Qashqadaryo gazetasi Olam Bozorda sotuvchilar “katta” milliarderni tanishmadi
Olam

Bozorda sotuvchilar “katta” milliarderni tanishmadi

Nvidia kompaniyasi prezidenti Jensen Xuang Shanxaydagi bozorga borib, mevalar xarid qildi va sotuvchilarga ichiga pul solingan qizil konvertlar tarqatdi. Bu haqda South China Morning Post manbasi xabar tarqatgan.

Jurnalistlarning aniqlashicha, Forbes talqiniga ko‘ra dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatida dastlabki o‘ntalikka kiruvchi milliarder darhol xaridlarni amalga oshirishga kirishgan – bozorga kiraverishdagi do‘kondan umumiy qiymati 65 yuan (114 797 so‘m)ga teng shakarlangan do‘lana va qovurilgan kashtan sotib olgan. Tadbirkorga uning yordamchisi hamrohlik qilgan va to‘lovlarni QR kod orqali amalga oshirgan.

Shundan so‘ng Jensen Xuang do‘kon xo‘jayiniga ichida 600 yuan (1 059 666 so‘m) bo‘lgan konvertni topshirgan. Xitoyda Yangi yilda pul solingan qizil konvert sovg‘a qilish an’ana bo‘lgan.

 «Men avvaliga tanimadim. Uning atrofiga ko‘plab odamlar yig‘ilib, birga suratga tusha boshlashgach, u Jensen Xuang ekanini bildim», degan sotuvchi.

Keyin biznesmen yana bir qancha do‘konlarga kirib, biridan 2,2 ming yuan (3 885 442 so‘m)lik apelsin xarid qilgan.

Nvidia – Amerika texnologik kompaniyasi bo‘lib, grafik protsessorlar, yarim o‘tkazgichlar va amaliy dasturlash     interfeyslarini ishlab chiqaradi.

Exit mobile version