Saralangan satrlar
Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy dunyo adabiyoti xazinasiga “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, “Iblislar”, “Aka-uka Karamazovlar”, “Xo‘rlangan va haqoratlanganlar”, “Kambag‘allar”, “O‘smir”, “O‘lik uydan maktublar” kabi bebaho asarlarni taqdim etgan buyuk adibdir. U birinchi romani – “Kambag‘allar”ni yozganda, Gogol o‘qib chiqib, Belinskiyga bergan va buyuk tanqidchi “Rus adabiyotida daho paydo bo‘ldi” deya e’tirof etgandi.
Yurtimizning taniqli noshirlaridan Sanjar Nazar Dostoyevskiy ijodiga “Dunyoning qo‘ng‘irrang tasviri” deya ta’rif berdi. Darhaqiqat, Dostoyevskiyning barcha asarlarida inson ruhiyatining qorong‘i puchmoqlariga, ifoda va oshkor etilmagan tuyg‘ular olamiga sayr qilinadi. Qolaversa, yozuvchi shizofreniya, tutqanoq kasalliklari bilan og‘rigan, ham deyishadi – buyam bitiklarga ta’sirini o‘tkazmasdan qolmagan.
Yaqinda mashhur tarjimon Ibrohim G‘afurov o‘zbek tiliga o‘girgan “Ayrilmas er” esa Dostoyevskiyning o‘ziga xos qissalaridan biri sanaladi. Xotini o‘lib, uning dafn marosimidan qaytgan er rafiqasining qimmatbaho qutichasidan jazmanlariga yozgan xatlarini topib oladi. Jazmanlar esa u hurmat qilgan, ishongan, hatto e’tiqod qo‘ygan kishilar, ular nega xiyonatga qo‘l urdi, shulargaki, ishonib bo‘lmasa, bu olamda kimga ishonish kerak – shu savollarga javob topish istagida er Peterburgga keladi, uzoq vaqt davomida alamzadalik, xo‘rlik va xorlikda yashab, o‘zi uchun javob izlaydi. Ayrilmas er – nomiga er, hujjat bo‘yicha er degani. Qolgan kinoya va kulgini asar to‘la mutolaasidan keyin topasiz.
Dostoyevskiyning yana bir o‘ziga xos uslubi – ayanchli vaziyatlarni bolalar holatidan kelib chiqib tasvirlaydi va aniq nishonga uradi: manazara kitobxon qalbida o‘chmas va ayovsiz iz qoldiradi.
Teran badiiy psixologik yo‘nalishdagi ushbu asarni bir nafasda o‘qiysiz – taassurotlar esa ancha vaqtgacha sizni tark etmaydi.
* * *
U ongi va vijdoniga ko‘ra, o‘zicha ustidan hech bir (o‘zi ham bunga hayron) kulib bo‘lmaydigan sabablarni “yuksak” deb atardi, – shu vaqtgacha bundayi sira bo‘lmagandi, – albatta, bu faqat o‘zining nazarida, jamiyatda esa butunlay boshqacha! U juda yaxshi bilardiki, agar sharoit to‘g‘ri kelib qolsa – u ertasigayoq vijdonining barcha sirli va ezgu hukmlariga qaramasdan, ovozini baralla qo‘yib, mana shu barcha “yuksak” sabablardan bemalol voz kechib yuborar va o‘zi birinchi bo‘lib ularni kulgi qilardi, albatta, bunda hech qachon hech narsani tan olmaydi; bu haqiqatan shunday edi, oxirgi paytlarda o‘ziga ilgari egalik qilgan “past” sabablardan tortib olingan fikriy mustaqillikning ayrim, hatto ancha-muncha salmoqli ulushiga qaramay, shunday edi.
