Amir Temur tavalludining 690 yilligiga
Amir Temur o‘ttiz besh yil davomida ulkan saltanat barpo qilish bilan birga, uning ravnaqi uchun katta bunyodkorlik faoliyatini ham olib bordi, Temuriylar renessansining poydevorini yaratdi.
Sohibqiron amirlik mansabida turib davlatni devon xizmati vositasida boshqargan. Harbiy soha – amirlar, qonunchilik sohalari – qoziliklar va islom dini tartiblari – shayxulislom hukmiga havola etilgan, vaqflarga sadri a’zam mutasaddi edi.
Muntazam kengashlar o‘tkazilardi va muhim masalalar bo‘yicha vaqti-vaqti bilan qurultoylar chaqirilardi. Bunday yig‘inlarda biror-bir masala bo‘yicha ko‘pchilikning fikri albatta inobatga olingan. Masalan, Amir Temur Dashti Qipchoqqa To‘xtamishxon ustiga yurishga otlanganida arkoni davlatning maslahati bilan avval Mo‘g‘ulistonga yurish qiladi. Hindistonga yurishida ham kengash qaroriga amal qilgan.
Amir Temur buyuk saltanat tuzgach, uni hududiy-ma’muriy jihatdan viloyatlar va tumanlarga taqsimlab, idora qilishda suyurg‘ol tizimidan keng foydalandi. Eng yirik hududlarni o‘g‘illariga yoki nevaralariga bo‘lib bergandi. O‘zi egallagan mamlakatlarning ayrimlarini boshqarishni o‘sha joyning o‘z hukmdorlariga qoldirgandi: Dashti Qipchoq va Jo‘chi ulusi (Oltin O‘rda)ni Jo‘chixon avlodiga, Rum mamlakatini Yildirim Boyazid avlodiga, Misr mamlakatini esa Misr sultoniga.
Lashkar o‘nlik tizimiga asoslangan edi: o‘n minglik (tuman), minglik (hazora), besh yuzlik (qo‘shun), o‘nlik (ayl); tarkib jihatdan otliq va piyoda qismlarga bo‘lingan. Harbiy yurishga mukammal salohiyat bilan chiqilgan; lashkar eng oddiy askar uchun zarur narsalardan tortib, to safar va jang chog‘ida ishlatiladigan texnik vositalargacha hamda kerakli oziq-ovqat zaxiralari bilan ta’minlangan. Yurishda ham, jangga kirishilganda ham intizomga qattiq rioya qilingan va uni buzganlar mavjud qonun-qoidalarga ko‘ra jazolangan, hech kimga istisno qilinmagan. Amir Temur hatto Umarshayxning o‘g‘li, ya’ni nabirasi amirzoda Iskandarni gunohi (o‘zboshimchalik bilan Koshg‘ar tomonlarga chopqin qilgani) uchun qonun hukmiga topshirib, oliy devonda so‘roq qildirgani va kaltaklatgani ham tarixchilar tomonidan qayd etilgan.
Amir Temurning jangovar lashkari o‘ziga xos tartibda yetti qismga bo‘lingandi: asosiy qism – markaz (qalb), o‘ng qanot (barong‘or), chap qanot (juvong‘or), qanotlar oldida qo‘shimcha qo‘riqchi qismlar (ilg‘or, ya’ni avangard), ikkala yon tomonda bittadan qo‘riqchi qism (qunbul). Lashkar qismlarini sinovlarda muvaffaqiyatli o‘tgan sadoqatli jasur va tajribali sarkardalar boshqargan. Ular tarkibida Sohibqironning o‘g‘illari va nevaralari ham bor edi.
Cohibqiron Amir Temur ulkan davlat barpo etish bilan birga, uning siyosiy, iqtisodiy va madaniy-ma’naviy salohiyatiga ham katta e’tibor qaratganini ko‘ramiz. U nafaqat Movarounnahrda, balki butun davlati hududida obodonchilik ishlarini amalga oshirgan. Ko‘plab katta va kichik shaharlar, qo‘rg‘onlar, karvonsaroylar, bozorlar, rabotlar, yangi sug‘orish tarmoqlari yaratib, ekinzorlarni kengaytirish, bog‘-rog‘lar barpo qilish, masjidlar, xonaqohlar, yaqinlari va ulug‘ shaxslar qabrlari ustiga qurilgan maqbaralar Sohibqirondan tarix zarvaraqlarida qolgan yodgorliklardir.
