Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat BIZ QALBAKI PUL YASOVCHILARDEK KUN KO‘RYAPMIZ
Ma’naviyat

BIZ QALBAKI PUL YASOVCHILARDEK KUN KO‘RYAPMIZ

Saralangan satrlar

Yoshligida Birinchi jahon urushiga borgan va urushning chinakam dahshatlarini ko‘rgan, butun umr bosqin fojialarini badiiy aks ettirgan nemis adibi Erix Mariya Remarkning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”, “Uch og‘ayni”, “Jannatdagi soyalar”, “Qarzga olingan umr”, “Ortga yo‘l”, “Lissabondagi tun”, “Qora yodgorlik” asarlari mavzulari rang-barangligi barobarida ifoda uslubining o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Adibning 1945-yilda birinchi marta AQSHda chop etilgan “Zafar darvozasi” romanida fashistlar zulmidan yashirinib o‘zga mamlakatlarda yashirinib yashashga mahkum kishilar haqida hikoya qilinadi.

Bosh qahramon Ravik ham xuddi Remark kabi urushda qatnashgan, keyinchalik natsistlarga qarshi kayfiyati sabab gestapo tomonidan hibsga olingan. Konslagerdan qochib, Parijda yashashni ma’qul ko‘rgan. Mohir jarroh bo‘lishiga qaramay, fuqaroligi haqidagi hujjati bo‘lmagani bois tibbiy xizmat ko‘rsatishga huquqi yo‘q. Yashirinib yashagani barobarida xavf ostida operatsiyalar qilishga to‘g‘ri keladi. Bir necha marta mamlakatdan chiqarib ham yuboriladi. Siyosatdonlar tinchlik bitimlari haqida bong urayotganiga qaramay odamlarda ertangi kunga ishonch yo‘q, ammo ular negadir juda boqibeg‘am, go‘yo falokat ularni chetlab o‘tadiganday kayfiyatda yashashadi.

Ma’lumki, Zafar darvozasi Napoleon Bonapart davrida g‘alabalar sharafiga qurilgan yodgorlik bo‘lib, keyinchalik Fransiya milliy ramzlaridan biriga aylangan. Ark ostida Birinchi jahon urushida halok bo‘lgan noma’lum askar qabri va abadiy olov joylashgan.

Remark bir vaqtlar g‘alabalar ramzi bo‘lgan yodgorlik misolida urush arafasidagi Yevropaning tanazzulini badiiy aks ettiradi.

* * *

Boshingizga ne savdolar tushmasin, aslo yuragingizga yaqin olmang. Bu dunyoda tashvishlanishga arziydigan narsalar unchalik ham ko‘p emas.

* * *

Unutish. Zap g‘aroyib so‘z-da! Ham dahshat, ham taskin, ham ro‘yo mujassam. Unutmasdan kim yashay oladi? Ammo kim ham istaganini unuta oladi? Yurakni pora-pora qilguvchi xotiralar quyqasi. Yo‘qotadigan narsasi qolmagan insongina ozod bo‘la oladi.

* * *

Hayot degan ne’mat boshqalarni deb yashash uchun ham berilgan. Odam taftini odam oladi. Shuning uchun jindakkina bo‘lsayam savob ish qilsang, bir joying kamayib qolmaydi. Aksincha, odamga kuch beradi.

* * *

O‘tgan ishni orqaga qaytarolmaysiz. Hech kimni o‘zgartirolmaysiz. Yo‘qsa, hammamiz avliyo bo‘p ketardik. Taqdir bizni mukammal qilib yaratmagan. Kimki komil bo‘lsa, ular hammasi o‘tib ketgan odamlar.

* * *

Bosh devorga taq etib urilganda hamma Xudo deb qoladi. Dumi qisilganda duoga qo‘l ochgan qancha xudosizlarni ko‘rdim.

* * *

Odamning niyati katta, amali esa kichik bo‘ladi. Inson bolasining kulfati ham, jozibasi ham shunda.

* * *

Taqdir in’om etgan rutubatli hayot har qancha ko‘rkli tuyulmasin, hademay o‘tib ketadi. Hammasi omonat. Aslida nima omonat emas? Bu bevafo dunyo olislardan qora tortib kelayotgan darvozalarni yopib turuvchi bir olachalpoq mato, xolos.

* * *

Morjlar haqida eskidan qolgan masal bor: yuzlab morj qirg‘oqda yotishgan ekan, ovchi kelib qolibdi-da, jonivorlarni bittama-bitta so‘yil bilan tinchita boshlabdi. Agar birlashganlarida edi, ovchini ezib-yanchib tashlashardi, biroq ular tobora yaqinlashib kelayotgan g‘animni ko‘rib turib ham, yotgan joylaridan qilt etishmadi, ovchi esa atigi bir qadam narida qo‘shnilarini o‘ldirayotgandi. Ovro‘pa morjlarining tarixi ham ana shunaqa. Tamaddunning qonli zavoli. Inson huquqlarining rangi o‘chgan. Arzimas choychaqaga sotib yuborilgan butun boshli qit’a. Yaqinlashib kelayotgan to‘fon. Birgina foyda ko‘rishni ko‘zlayotgan behalovat tujjorlar. Vulqon chetidagi jirkanch raqs. Qurbonlikka haydab olib ketilayotgan xalqlar. Qo‘ylar qurbonlikka so‘yiladi, burgalar tirik qoladi. Har doim shunday bo‘lgan.