* * *
Tun chog‘lari uyqusizlikda bo‘ladigan o‘zgarishlar va hatto fikr-u xayollar, so‘zlarning evrilishlari umuman odamlar orasida, ko‘pincha, “qattiq fikrlaydigan va qattiq his qiladiganlar” orasida ko‘p tarqalgan hol; ba’zan butun hayot e’tiqodlari uyqu qochgan kezlarda va tunning xayolotiy ta’sirlarida kutilmaganda o‘zgarib ketgan, birdaniga hech narsadan hech narsa yo‘q mash’um qarorlar qabul qilingan, lekin albatta, hammasi ma’lum bir chegaragacha – va mabodo shaxs mana shu evrilishni o‘zida, ayniqsa, qattiq his qilsa, ish azob-uqubatga qarab borsa, unda shak-shubhasiz, bu kasallik boshlanganidan darak beradi, demak, darhol chorasini ko‘rmoq kerak. Eng yaxshisi, hayot kechirish tarzini keskin o‘zgartirish, parhezga o‘tish yo hatto sayohatga jazm etmoq zarur. Eng foydalisi, ko‘ngilni xotirjam qilish.
* * *
Hayot yo‘llarini bosib o‘tgan har qanday odamda o‘ziga xos xotiralar bo‘ladi.
* * *
“Ahmoqona bir tarzda qirqqa kirib qolganimga qaramay, o‘zimda zarracha mustaqillikning asarini sezmayman. Holbuki, ko‘z yoshlarimni daryo qilib, tinmay afsuslanaman”.
* * *
Bu yer chang-to‘zon, dim, bu uyning hamma yog‘i iflos; men sang‘ib yurgan bu mahkamalarda, manavi barcha korchalonlar orasida sariq chaqaga arzimaydigan bordi-keldilar, qalang‘i-qasang‘i yugur-yugurlar; shaharda qolgan aholi bari shunaqa: ertalabdan kechgacha u yoqdan-bu yoqqa g‘imirlab, lipillab o‘tadigan bu basharalar shunaqa: xudbinliklari peshonalariga yozib qo‘yilgan, butun jaydari to‘poriliklari, kilkillab turgan qo‘rqoq yuraklari, tovuqqa o‘xshab mo‘ltayib turishlari, – vahima kasaliga mubtalo bo‘lganlar uchun bu yerni jannat desa bo‘ladi, bu juda jiddiy gap!
* * *
Shunday aft-u basharalar borki, ularni ko‘rganda hech qanday vaj-karsonsiz nafrating qo‘ziydi.
* * *
Go‘yo qandaydir o‘zi ma’lum-u, lekin unutilgan so‘z kabi jon-jahding bilan eslashga urinasan, uni juda yaxshi bilaman, deysan – uning nima ma’no anglatishini ham yaxshi bilaman, deysan, atrof-tevaragida aylanib yurasan, shundoqqina tilingni uchginasida turadi; ammo o‘la qolsa esingga kelmaydi, qancha urinma, foydasi yo‘q!
* * *
Odamning boshiga nimalar tushmaydi. Yo‘q joydan burga kelib tepadi!
* * *
U shunday bir jirttaki holatda ediki, bunday paytda eng bosiq odamlar ham ba’zan ortiqcha gaplarni aytib yuborishadi.
* * *
Bunday ayollarga mos erkaklar toifasi ham mavjud; ularning birdan-bir vazifasi ayni shunaqa xotinlarga qobili loyiq bo‘lish. Uning fikricha, bunday erkaklarning mohiyati, nima deyilsa to‘g‘riroq bo‘larkin, mana shunaqa xotinlarga “ayrilmas er” bo‘lishda, boshqacharoq aytganda, hayotda faqat shunday er bo‘lmoq va boshqa hech narsa. “Bunday odam faqat xotin olish uchun tug‘ilib voyaga yetadi, uylangandan keyin esa bir yumalab xotinining quliga aylanadi, o‘zining yetilgan, komil fe’l-atvori borligidan qat’i nazar. Bunday erning asosiy xususiyati bitta: uning shoxi chiqadi. Buning o‘zgacha iloji yo‘q, quyoshning xislati nur sochish, ammo buni uning o‘zi hech qachon bilmaydi, tabiat qonuniyatlari bo‘yicha buni hech qachon bilolmaydi”.
