Qashqadaryo gazetasi Olam Chivinlarga qarshi “havo mudofaa tizimi”
Olam

Chivinlarga qarshi “havo mudofaa tizimi”

Xitoyning Photon Matrix Lab kompaniyasi chivinlarni sun’iy intellekt yordamida aniqlash va yo‘q qilishga mo‘ljallangan portativ lazerli qurilmalarni ishlab chiqarish uchun Indiegogo kraudfanding platformasi orqali qariyb 2,7 million dollar mablag‘ jalb qildi. Yig‘ilgan mablag‘ dastlabki ko‘zlangan maqsad – 20 ming dollarlik miqdordan bir necha barobar yuqori bo‘ldi. Bu haqda Southern China Morning Post manbasi xabar bergan.

Chanchjou shahridagi startap tomonidan tayyorlangan qurilma sun’iy intellekt algoritmlari, lidar, millimetrli to‘lqinli radar hamda sanoat lazeri asosida ishlab, uchib yurgan chivinlarni avtomatik tarzda aniqlaydi va yo‘q qiladi.

Loyihani 50 dan ortiq mamlakatdan 4 mingdan ziyod Indiegogo foydalanuvchisi qo‘llab-quvvatlagan. O‘rtacha kiritilgan ulush miqdori taxminan 630 dollarni tashkil etgan. Bu esa qurilmaning bitta nusxasi narxiga teng bo‘lib, homiylar uni ommaviy ishlab chiqarish boshlangach qabul qilib oladi.

Avvalroq kompaniya xaridorlar tomonidan katta qiziqish bildirilgan qurilmani yetkazib berishni yoz boshida boshlashni rejalashtirgan edi. Endi esa seriyali ishlab chiqarish avgust oyiga belgilangan. Dastlabki   bosqichda ishlab chiqarish hajmi har oyda   500-800 ta bo‘lishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, startap muhandislari lidar va millimetrli radardan iborat ko‘p sensorli tizimning avtomatik kalibrovkasini takomillashtirish ustida izlanmoqda. Bu qurilmaning qo‘lda sozlashsiz ham barqaror ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.

Exit mobile version