* * *

Farishtaga aylanasanmi, masxarabozgami yo jinoyatchigami, it ham payqamaydi. Aytaylik, tugmang uzilib ketdi, buni darrov hamma ko‘radi. Bu dunyo buncha tentaknamo bo‘lmasa.

* * *

Biz qalbaki pul yasovchilardek kun ko‘ryapmiz. Tinchlik istaymiz deyishadi-yu, harbiy zavodlar qurishadi. O‘zlarini inson haq-huquqlari uchun kurashuvchi qilib ko‘rsatishadi-yu, konslagerlar qurishadi. Siyosiy ixtiloflar adolat niqobi ostida yuz beradi, siyosiy bosqinchilar o‘zlarini valine’mat qilib ko‘rsatishadi. Ozodlik – so‘zini o‘tkazishni yaxshi ko‘radiganlarning tumtaroqli shioriga aylanib ulgurdi.

* * *

Ehtimoldan uzoq bo‘lgan taxmin mantiqqa eng yaqini bo‘ladi.

* * *

Kasalxonada odam o‘zini monastirda yurgandek sezadi. Eng oddiy narsalarning qadriga yeta boshlaysan. O‘z oyog‘ingda yurayotganing, to‘yib nafas olayotganing, yorug‘ dunyoni o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rayotganingga shukrona aytasan.

* * *

Baxt oyog‘imizning ostida. Engashib, terib olish kerak, xolos.

* * *

Har doim yashirinish mumkin bo‘lgan parda topiladi; har bir boshliqning boshlig‘i bor; ko‘rsatma, farmoyish, buyruq, bulardan ham beshbattari ko‘p boshli ajdar – odob-axloq – zaruriyat – achchiq haqiqat – javobgarlik; yana allambalo nomlari bor bunday niqoblarning. Oddiy odamgarchilik qonunlarini aylanib o‘tish uchun har doim ana shunaqa niqoblar topiladi.

* * *

Hatto umringni havoga sovurgan bo‘lsang-da, otilgan gilzaday qo‘l siltab ketolmaysan. Vaqt-soati kelganda, hayot kurash uchun kerak bo‘ladi. O‘zing uchun emas, hatto qanchalik tashna bo‘lmagin, qasos nomi ila emas yoxud butun bashar uchun emas – qanday bo‘lmasin, bu dunyoni qon va botqoqdan olib chiqish kerak. Toki ko‘ksingdagi mushtdaygina jon urib turgan ekan, kurashni qaytadan boshlashdan hayiqma.

* * *

Vaqtni uyquga sarflash hayf. Uyqudaligingda umr suvday oqib ketadi.

* * *

Sevgining sharofati bilan ayol kishining aqli rasolashadi, erkak kishi esa aqlini yo‘qotadi.

* * *

Keng quloch yoyib boshlagan ishda maydalashib o‘tirish yaramaydi.

* * *

Xuddi ertaklardagidek, murod-maqsadga yetib yashash biram yaxshiki!

* * *

Bir tanishim bor edi, xotini qazo qilganda, xonasiga qamalib olib, to dafn o‘tguncha shaxmat jumbog‘ini yechib o‘tirgan. Uni diydasi qattiqqa chiqarishgan, lekin u xotinini jonidan ortiq yaxshi ko‘rardi. U shunchaki o‘zini qayoqqa qo‘yishni bilmay qolgan. Qayg‘usini aritish uchun erta-yu kech o‘zi bilan o‘zi shaxmat o‘ynab o‘tiravergan.

* * *

Bir parcha qog‘oz! Hammasi shu bir parcha qog‘ozga bog‘liq. Burnining tagiga suqib ko‘rsatsang bas – butun boshli oilani chavoqlab tashlagan qotilmisan, bankni o‘margan bosqinchimisan, farqi yo‘q, itdan tarqagan o‘sha zahoti yetti bukilib uzr-ma’zur qilib, hurmat-izzat bilan kuzatib qo‘yadi. Hozirgi kunimizda hatto Iso Masihning ham pasporti bo‘lmasa, turmaga tiqishardi. Sirasini aytganda, u o‘ttiz uch yoshgacha ham yashamasdi – undan ilgariroq o‘ldirib yuborishardi.

* * *

Xavf-xatarga ko‘milib yasha, degandi Nitshe. Muhojirlar bu o‘gitga amal qilishadi. Ilojsizlikdan, albatta.

* * *

Bashariyat tarixi qon va ko‘zyoshlar hisobiga yozilgan. Qonga belangan minglab haykal orasida onda-sonda ezgulikning oq tusida yarqiraydiganlari uchrab qoladi. Safsatabozlar, firibgarlar, birodarkushlar, padar-kushlar, xudbinlar, mutaassiblar – hammasi bir go‘r – bandasiga muhabbat nomi ila bir-biriga qarshi qilich ko‘targan. Barcha zamonlarda sabr-qanoatli xalqlar, elatlar bir-biriga qarshi gijgijlangan, imperatorlar, e’tiqodlar, aqldan ozgan sohibi tojlar nomi ila qon to‘kilgan. Bu xunrezliklar hali-hamon to‘xtamaydi.

* * *

Arslon kiyikni ov qiladi, o‘rgimchak – pashshani, tulki – tovuqni. Odamzod esa yer yuzida muttasil jang qilib, o‘z qavmidagilarning qonini to‘kadi. Nega?

* * *

Odamlar charchab, hech nima bilgilari kelmay, “Menga buning daxli yo‘q!” deyishdan nariga o‘tolmayotganlari uchun ham qabihlar quturib ketgan.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version