Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Chovqay nima degani?
Jamiyat

Chovqay nima degani?

Shahrisabz tarafdan Qarshi shahriga kirib kelaverishda Chovqay nomli aholi yashash manzili bor. Qashqadaryoning chap qirg‘og‘ida joylashgan ushbu qadimiy qishloq o‘tgan asr 80-yillarida shahar hududiga kiritilgan. E’tiborlisi, Kasbi tumanida ham Chovqay qishlog‘i bor. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz: bu so‘zning ma’nosi nima?

Qashqadaryoga oid

Zahmatkash olim To‘ra Nafasovning qayd etishicha, chovqay – o‘zbek xalqi tarkibiga kirgan urug‘lardan sanaladi. Chovqaylar yaqin o‘tmishda mang‘itlar tarkibida bo‘lgan. Ularning mang‘itlar tarkibiga kirishi XVI-XVIII asrlarda yuz bergan bo‘lib, ayrim tarixiy va etnologik manbalarda «cho‘qay» tarzida qayd qilingan.

Qadimda «chovli» degan o‘zbek urug‘i bo‘lgan. Chovli – lochinning bir turi. Chovqay va chovli bir o‘zakdan kelib chiqqan. So‘z o‘zagi – chov. Shu o‘zakka -li, -qay qo‘shimchalari qo‘shilgan. Bu qo‘shimchalarning ma’nosi va vazifasi bir xil yoki bir-biriga yaqin: – qay qo‘shimchasi qadimiy, -li qo‘shimchasi zamonaviy, so‘nggi davrga mansub. Chov – lochin, burgut singari qushlarning changali, panjasi. O‘tkir va uchli panjali lochin – chovqay, chovli. Lochinning ana shu turi jamoa totemi – topinadigan qushi bo‘lgan. Qush tasviri jamoa tug‘ida bo‘lgan. Totemi va tug‘idagi tasviri asosida urug‘ jamoasi chovqay deb atalgan.

Exit mobile version