Luqma
Bu olamda hamma sotuvchi va xaridor maqomida yashaydi: muallim bilim sotadi, do‘xtir shifo, dehqon urug‘, novvoy non va hokazo. Foyda ko‘rilgan joyda esa marketing ham ishlamasa bo‘lmaydi, ya’ni ko‘proq xaridor jalb etish ko‘yida hamma o‘z xizmatini, ishi yoki mahsulotini zo‘r deb maqtashga, ko‘rsatishga intiladi. Buning yomon jihati yo‘q. Ammo buning-da chegarasi bor: aslida aytilgan qiymatga teng kelmaydigan, nomi ulug‘, suprasi quruq e’lonu targ‘iblar odamlarni chalg‘itadi, arzimaydigan matohni sotib olishga, jaydari tilda aytganda, puliga kuyib qolishiga sabab bo‘ladi.
E’tibor bergandirsiz, keyingi yillarda turfa markazlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bolalab ketdi. Gap o‘quv markazlari haqida emas, bu haqda alohida so‘z yuritamiz. Hozir un markazi, yog‘ markazi, go‘sht markazi, osh markazi, somsa markazi, tandir markazi, kostyum-shim markazi, noutbuk markazi-yu telefon markazi kabi savdo nuqtalari haqida so‘z yuritmoqchimiz.
To‘g‘ri, avval chindan ham markaz desa degulik nuqtalar bor edi. Deylik, noutbuk sotib olmoqchisiz, istalgan narx va rusumdagi, xohlagan o‘lcham va rangdagi mahsulotni shu yerdan topa olardingiz, boshqa joydan izlab yurishga hojat yo‘q edi (bunday shoxobchalar hozir ham topiladi, ammo turfa «markaz»lar aro adashmay izlab topish kerak). Ularning chinakam markaz ekani va savdo ham yaxshi yurayotganini ko‘rgan olg‘ir tujjorlar havoyi nafsi yo‘lida xizmat sifatini yaxshilash, mahsulot turini ko‘paytirish o‘rniga quruq «markaz» degan nomga urg‘u berishayotgani ajablanarli.
O‘ylab ko‘ring: g‘aribgina, oqlanmagan-ko‘klanmagan bino, mayishib ketgan stol-stul, xira yongan chiroq, yag‘ir dasturxon, qiyshiq-miyshiq qoshig‘u vilka, kirish peshtoqiga esa xo‘tikday harflar bilan «OSH MARKAZI» deb yozib qo‘yilgan. Kulasizmi, kuyasizmi?
Yoki egningizga kiyim olmoqchi bo‘lib, «kostyum-shim markazi»ga bordingiz. Ko‘zga yaxshi ko‘ringanining o‘lchami tushmaydi, o‘lchami tushganining rangi yoqmaydi, ma’qul tushganining narxini cho‘ntak ko‘tarmaydi, cho‘ntak ko‘targani esa havo o‘tkazmaydi. Xullas, bo‘g‘ilib, hafsalangiz pir bo‘lib chiqasiz. Sizga ma’qul kiyim topilmasa, uning «markaz»ligi qayerda qoldi?!
Yo‘l yoqasida profildan ayvon tiklab, ishlatib tashlab yuborilgan banner bilan o‘rab, loyshuvoq tandirda 3 ming so‘mlik somsa sotilayotgan joyga «Somsa markazi» deb yozib qo‘yishlarini qanday tushunsa bo‘ladi? Ular bo‘z ko‘ylakka tilla tugma taqishga urinayotganlarini, ongli odamlar nazarida kulgi bo‘lishayotganini sezishadimi-yo‘qmi? Qarshi shahrining shundoqqina biqindagi ana shunday ayvon-somsaxonalardan biriga «MIRAVOY SOMSA MARKAZI» deb e’lon yopishtirishibdi. Biz buyoqda «Ular markaz deb atalishga noloyiq, tinchgina «somsaxona» deb atayversin, kulbani saroy, vayronani obod joy deb tiqishtirmasin» deb jon koyitib yursak, buyoqda «jahon somsa markazi» avjida ekan…
Xo‘sh, o‘sha «miravoy markaz» qanday ekan dersiz? Boya aytganimizday, profildan tiklangan ayvon, loyshuvoq tandir, 3 ming so‘mlik somsa (buyoqda go‘shtning kilosi 130-140 ming, bular nimadan foyda ko‘rayotgan ekan, degan savol ham ko‘ndalang!), ertalabdan negadir boshi yerga bukilgan ikki-uch mijoz; «markaz» ham uch kun ishlasa, to‘rt kun yopiq…
Bunisini qo‘yaturing: «nos markazi»ga nima deysiz?!
Shunchaki, o‘ylab ko‘raylik: bunday joylar markaz deb atalishga qanchalik loyiq? Aniqrog‘i, qanchalik haqli?
Avvalo, bunday e’lonlar reklama sirasiga kirish-kirmasligini aniqlashtirib olaylik. Qonunga muvofiq, reklama deganda, mazmuni O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan reklamadan foydalanuvchilarga qaratilgan va reklama obyektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uni bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot tushuniladi. Biz aytgan boyagi nuqtalarda mahsulot e’tiborni jalb etishi uchun bannerga yoki boshqa narsaga «markaz» deb bitib qo‘yishibdimi, demak, bunday e’lonlarni reklama sirasiga kiritsa bo‘ladi.
Aslida reklamaning qonuniy talablari ko‘p va bu talablarni g‘arib shoxobchalarga nisbatan tatbiq etishning o‘zi noqulay, ehtimol imkonsiz. Ammo «Reklama to‘g‘risida»gi qonun 16-moddasiga qarasak, nomaqbul reklamaga yo‘l qo‘yilmasligi, xaridorni chalg‘itishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida qaydlar borligini unutmaslik zarur.
Go‘sht sotiladimi, go‘sht do‘koni, ovqat pishiriladimi, tamaddixona, ko‘ylak sotiladimi, kiyim do‘koni deb yozib qo‘yaverish kerak, vassalom. «Markaz» deb o‘zlarini ulug‘lashga, yo‘qni bor deb ko‘rsatishga, yaltiragan shishani tilla deb bejashga aslo hojat yo‘q. «Birgina markaz deb yozganga shuncha g‘avg‘omi, nima, osmon uzilib yerga tusharmidi» deydiganlar ham o‘zicha haq. Ular so‘zning qiymatini, bahosini bilishmas, ammo biz bilamiz. Bilganimiz uchun aytamiz. Qolaversa, shuni aytish burchimiz ham…
YO‘LOVCHI
