Saralangan satrlar
Hammayam ko‘ringanidaymi, aslidaymi? Go‘zal suratli odamlarning qalbi ham chiroylimi, ezgulikka to‘liqmi? Biz tanigan, havas qiladigan, boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘rsatadigan odamlarning qalbi qanchalar beg‘ubor? Beg‘ubormi o‘zi? Boshqalarni qo‘ya turaylik, o‘z-o‘zimizga hisob bersak, barcha xato-yu gunohlarimiz bilan yuzma-yuz keladigan bo‘lsak, uyalmasdan, boshni baland ko‘tarib tura olamizmi? Shunisi aniqki, go‘zal surat ortida qabohatlar, gunohlar yuki, ayanch razilliklar, o‘tmish xatolari pinhon turadi. Inson ana shu manzaralarga tik qarashni boshlar ekan, gunohlardan forig‘ bo‘la boradi. Borishi kerak.
Oskar Uayld qalamiga mansub “Dorian Greyning portreti” romanida butun borlig‘i, qalbi, ruhini abadiy yoshlik uchun qurbon qilgan takabbur, ayni paytda nochor va zaif Dorian Grey timsolida inson xohish-istaklarining chegarasi, hayotiy muvozanatning buzilishi qanday oqibatlarga olib kelishi badiiy yuksak mahorat bilan ko‘rsatib beriladi.
Syujet haqida qisqacha: Dorian Grey yosh yigit, tashqi ko‘rinishi chiroyli, e’tiborga loyiq. Rassom Bezil Xolluord uning portretini ishlab, shoh asarini yaratadi. Suratda tasvirlangan inson abadiy yosh turadi, Dorian Grey esa keksayishni istamaydi, shu sabab surat o‘zgarib, o‘zi navqiron qolishi haqida o‘ylaydi. Shundan so‘ng, har gunoh sodir bo‘lishi ortidan surat jirkanch ko‘rinishga kirib boraveradi. Dorian esa suratni o‘zgalar ko‘zidan yashirib qo‘yadi. O‘zi esa yillar o‘tishiga qaramay mutlaqo qarimaydi. Adib aytmoqchi bo‘lgan ramzni tushunish uchun shu tafsilot kifoya bizningcha. Qolgan zavqni kitob to‘la mutolaasidagi onlarga qoldiramiz…
Jiddiy asar o‘qiyman, o‘qib o‘zgaraman, mutlaqo yangi qarashlar, fikrlarga ega bo‘laman, degan kitobxonlar! “Dorian Greyning portreti” romani ayni siz kabi nozik didli o‘quvchilarga mo‘ljallangan!
Go‘zal narsadan illat topadigan odamlar aynigan odamlardir. Biroq aynish ularni yoqimliroq qilib qo‘ymaydi, albatta. Bu katta gunohdir.
Go‘zallikda uning yuksak ma’nosini ko‘rishga qobil odamlar madaniyatli odamlardir. Ularga umid bilan qarasa bo‘ladi.
Lekin eng asili va eng ma’quli – go‘zallikda faqat bir narsani – chiroyliliknigina ko‘ra oladigan odamdir.
***
San’atkorga nosog‘lom tamoyillarni yopishtirib yurmang. Unga istagan narsasini tasvirlashga erk berilgan.
Fikr va So‘z san’atkor uchun san’at vositasidir. Illat va fazilat uning ijodi uchun materialdir.
* * *
Odam biror foydali ish qilsa-yu, bu ishidan o‘zi zavqlanib havolanmasa, uni kechirish mumkin. Befoyda narsa barpo etadigan odamni esa oqlaydigan yagona narsa o‘zining ana shu yaratgan narsasiga ehtirosli muhabbatidir.
* * *
Jismonan yoxud ruhan komil odamlarning taqdirida allaqanday bir shum qismat bo‘ladi – butun tarix davomida ana shunday shum qismat qirollarning noto‘g‘ri qadamlariga rahnamolik qilib kelganday. Boshqalardan hech narsa bilan ajrab turmaslik bexatarroq. Bu dunyoda hamisha tentaklar bilan badbasharalargina yutib chiqadi. Ular bemalol o‘tirib, boshqalarning kurashini tomosha qilaverishlari mumkin. Ular g‘alabalar nashidasini surish imkonidan mahrum, lekin buning evaziga mag‘lubiyat alamini ham totmaydilar.
