Qashqadaryo gazetasi Jamiyat BURCH, JASORAT, MATONAT!
Jamiyat

BURCH, JASORAT, MATONAT!

Shavkat MIRZIYOYEV:

Hozirgi murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalash, diyorimizdagi tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo ahillik va totuvlikni asrash yo‘lida qahramon ota-bobolarimizning Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘rsatgan sabot va matonati biz uchun hamisha ibrat maktabi, kuch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

9–may – Xotira va qadrlash kuni

9-may – Xotira va qadrlash kuni: Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashlarda halok bo‘lgan ota-bobolarimiz, istiqlol davrida Vatanimiz mustaqilligini himoya qilish yo‘lida jon fido etgan mard o‘g‘lonlarimiz xotirasini yod etamiz. Shuningdek, bugun oramizda  sog‘-salomat hayot kechirayotgan urush va mehnat faxriylariga, fidoyi vatandoshlarimizga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatiladi.

Avvalo bu an’ananing zamirida inson qadrini ulug‘lash, insoniylikning yuksak ifodasi mujassam. Qolaversa, ana shunday yurt, el ardoqlagan  fidoyilarning shonli hayot yo‘li va ibratli mehnat faoliyati xalqimizning bebaho ma’naviy boyligiga aylanib, yosh avlodni vatanparvarlik, jasorat va matonat ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tamoqda.

Ikkinchi jahon urushi, oradan ko‘p yillar o‘tsada, insoniyat tarixidagi eng dahshatli va qonli qirg‘inlardan biri sifatida abadiy yodda qoladi. Unda 60-70 million nafar inson halok bo‘lgani, millionlab odamlarning taqdiri izdan chiqqanini tarix hech qachon unutmaydi. Bu og‘ir sinov O‘zbekiston xalqi uchun ham katta yo‘qotishlar bilan kechdi: qariyb 2 millionga yaqin yurtdoshimiz frontga safarbar etildi, ularning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘ldi, minglab insonlar bedarak yo‘qoldi, sanoqsiz oilalar boshiga qayg‘u-g‘am tushdi.

Shu bilan birga, xalqimizning front ortidagi fidokorona mehnati ham g‘alabani yaqinlashtirishda beqiyos ahamiyat kasb etdi. Qisqa vaqt ichida O‘zbekiston frontning ishonchli ta’minot bazasiga aylandi. Respublikaga yuzlab sanoat korxonalari ko‘chirib kelinib, ishlab chiqarish quvvatlari safarbar etildi, qishloq xo‘jaligi to‘liq front ehtiyojlariga yo‘naltirildi. Ayollar, keksalar va hatto bolalar ham «Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – g‘alaba uchun!» degan shior ostida jonini jabborga berib ishladi, yuksak matonat va sabr-bardosh namunasini namoyon etdilar.

Bugungi tinch va osuda hayotimiz ana shu ulkan jasorat va beqiyos qurbonliklar evaziga qo‘lga kiritilganini chuqur anglash har birimiz uchun muhim ahamiyatga ega. Shu bois mamlakatimizda urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Jumladan, faxriylarning ijtimoiy-iqtisodiy holati atroflicha o‘rganilib, manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida muntazam tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda, patronaj xizmatlari kengaytirilmoqda. Yolg‘iz va nogironligi bo‘lganlarga ijtimoiy xizmatchilar biriktirilib, ularning turmush sharoitini yaxshilash, uy-joylarini ta’mirlash, zarur maishiy texnika vositalari bilan ta’minlash ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, Xotira va qadrlash kuni arafasida faxriylar xonadoniga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olish, samimiy tabriklar yo‘llash, moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish ezgu an’anaga aylangani jamiyatimizda inson qadrining nechog‘lik yuksak ekanini yana bir bor namoyon etadi.

Albatta, faxriylarga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak ehtirom va g‘amxo‘rlik shunchaki ijtimoiy yordam emas, balki xalqimizning o‘z tarixi, o‘z xotirasi va milliy qadriyatlariga bo‘lgan cheksiz hurmatining amaliy ifodasidir. Zero, xotira, izzat, qadrlash bor joyda taraqqiyot bo‘ladi.

Shu ma’noda, urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini ardoqlash, ularning holidan xabar olish, munosib hayot sharoitlarini yaratish nafaqat davlatning, balki har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi. Chunki faxriylar – bu tirik tarix, ularning har biri xalqimizning matonati, jasorati va sabr-toqatining yorqin timsolidir.

Bugun urush qatnashchilari safi ham tobora siyraklashib borayotgani ularni asrab-avaylash, har birini alohida qadrlash mas’uliyatini yanada oshirmoqda. Viloyatimizda hozirda atigi ikki nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining hayot kechirayotgani bu haqiqatni yanada yorqin ifodalaydi. Ulardan biri – Qamashi tumanida istiqomat qilayotgan Ro‘ziboy bobo Sattorov. Asrni ortda qoldirgan  umri davomida urushning og‘ir sinovlarini boshdan kechirgan, Rossiya, Ukraina, Belorussiya va Yevropa hududlaridagi janglarda ishtirok etgan bu inson g‘alabani Germaniya zaminida qarshi olgan. Og‘ir yaralanishiga qaramay, safdoshlaridan orqada qolmagan, g‘alaba yo‘lida yuksak fidoyilik namunasini namoyon etgan.

Urushdan keyin esa u qishloq xo‘jaligida halol mehnat qilib, yurtni tiklash ishlarida faol ishtirok etdi. Uning qalbida uzoq yillar davomida armon bo‘lib kelgan bir orzu – samolyotda parvoz qilish istagi bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibor va g‘amxo‘rligi tufayli o‘tgan yili amalga oshdi. Osmonga ko‘tarilgan onlarda u hayotining eng og‘ir va ayni paytda eng sharafli sahifalarini obdan xotirlab, tinchlikning bebaho ne’mat ekanini yana bir bor chuqur his etdi. Uning «tinchlikni asrang, orzulardan voz kechmang» degan hayotiy da’vati bugungi avlod uchun ibratli saboq bo‘lib yangramoqda.

Shahrisabz shahrida istiqomat qilayotgan   101 yoshli Omon Boboyevning hayot yo‘li ham jasorat va matonat namunasiga to‘la. U urushda ko‘rsatgan qahramonligi, tinchlik davridagi halol va samarali mehnati bilan nafaqat urush qatnashchisi, balki mehnat faxriysi sifatida ham yurtdoshlari hurmati va e’tiboriga sazovor bo‘lgan.

Bugungi kunda ular kabi keksa avlod vakillari nafaqat yuksak ehtiromga erishgan insonlar, balki yoshlar tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega ma’naviy maktab vazifasini ham bajarmoqda. «Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan tarbiyaviy targ‘ibot ishlari ularning boy hayot tajribasini yosh avlodga yetkazish, ularni vatanparvarlik, sadoqat va yuksak mas’uliyat ruhida o‘stirishda muhim o‘rin tutmoqda. Turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar orqali yoshlarga istiqlol qadri, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyati, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati izchil tushuntirilmoqda.

Umuman, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu ishlar yurtimizni yanada ravnaq toptirish, uyg‘oq xotiralar o‘giti hamohangligida kelajak avlodni yuksak ma’naviyatli, vatanparvar va fidoyi insonlar etib tarbiyalashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotir.

Shohista BOZOROVA

Exit mobile version