Qashqadaryo gazetasi Olam Biznesda uzoqni ko‘ra bilgan yutadi
Olam

Biznesda uzoqni ko‘ra bilgan yutadi

Xitoyning Xunan viloyatida yashovchi ayol bundan sakkiz yil avval ikki million dollar sarflab, yangi turar joy majmuasi avtoturargohidan 196 ta o‘rinni sotib olgan. Keyinchalik uning bu joylarni ancha qimmat narxda qayta sotishga uringani qo‘shnilari orasida norozilik keltirib chiqarib, ulardan bir guruhi ayol ustidan sudga da’vo kiritgan. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar ulashgan.

Turar joy majmuasi 2018-yilda qurilgan. O‘sha paytda hudud yashash uchun unchalik jozibador emas edi: do‘konlar, maktablar va transport infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan. Shu sababli xonadonlar va avtoturargoh joylariga talab past bo‘lgan. O‘shanda U familiyasi bilan tanilgan ayol biryo‘la 196 ta mashina o‘rnini sotib olgan. Bu majmuadagi barcha avtoturargoh joylarining 40 foizini tashkil etardi. Moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan qurilish kompaniyasi esa noiloj bu boradagi bitimga rozi bo‘lgan.

Ayol hudud kelajakda rivojlanishini to‘g‘ri taxmin qilgan: xonadonlar sotilib ketdi, avtoturargoh joylariga esa talab oshdi. Shundan so‘ng U avtoturargoh joylariga to‘siqlar o‘rnatib, ularni oyiga 500 yuandan ijaraga bera boshlagan. Bu avvalgi narxdan ikki baravar yuqori edi. Yashovchilar narxni 300 yuanga tushirishni so‘rashganida, ayol bunga rozi bo‘lmagan. Keyinchalik ayol avtoturargohdagi o‘rinlarni dastlabki qiymatiga nisbatan 80 foizga oshirgan holda sotuvga chiqargan.

Bundan norozi bo‘lgan aholi avtoturargoh joylariga oid bitimni haqiqiy emas deb topishni talab qilib, sudga murojaat qilgan. Da’vogarlarning fikricha, avtoturargoh joylari turar joy majmuasi infratuzilmasining bir qismi bo‘lib, ularni foyda olish maqsadida monopoliyaga aylantirish mumkin emas.

Biroq sud javobgar ayolning foydasiga qaror chiqargan.  Sudyaning ta’kidlashicha, qurilish kompaniyasi avtoturargoh joylarini sotuvga qo‘ygan paytda barcha yashovchilarda ularni sotib olish imkoniyati bo‘lgan. Qonunchilikda ham bir shaxs avtoturargohda qancha o‘ringa egalik qilishi mumkinligi bo‘yicha cheklov mavjud emas.

Exit mobile version