Qashqadaryo gazetasi Salomatlik Davlat tibbiy sug‘urtasi aholi uchun qanday qulaylik yaratadi?
Salomatlik

Davlat tibbiy sug‘urtasi aholi uchun qanday qulaylik yaratadi?

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida “Qashqadaryoda tibbiy sug‘urta va reimbursatsiya tizimi: Aholini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash sari qadam” mavzusi doirasida matbuot anjumani va amaliy o‘quv-seminari tashkil etildi.

Unda viloyatdagi tibbiyot muassasalari rahbarlari, soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda  Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi axborot xizmati rahbari Sayyora Shoyeva davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish, bunda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tushuncha berdi.

– Davlat tibbiy sug‘urtasi – bu aholini kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashga qaratilgan davlat dasturidir, – dedi Sayyora Shoyeva. – Ushbu tizim asosida fuqarolarga “Kafolatlangan paket hajm” doirasida shoshilinch yordam, terapevt va boshqa mutaxassislar qabullari, tekshiruvlar, jarrohlik amaliyotlari, dori-darmon bilan ta’minlash va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi. Ya’ni bunda davlat har bir insonning sog‘lig‘ini kafolatli himoya qiladi va tibbiyot tizimini moliyalashtiradi.

Tadbirda “Reimbursatsiya” dasturi haqida ham ma’lumot berildi. Reimbursatsiya – inglizcha so‘z bo‘lib, “xarajatlarni qoplash” ma’nosini anglatadi – bu aholini dori vositalari bilan ta’minlash hisoblanib, alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor tomonidan buyurilgan dori vositalari xarajatlarini maqsadli kompensatsiya qilishni nazarda tutadi.

– Bunda 7 xil kasallik uchun bemorlarga 28 turdagi dori vositalari elektron retsept orqali bepul beriladi, – deydi Sayyora Shoyeva. – Masalan, surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorga shifokor elektron retsept yozadi va jamg‘arma bilan shartnoma qilgan dorixonalarga borishini aytadi. Bemor shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan o‘sha dorixonaga murojaat qiladi va dori vositalarini bepul oladi.

Reimbursatsiya dasturi doirasida 2025-yilning o‘tgan davrida viloyatdagi 242 birlamchi tibbiy muassasasidagi 109 ta dorixona shartnoma asosida biriktirilib, 47 mingdan ortiq bemorga 72 mingdan ortiq retsept yozib berildi. Qoplab berilgan mablag‘ esa 901million so‘mdan oshdi.

Tadbirda  ishtirokchilarga bu tizimni keng targ‘ib qilish, xususan, aholining tibbiy savodxonligini oshirish borasida mahalla, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan javob oldilar.

Shohista BOZOROVA

Exit mobile version