* * *
Bir donishmand aytgan ekan: “Dushman o‘lsa yaxshi, ammo tirigi undan ham yaxshi”.
* * *
Odamlarning gap-so‘zlariga qaraganda, bir komissar emishmi-ey, kecha qo‘noqdan bir xona olibmish, ertalab esa o‘zini osib qo‘yibmish. Sababi, pullarini yeb qo‘yibmish – tumonat odam yig‘ildi. Pavel Pavlovichning o‘zi uyida yo‘q edi. Qizcha o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, bir qarasam, yo‘lakda odamlar orasida ko‘rdim, o‘zini osib qo‘ygan odamga g‘alati-g‘alati qilib mo‘ralab qaraydi deng. Men uni darrov bu yerga olib keldim. Nima gap deng, qalt-qalt titraydi, rangida rang qolmabdi, shunday qorayib ketibdi, olib kelishim bilan gurs etib yerga quladi, tipirchilab yotdi, keyin bazo‘r ko‘zini ochdi. Hushidan ketadigan odati bor ekanmi, nima balo, kasal bo‘lib yotib qoldi. Otasi xabar topib yetib keldi, hamma yog‘ini paypaslab tekshirib chiqdi, teginmaydi-da nuqul paypaslaydi deng, keyin mayxo‘rlikka o‘tirdi, bola bechorani qo‘rqitadi: “Men ham, deydi, o‘zimni osaman, sen tufayli osaman”. Yana qizchasi oldida sirtmoq yasayapti. Qizcha esa hushini yo‘qotib, dod deydi. Qo‘lchalari bilan uni mahkam quchoqlab olgan, “Boshqa qilmayman, – deydi, hech qachon qilmayman”. Achinasan kishi!
* * *
Qayg‘u-g‘amdan keyin quvonch ham keladi, hayotda doim shunday.
* * *
Odamlar o‘rtasida qandaydir yuksak bir narsa saqlanadi, menimcha, u shunday saqlanishi ham kerak, nima dedingiz? Barcha shart-sharoitlar-u kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli-tuman noxushliklardan ham nisbatan yuqori turadigan yuksaklikni aytayotirman…
* * *
Tush qo‘rqinchli, Xudo mehribon.
* * *
Xudo duoni, podsho xizmatni unutmaydi.
* * *
Buyuk fikrlar nafaqat buyuk aqldan, shu bilan birga, buyuk hissiyotdan tug‘iladi.
* * *
Eng tabiiy bo‘lgan narsalarni bu darajada tushunmaslik – eng oddiy hissiyotlar va tushunchalarni buzib talqin qilishdan tug‘iladi, birinchidan, uzoq bema’ni hayot kechirishdan, ikkinchidan esa uzoq bekorchilikdan.
* * *
Nimagadir ertangi kun unga hal qiluvchi va tubdan o‘zgarish yasovchi kun bo‘lib tuyuladi.
* * *
Eng avbosh-tasqara bu – hissiyotlari olijanob avbosh-tasqaradir. Tabiat avbosh uchun mushfiq ona emas, balki o‘gay onadir. Tabiat avbosh-tasqarani tug‘adi, lekin unga rahm qilish, uni erkalash o‘rniga ayovsiz qatl etadi. Bag‘irdoshliklar-u kechirimli ko‘z yoshlar bizning zamonamizda hatto yaxshi odamlarga oson tushmaydi, siz bilan bizga o‘xshaganlarga , e-ha, yo‘l bo‘lsin…
* * *
Grajdan bo‘lish – kibor jamiyatidan yaxshi. Aytmoqchi bo‘lgan gapim – bizning Rossiyamizda kimni hurmat qilishni bilmaysan. Bu asrning eng og‘ir kasali, kimni hurmat qilishni bilmaysan – to‘g‘rimi?
B.SAYFIYEV tayyorladi.