* * *
Eng oddiy, eng arzimas buyum ham uni odamlardan yashira boshlashing bilanoq kishini lol qoldiradigan darajada qiziqarli bo‘lib qoladi.
* * *
Yashashdan maqsad – o‘zligini namoyon etishdir. Biz o‘z mohiyatimizni to‘la-to‘kis namoyon etish maqsadi bilan yashaymiz. Bizning asrimizda esa odamlar o‘zlaridan o‘zlari qo‘rqadigan bo‘lib qolishgan. Ular eng oliy burch – o‘z oldingdagi burch ekanini unutib yuborishgan. Albatta, ular mehribon. Ular ochning qornini to‘ydirishadi, qashshoqni kiyintirishadi. Biroq ularning o‘z qalblari yalang‘och va bir tishlam nonga zor, ochlikdan nobud bo‘lmoqda. Biz mardligimizni yo‘qotib qo‘ydik. Balki, mardlik degan narsa bizda hech qachon bo‘lgan ham emasdir. Biz jamoatchilik fikridan qo‘rqamiz – axloqimiz shu qo‘rquv asosiga qurilgan.
* * *
Go‘zal narsaning ortida hamisha biron-bir fojia yashirinib yotadi. Eng kamsuqum, eng arzimas bir gulning gullashi uchun ham dunyolar to‘lg‘oq dardini boshdan kechirmoqlari zarur.
* * *
Hayot haqiqati bizga ayni ziddiyatli fikrlar shaklida namoyon bo‘ladi. Voqelikni idrok etish uchun uning dorbozga o‘xshab, dor ustida zo‘rg‘a muvozanatini saqlab turganini ko‘rmoq kerak. Haqiqat amalga oshiradigan turli-tuman sakrashlar-u jilpanglashlarning barini ko‘rgandan keyingina biz u to‘g‘risida to‘g‘ri mulohaza yurita olamiz.
* * *
Oshiqlik odamning o‘z-o‘zini aldashidan boshlanadi, boshqani aldash bilan esa tamom bo‘ladi.
* * *
Bizning davrimizda dunyoni g‘oyalar emas, shaxslar boshqaradi.
* * *
Inson baxtga noil bo‘lgan chog‘larda hamisha yaxshi bo‘ladi, lekin yaxshi odamlar hamma vaqt ham baxtga noil bo‘lavermaydi.
* * *
Bir zukko fransuz aytgan ekan – ayollar bizni ulug‘ ishlarga ilhomlantirishadi, lekin hamisha ularni amalga oshirishga xalaqit berishadi.
* * *
Faqat ikki toifa odamlargina chinakamiga qiziqarlidir. Bularning biri hayot to‘g‘risida mukammal bilimga ega bo‘lganlari, ikkinchisi – hayot to‘g‘risida hech narsa bilmaydiganlari.
* * *
Muhabbatidan ayrilib qolgan odamning iztiroblarida hamisha allaqanday kulgili bir narsa bo‘ladi.
* * *
Yaxshi niyatlar bilan qilinadigan ishlarga hamisha yomon qismat soya tashlab turadi – bunday ishlarni qilishga doim kechikib kirishiladi.
