Islohot odimlari
Mahalla – inson hayotining eng muhim ijtimoiy makoni. Uning obodligi, xavfsizligi va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlangani aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois ham Yangi O‘zbekistonda mahallalarni kompleks rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Qarshi shahrining ilgari og‘ir toifadagi aholi punktlaridan biri sanalgan Cho‘lquvar mahallasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari uni bugun mutlaqo yangicha qiyofaga kiritdi.
Bu manzildagi 66 ta ko‘p qavatli uyda jami 2561 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 7845 nafar aholi istiqomat qiladi. Shuningdek, mahallada 1 ta umumta’lim maktabi, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 128 ta savdo do‘koni, 24 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi hamda yuzlab turli yo‘nalishdagi obyektlar joylashgan.
Mahalladagi o‘zgarishlar avvalo ko‘p qavatli uylarni zamonaviy talablar asosida yangilashdan boshlandi. 25 ta uyning fasadi to‘liq ta’mirlandi. 18 ta uyning podyezdlari tartibga keltirilib, aholi uchun qulay va ozoda muhit yaratildi. 11 ta uyning kanalizatsiya tizimi rekonstruksiya qilindi, yana 11 ta uy oldidagi kirish yo‘laklari betonlashtirildi. 9 ta uydagi framuga oynalar plastik romlarga almashtirildi, 6 ta uyning yerto‘lasi tozalanib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari sozlandi.
Mahallaning tashqi qiyofasi ham tubdan o‘zgardi. 10 ta uy atrofida yangi yashil hududlar barpo qilinib, keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. 9 ta uy oldida umumiy maydoni 2040 kvadrat metr bo‘lgan beton yo‘laklar qurildi. 300 metrlik piyodalar yo‘lagi foydalanishga topshirildi, yana 600 metr yo‘lak qurilishi davom etmoqda. Bu esa aholining tartibli va xavfsiz harakatlanishi uchun yanada qulay sharoit yaratmoqda.
Mahallaning estetik qiyofasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 4 ta ko‘p qavatli uy devoriga milliy qadriyatlar va ezgu g‘oyalarni aks ettiruvchi rasmlar chizildi. Aholi dam olishi uchun shiyponcha (besedka) va o‘rindiqlar o‘rnatildi, bolalar maydonchalari qurildi, 7 ta uy oldiga sug‘orish tarmoqlari yotqizildi. Shu bilan birga, tadbirkorlarga tegishli 13 ta obyektning fasadi zamonaviy ko‘rinishda yangilandi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar mahallaning nafaqat ko‘rinishini, balki ijtimoiy muhitini ham yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Obodonlashtirish ishlari jarayonida eski temir panjaralar va beton qoplamalar demontaj qilinib, ularning o‘rnida zamonaviy landshaft yechimlari yaratildi. Mahallaga kirish qismi ham yashil hududlar bilan bezatildi. Natijada aholi uchun yanada chiroyli va shinam muhit vujudga keldi.
O‘zgarishlar jarayonida aholi xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratildi. Hududga jami 205 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilib, profilaktika inspektori nazorat tizimiga integratsiya qilindi. Ularning 6 tasi Face ID texnologiyasi orqali shaxsni aniqlash, yana 5 tasi esa avtotransport vositalarining davlat raqam belgilarini avtomatik tanib olish imkoniyatiga ega. Bu esa mahallada raqamli xavfsizlik tizimi shakllantirilganini anglatadi.
Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish ham keng ko‘lamda amalga oshirildi. Jumladan, 3 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi, 1 ta yangi transformator punkti va 900 metr elektr kabeli yangilandi. 18 ta ko‘p qavatli uyning ichki elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, kirish yo‘laklariga 700 ta harakat sezgichli shift chirog‘i o‘rnatildi. Hudud bo‘ylab 95 ta quyosh panelli ko‘cha chirog‘ining o‘rnatilishi esa energiya tejamkor va ekologik yondashuvning amaldagi namunasidir.
Mahallada gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham salmoqli ishlar bajarildi. Hududda mavjud 15 ta gaz taqsimlash punktidan 11 tasi mukammal ta’mirlandi. Ma’nan eskirgan 4 ta gaz taqsimlash punkti o‘rniga ikki bosqichli zamonaviy tizim joriy etildi. Shuningdek, 6,4 kilometr gaz quvurlari ta’mirlanib, tartibga keltirildi va bo‘yaldi.
Mahallaning axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash maqsadida aloqa kabellari tizimlashtirildi va bu internet sifati sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qildi. Ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini takomillashtirish doirasida aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan 13 ta suv hovuzi demontaj qilindi. 6 ta ko‘p qavatli uyning ichki suv tarmoqlari tartibga keltirildi, ochiq oqova suv kuzatuv qudug‘lari maxsus qopqoqlar bilan jihozlandi.
Bugun Cho‘lquvar mahallasida kechgan keng qamrovli o‘zgarishlarga nazar tashlar ekanmiz, bu yerda amalga oshirilgan har bir ishda aholining hayot sifatini yaxshilash, mahallada xavfsizlik, qulaylik va farovonlik uchun mustahkam zamin yaratishga bo‘lgan intilishning amaliy ifodasini ko‘ramiz.
Cho‘lquvar endi nafaqat Qarshi shahri, balki Qashqadaryo viloyatida mahallalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha namunaviy hududlardan biriga aylandi. Bu tajriba bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: mahallaga kiritilgan sarmoya, eng avvalo, insonning munosib hayotiga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchiga va jamiyat taraqqiyotiga tikilgan sarmoyadir.
O‘z muxbirimiz