Hofizi Abruning yozishicha, Sohibqironning bunyodkorlik faoliyatiga ergashib boshqalar ham bu ishga o‘z hissalarini qo‘shganlar: «Amirlar, arkoni davlat, oqolar va farzandlar onhazratga ergashib har biri ul diyorda madrasalar, masjidlar va xonaqohlardan iborat o‘z binolarini qurdilar hamda ular uchun obod yerlar va ko‘chmas mulklarni vaqf qilib, olimlar, zohidlar va obidlarga maosh belgiladilar». Temuriylar davrida imoratlar, ayniqsa, ko‘shklar, aksari ikki (ba’zan uch) qavatli bo‘lgani sababli, mavjud sinchli qilib, loydan qurish an’anasidan farqli o‘laroq, pishiq g‘ishtdan ham qurilganini Hofizi Abru alohida ta’kidlaydi.
«Shahar bog‘lar va uzumzorlar bilan o‘ralgan, ular ba’zi joylarda bir ikki liga (5-10 kilometr) masofagacha yastangan. Shahardan ko‘ra, uning devori tashqarisida aholi ko‘proq joylashgan. Shahar atrofidagi bog‘larda hashamatli saroylar qurilgan, ularning bir qismi Amir Temurga tegishli; undan tashqari, bu bog‘larda shahar zodagonlarining ham o‘z ko‘shk-saroylari bor», deb yozadi Klavixo. Bir qism shaharlar Buyuk Ipak yo‘li va uning tarmoqlari ustida joylashgan edi.
Tabiiyki, eng katta obodonchilik ishlari Amir Temur davlatining poytaxti Samarqand shahri va atroflariga to‘g‘ri keladi va bunda shaharning qulay geografik o‘rni, tabiati, xo‘jalik rivoji uchun shart-sharoiti muhim o‘rin egallagan.
Amir Temurning obodonchilik ishlari qatorida, ayniqsa, o‘tganlar ruhini shod etib qurdirgan maqbaralari alohida e’tiborga molik. Ulardan ba’zilari bizning davrimizgacha saqlangan.
Samarqandda – Shohi Zinda yodgorligida, Qusam ibn Abbos me’moriy majmuidagi Amir Temurning opasi Qutlug‘ Turkon oqa, singlisi Shirinbeka oqa, malikalar O‘ljoy Turkon oqa va Tuman oqa maqbaralari, Go‘ri Amir, Ruhobod (shayx Burhoniddin Sog‘arjiy maqbarasi), Shahrisabzda – Dor ut-tilovat me’moriy majmuasi (shayx Shamsiddin Kulol qabri ustiga tiklangan gumbazli maqbara; 1374-yili Amir Temur uning yoniga yangi maqbara qurdirib, otasi Amir Tarag‘ayning qabrini ham shu yerga ko‘chirtirdi, qabriston, Jome’ masjidi), undan sharqda ikkinchi me’moriy majmua – Dor us-siyodat, shaharning janubi-sharqiy qismida Hazrati Imom maqbarasi va boshqalar; Buxoroda – Sayfiddin Boxarziy va Bayonqulixon maqbaralari; Turkistonda – xoja Ahmad Yassaviy xonaqoh-maqbarasi Amir Temur bunyodkorligining o‘ziga xos namunasi sanaladi.
Klavixo «Kundaligi»da Kesh oqar suvlar, o‘tloqlar, bog‘-rog‘lar, ekinzorlar, gavjum qishloqlar o‘ramidagi obod katta shahar ekanligi, uning qo‘rg‘on devori (uzunligi taxminan 5 kilometr), minoralari hamda chuqur xandaqi borligi, shahar darvozalari oldida xandaq ustiga ko‘tarma ko‘priklar qurilgani aytilgan.
Lekin eng muhimi, Kesh shahrida Amir Temur farmoni asosida barpo etilgan turli imoratlar, ayniqsa, Oqsaroy majmuasi tafsiloti bo‘lib, ular o‘sha davr boshqa manbalarida uchramaydi. Oqsaroy majmuasi haqida Klavixo: «Bu qasr (Temurbek) shu paytgacha barpo etgan imoratlar ichida eng muhtashamidir», deb to‘g‘ri qayd etgan. Zahiriddin Bobur: «Muncha oliy toq olamda kam nishon berurlar. Derlarkim, Kisro toqidin bu buyukroqdir», degan edi bu haqda.
Klavixo Keshdagi 20 yil davomida qurilgan ko‘shklarning hashamatiga baho berar ekan, Parijning mohir ustalari ham bu ziynatlarni ko‘rganda hayratga tushishini ta’kidlab o‘tadi.
Aytish lozimki, Amir Temurning bunyodkorlik faoliyati faqat qurilish ishlari bilan cheklangan emas, ayni paytda u ilm-fan va madaniyat rivoji, avlod barkamolligiga ham katta e’tibor berdi. Ayniqsa, ilm ahlini yuksak qadrlardi. Sohibqironning o‘zi ham ilmning bir qancha sohalaridan yaxshi xabardor edi. Tarixchi Hofizi Abruning «Zubdat at-tavorix» asarida yozilishicha, Amir Temur bolaligidayoq tengqurlari orasida zehni o‘tkirligi va saboqni yaxshi o‘zlashtirishi bilan ajralib turgan. U keyinchalik ham bilimini oshirib borgan.