* * *
Ko‘pincha hayotda chinakam fojialar bag‘oyat qo‘pol shaklda namoyon bo‘ladi. Ularning dag‘al jo‘shqinligi, benihoya mantiqsizligi, bema’niligi, har qanday nafosatdan butunlay mahrumligi bizga malol keladi. Har qanday bachkana narsalar g‘ashimizga tekkani kabi, ular ham ensamizni qotiradi. Biz ularda dag‘al bir vahshiy kuchnigina his qilamiz va unga qarshi bosh ko‘taramiz. Biroq boshqacha hollar bo‘lishi ham mumkin. Biz hayotda shunday dramalarga ham ro‘para kelishimiz mumkinki, ularda badiiy go‘zallik unsurlari mavjud bo‘ladi. Agar bu go‘zallik chinakam bo‘lsa, hodisalarning dramatizmi bizni to‘la maftun qilib oladi. Shunda qo‘qqisdan seza boshlaymizki, biz ortiq bu fojianing ishtirokchilari emas, shunchaki tomoshabinlarimiz, xolos. Yoki aniqroq aytganda, ham ishtirokchisi, ham tomoshabini. Biz o‘zimizni o‘zimiz tomosha qila boshlaymiz va bu manzaralarning g‘ayriodatiyligi bizni maroqlantiradi.
* * *
Faqat mahdud odamlargina yillardan biron bir tuyg‘udan yoxud taassurotdan mosuvo bo‘lmoq uchun foydalanadilar. O‘zini tuta oladigan odam esa yangi quvonchlarni nechog‘lik oson topsa, g‘am-g‘ussasini ham shunchalik oson barham toptira oladi.
* * *
Bir insonparvar odam bo‘lgan ekan – u yigirma yil umrini allaqanday insofsizliklarga yoxud adolatsiz qonunlarga qarshi kurashga sarflabdi. Nimaga ekani aniq esimda qolmabdi. Oxir-oqibatda u o‘z maqsadiga erishibdi. Erishibdi-yu, shu zahoti juda qattiq hafsalasi pir bo‘libdi. Uning ortiq kurashadigan narsasi qolmabdi, zerikkandan yuraklari siqilib ketibdi va odamlardan nafratlanadigan bo‘lib qolibdi.
* * *
Vaqt deganlari har qanday go‘zal va betakror narsaning kushandasi bo‘larkan.
* * *
Yoshlik – beg‘amlik degani. Yoshlikning jamiki latofati ham shunda.
***
Inson yasama qiyofa kasb etishga majbur bo‘lganida xotirjamlik bilan samimiyatdan ortiqroq uni tabiiy qilib ko‘rsatadigan narsa yo‘q bo‘lsa kerak.
* * *
Ayollar bizni nuqsonlarimiz uchun yaxshi ko‘rishadi. Agar bu nuqsonlar ancha-muncha bo‘lsa, ular bizni har jihatdan kechirishga tayyorlar… Hatto aqliy noqisligimizdan ham ko‘z yumishadi…
* * *
Biror ehtirosning bandasi bo‘lgan odamning fikri tor doirada aylana boshlaydi.
***
Ta’rif bermoq – cheklab qo‘ymoqdir.
* * *
Hayot odamga juda yarlaqaganda faqat bir marta bir Ulug‘ lahza ato etadi. Baxt deganning siri shundaki, ana shu ulug‘ lahzani imkoni boricha tez-tez boshdan kechirib turmoq kerak.
* * *
Voqelikda hamma narsa aralash-quralash, lekin inson xayolotining ishida mustahkam mantiq bor. Va faqat bizning xayolotimizgina pushaymonni jinoyat izidan bir qadam ham ortda qolmay borishga majbur etadi. Faqat xayolotimizgina har bir gunohimizning jirkanch manzaralarini ko‘z o‘ngimizda chizib beradi. Real faktlar dunyosida gunohkorlar jazolanmaydi, avliyolar mukofotlanmaydi. Kuchlilarga omad yor bo‘ladi, kuchsizlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Tamom-vassalom!
* * *
Odamzod hamma narsani boshidan kechirmog‘i mumkin-u, faqat o‘limga chap berolmaydi. Bizning o‘n to‘qqizinchi yuz yilligimizda faqat ikkita narsagina hanuz izohlanmay qolib kelyapti. Bular o‘lim bilan bachkanalikdir.
***
Biror ish qilsangiz-u, agar bu to‘g‘rida tushlikdan keyin odamlar bilan bemalol gurunglashib o‘tirish imkoni bo‘lmasa, unaqa ishni zinhor-bazinhor qila ko‘rmang.
B.SAYFIYEV tayyorladi.