Saralangan satrlar
Yoshlar qanday asarlar yozyapti? Ularni qiziqtirayotgan, o‘ylantirayotgan mavzular qaysi? Yozilayotgan asarlar kitobxon e’tiborini jalb eta olyaptimi?
Aslida yosh adiblar deganimiz ham o‘ttizdan oshgan, qirqning ostonasida turgan ijodkorlardir. Ehtimol adabiy yosh chegarasi o‘zgargandir?! Har holda Dostoyevskiy birinchi romani “Kambag‘allar”ni yozganida 24-25 yoshlarda, Erix Mariya Remark “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani chiqqanida 30 yoshda, Mixail Bulgakov ilk romanlarini yozganda, hali o‘ttizdan o‘tmagan edi. O‘zimizdan olsak, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, Pirimqul Qodirov ilk romanlarini e’lon qilganida, ular ham hali o‘ttizga to‘lmagandi. Xayriddin Sulton “Yozning yolg‘iz yodgori” qissasi chiqqanida 26-27 yoshda, Nazar Eshonqul “Urush odamlari”ni e’lon qilganida 26 yoshda edi.
To‘g‘ri, navqiron payti katta asar bitish adib salohiyati va iste’dodidan darak. Eng muhim jihat esa asarning yashab qolishida. Harnechuk, o‘zbek yoshlar adabiyotida e’tirof etishga arzirli asarlar bor. Bir muddat ilgari “Yangi asr avlodi” nashriyoti “Aks” loyihasida e’lon qilgan turkum asarlarni ana shu ro‘yxatga qo‘shsa bo‘ladi. Ular orasida Raxshona Ahmedovaning “Tongotar” romani uslubi va mavzu jihatidan diqqatga sazovor.
“Orzu va dengiz”, “Soyabon ostida”, “Tushunarsiz sevgi izhori”, “Sevgim mening, sevgilim mening” kitoblari muallifi, koreys adibi Shin Kyong Sukning “Onamni asra” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan adibaning “Tongotar” romanini o‘qib ko‘ring: o‘zbek ayollari siymosiga o‘ziga xos nazar Sizni befarq qoldirmaydi.
* * *
Yomon kunimga deb yig‘ilgan narsa yaxshi kunga nasib etarmidi?
* * *
Inson o‘zi g‘alati maxluqot-da, yig‘ib-terishga moyil. Butun umri yig‘inib o‘tib ketadi, o‘zini qiynaydi, xolos. Xudo istamasa, og‘zingdagi oshni hatto yutolmas ekansan-u… yana o‘zingni hokimi mutlaq sanaysan.
* * *
Hokimiyat bu tramvay yo‘li kabi, na chetga chiqa olasan, na yangi yo‘l ocha olasan, chizib bergan yo‘ldan yurishing kerak.
* * *
Ayoli yo‘q uy ichidan, erkagi yo‘q uy tashidan nuraydi.
* * *
Dunyo bir o‘yingoh, har kim bilganicha o‘ynaydi.
* * *
Odam qayerda bo‘lmasin, kim bo‘lmasin, o‘zligini yo‘qotmasin ekan. Kimligingni unutdingmi, kim ekaning yodingdan chiqdimi, tamom, endi qaddingni tik tutib turadigan narsa qolmaydi. Har nimaga rozi bo‘lasan kishi, hatto tuban ketasan…
* * *
Boylik ziqnaning, qurol qo‘rqoqning, rahbarlik nomardning qo‘liga o‘tmasin ekan.
* * *
“Paxtaga chiqmayman, dedim, pillaga bormayman, dedim. Uyma-uy yalinmayman, mahallama-mahalla imzo yig‘mayman, deb yozib berdim. Avvali o‘qituvchi degan nomni ko‘taringlar. Bilsang, muallim hokimingdan ham yuqori turadi, shunga qarab, muomala qil, dedim. Chunki sen bola-faqirlarni ham shu o‘qituvchilar odam qilgan, muallim o‘qitgan, dedim”.
* * *
Xudoning berganiga, Xudo taqdir qilganiga ko‘nmadimi, odamlar munosib ko‘rgani bilan yashashga majbur.
* * *
Insonni muhit tarbiyalaydi. Boshqa yo‘li yo‘q. Ulg‘aya borgan sari atrofidagilar ta’siri seziladi. Bariyoq o‘zgaradi, endi olamga o‘zgalar nigohi bilan qaray boshlaydi. Endi uning beg‘ubor dunyosiga gard yuqib bo‘lgan. Uning jajji osmoni endi o‘laksaxo‘rlarga to‘la. Uning bolalik o‘ylarini yeb kun ko‘radigan bu qushlar, balki, undan allaqachon yaxshilikka limmo-lim qalbini tortib olib bo‘lgandir…
* * *
Yuragingni tobora chirmab borayotgan kibr tomirlari vaqtida kesib turilmasa, vahshat guli g‘unchalay boshlaydi.
* * *
Har qanday azobning ham oxiri bor. Bu dunyoda yakunsiz narsa yo‘q.
