha soat davomida qolishi mumkinligini ko‘rsatdi», deya ogohlantirgan mutaxassis.
Ekspert so‘zlariga ko‘ra, kesish taxtasida pichoq qoldirgan mayda bo‘laklarda bakteriyalar to‘planishi mumkin. Agar u yaxshi yuvilmasa, ichak tayoqchalari va salmonella quruq yuzada soatlab yashaydi hamda sog‘liq uchun xavf tug‘diradi. Qo‘l telefonidan tez-tez foydalanish ham yuqori harorat tufayli uni bakteriyalar ko‘payishi uchun qulay joyga aylantiradi. Mehmonxona televizorlarining masofadan boshqarish pultlari ham shunday xavf mavjud buyumlarga kiradi.