Ilm ahlining turli vakillari, ayniqsa, tarixchilar, tibbiyot va nujum sohalari bilimdonlari (tarixchi Hofizi Abru, diplomatlar Shamsiddin Olmolig‘iy va mavlono Abdulloh al-Keshiy, munajjim Abdulloh Lison, tabib mavlono Fazlulloh Tabriziy va boshqalar) Sohibqironga safarlarda hamrohlik qilganlar. Amir Temur tarix fanini, ayniqsa, xalqlar, elatlar tarixini juda yaxshi bilgan, o‘zi muntazam tashkil qilib turgan ilmiy majlislardagi munozaralarda faol qatnashgan. Hofizi Abru ta’kidlashicha, bunday ilmiy bahslarda Sohibqiron o‘zini juda oddiy tutarkan va shu darajada kirishib ketarkanki, davradagilar uning hukmdor ekanligini ham unutib qo‘yarkanlar. Arab tarixchi olimi Ibn Xaldun ham Damashq ostonasida Sohibqiron bilan uchrashib suhbatlashganida, uning bilim doirasining kengligiga tahsin aytgandi.
Amir Temur o‘z avlodlarining ham ilmda barkamol bo‘lmoqlari uchun har tomonlama harakat qilgan. O‘sha davrda yosh avlodning tahsili uchun bir qancha shaharlarda madrasalar qurilgan. Samarqandda Saroymulk xonim tomonidan barpo etilgan madrasa eng muhtasham edi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiy uning nomini «Saroymulk xonim madrasasi» shaklida qayd etgan. Yuksak e’tibor natijasi o‘laroq, temuriylardan mashhur olimlar, xattotlar, shoirlar yetishib chiqdi va ular tarixda yaxshi ma’lum.
Sohibqiron saltanatida fanning turli yo‘nalishlari bilan bir qatorda amaliy san’at, xattotlik, kitobat, adabiyot, musiqa kabi sohalar ham rivojlandi. Amir Temur o‘z saltanatidagi barcha xalq-elatlarning madaniyati, san’ati rivojiga ham e’tibor bergan. Yetti yillik yurishdan so‘ng Sohibqiron farmoni bilan Samarqandning Konigil o‘langida katta to‘y o‘tkazilgan va unda har xil elat vakillari o‘zlarining san’atlarini namoyish etganlar.
«Olamning turli taraflaridan yig‘ilgan, tillari va kiyimlari bir-birlaridan farqli har qaysi mamlakat sozandalari, har bir iqlimning san’at ahllari-yu hunar sohiblari guruh-guruh bo‘lishib, har diyorning o‘zida rasm va odat qilingan zeb-ziynat buyumlari, taqinchoqlari, kiyim-kechak va matolari bilan yasanib, o‘zlariga oro berdilar. Xushnag‘ma sozandalar va xushovoz xonandalar fors tariqasida, ajam tartibida, arab qoidasida, turk yo‘sunida, mo‘g‘ul ayolg‘usida, xitoy rusumida, altoy uslubida soz chalmoq, ashula aytmoq va ohang bog‘lamoq ila mashg‘ul edilar», deb yozgandi Hofizi Abru bu haqda. Mubolag‘a bo‘lmasa, Sohibqiron o‘tkazgan mazkur tadbirni jahon xalqlarining o‘ziga xos san’at festivali deyish mumkin.
Xattotlik san’atiga Amir Temur alohida e’tibor qaratgan va o‘sha davrdan saqlanib qolgan qo‘lyozma asarlar, imoratlar peshtoqlari hamda devorlari, qabrtoshlardagi bitiklardan o‘rin olgan chiroyli katibalar buning yorqin misolidir.
Sohibqironning turli hukmdorlarga yo‘llagan maktublari ham mohir xattotlar tomonidan yozilardi (husnixatda dong taratgan mavlono Shayx Muhammad tomonidan yozilib, Misr podshosiga yo‘llangan maktub shu jumladan).
Qo‘lyozma kitoblar yaratishda keng ommalashgan nasta’liq xat turi ham Amir Temur saltanatida Mir Ali ibn Hasan as-Sultoniy Tabriziy tomonidan yaratilgandi. Betakror husnixat sohiblari Sohibqironning avlodlari orasida ham bo‘lgan: nevaralari – Muhammad Sulton, Mirzo Boysung‘ur, Ibrohim Sulton; podshoh Zahiriddin Bobur esa yangi xat turi – xatti boburiyni yaratdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Amir Temur tarixda o‘chmas iz qoldirgan yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi, hozirgi vaqtda jahon madaniyatida e’tirof etiladigan Temuriylar renessansi asoschisi edi.
Omonullo BO‘RIYEV,
tarix fanlari doktori