* * *
Tangri taolo hech bir bandasiga zulm qilmas, aslida, inson o‘ziga zulm qilar, bir-biriga yomonlik tilar. Zulmga qarshi zulm bilan kurashmoq istagida bo‘lar, sabab qidirar. Unutmaki, yomonlik tag-tomiri bilan yo‘q bo‘lmas. Har qancha kurashganing sari yomonlik ortaverar, kamaymas.
* * *
Ayol tabiatan ojiz mavjudot, hislariga asir, tuyg‘ulariga bandi, bir umr yuragi urishini tinglab o‘tadi. Peshonasiga shu qismat bitilgan. Qayerdadir kichkina bir umid uchquni ko‘rinsa, shunga ovunib umrini o‘tkazadi.
* * *
Bugun nimaiki qilayotgan bo‘lsang, yaxshilikmi, yomonlikmi, o‘zing uchun qilyapsan. Ertangi kuning uchun qasr quryapsan yoxud go‘r qaziyapsan.
* * *
Ayol Tangrining omonati ekanini unutib qo‘yganlar ertaga Xudoning oldida qanday javob beradilar?
* * *
Banda degani asli bandi deganimikan? Inson a’moliga nazar solinsa, o‘z ehtiyojlariga qaram qilib yaratilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Ozodman degani ham, vujud ehtiyojlari oldida ojiz. Yaratgan, balki, bandalarining qulligini yodidan chiqarmasligi uchun ham shunday qilib qo‘ygandir. Isyon etmasliklari uchun shu tariqa bandi etgandir.
“Yo‘q”. Inkor etadi darrov. “Bir paytlar erkim o‘zimda edi. Orzularim bor edi, biroq… kichkina orzular edi…”
Orzular insonni aldaydi. Orzularga aldanib inson umri o‘tganini bilmay qoladi. Agar orzu qilmaganida, insonga orzu qilish imkoniyati berilmaganida, ehtimol, bu qadar uzoq yashamasdi.
* * *
Inson zoti hamisha ko‘makka muhtoj, hech bo‘lmaganda atrofdagilardan, yaqinlaridan ko‘mak istaydi. Ruhan qo‘llab-quvvatlashlarini xohlaydi. Inson tanasida kuniga yangilanib turadigan har bitta hujayrada insonga ehtiyoj bor. Inson insonga kerak. Hech kimsiz dunyoda yashab bo‘lmaydi. Yashamoq so‘zi asli birgalikdan kelib chiqqan, ehtimol.
* * *
Yolg‘izlikda najot yo‘q, yolg‘izlikda azob bor, xolos.
* * *
Hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Tomchilayotgan jo‘mrak ostida turgan paqircha oxiri to‘lgani kabi ayol ongida har bitta ruhiy zo‘riqish tomchi kabi yig‘ilib boradi. So‘ng qaysi bir kun u ham paqirchadagi suv kabi toshadi.
* * *
Qalbni bir idish deydilar, unga zilol suv solmoqchi bo‘lsang, avval ichidagi har xil cho‘kindi-yu quyqalardan kechmoq, tozalamoq kerak.
* * *
Bu hayotda neki bor, bari ovunchoq, sening ko‘nib-ko‘nikib yashashing uchun yaratilgan.
Hattoki, vaqt ham insoniyatga xizmat qilishi uchun o‘ylab topilgan. Biroq vaqt inson tabiatiga ters, istaganingda sekin, istamaganingda tez, tikilib o‘tirsang, o‘tmayotgandek, bahs boylasang yugurayotgandek.
* * *
Inson o‘zi bilan murosa qilmas ekan, atrofdagilar bilan chiqi-sholmasligi aniq.
* * *
Ayolga nima kerak? U yaxshi yeb-ichmasa ham yashayveradi. U chiroyli kiyimlar kiymasa ham baxtiyor bo‘lishi mumkin. Lekin bu dunyoda mehr ko‘rmasa, muhabbat ko‘rmasa, yashab qolishi dargumon. Ayol muhabbatdan kuch oladi, gul kabi mehrdan yashnaydi. Esa daraxt kabi quriydi.
* * *
Dunyodagi eng katta baxt taqdiringdan rozi bo‘lish ekanini tushundim.
* * *
Har qanday aybni, har qanday gunohni oqlash mumkin, kechirish uchun ming bitta asos topsa bo‘ladi. Biz jazolovchi emasmiz. Jazolashni Yaratganga qoldirsak-chi… Axir dunyoni izdan chiqargan, urushlarga olib borgan narsa bandaning Xudo bo‘lishga urinishi emasmi? Biz banda ekanimizni unutib qo‘yganimiz sabab emasmi? Tangriga qoldiraylik, istasa, o‘zi jazo bergay, o‘zi jazolagay.
Bittagina xato sabab Odam Ato bilan Momo Havvoni quvgan bo‘lsa ham, Tangri odamizoddan jannatni olib qo‘ymadi-ku. Jannat eshiklarini batamom yopmadi. Hatto o‘zi yaratgan maxluqot edik, O‘zi yo‘q qilib yuborishi mumkin edi. Imkon berdi-ku! Aslida, Alloh bandalari xatosini anglasin, xato qilmaslikni o‘rgansin uchun yerga yubormaganmidi?
B.SAYFIYEV tayyorladi.