Tomorqachilik
Yerga mehr bergan, uni aldamagan dehqonning biri ikki bo‘lmay qolmaydi. Chin dildan mehnat qilsa, ilmini to‘g‘ri yo‘naltirsa, bir yilda ro‘zg‘orini obod, ko‘nglini shod qiladi.
Qamashi tumanidagi Mayda mahallasida ham ana shunday dehqonlar yer bilan tillashib kelyapti, tomorqasini obod, ro‘zg‘orini to‘kin-sochin qilyapti. Hammasi shu – mehnatning ortidan, dehqonchilikning etagini mahkam tutganidan.
– Hozir odamlar tomorqasiga beda, makka ekmay qo‘ydi, – deydi mahalla raisi Zufar Karomatov. – Hisob-kitob qilib ko‘rsa, dehqonchilikdan ko‘p daromad qilish mumkin ekan. Shuning uchun ham keyingi yillarda bizda sabzavotchilik rivojlandi. Issiqxonalar ko‘paydi. Mahallamizda bugungi kunda 130 dan ortiq issiqxona bor. 4 kishi baliqchilikni yo‘lga qo‘ydi. Pomidor, sabzi, qulupnay yetishtirishga qiziqish ortayapti.
Tomorqadan 300-400 million so‘m daromad qilishning hadisini olgan dehqonlar boshqalarni ham mehnatga o‘rgatyapti. Ayniqsa, qulupnaychilikning tashkil etilishi ko‘pchilikka yangilik bo‘ldi. Hozirda 38 sotix maydonda dehqonchilik qilayotgan Shodiyor Jo‘rayev boshqalarga ham o‘z tajribalarini o‘rgatyapti.
– Qulupnay yetishtirishni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidan o‘rganib kelganman, – deydi dehqon. – Hozir ham ustozimdan maslahat so‘rab turaman. O‘rganishni istaganlarga bilganlarimni aytaman. Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, bu yog‘i Surxondaryo tomonlarda ham shogirdlarim bor. Maqsadim – dehqon ko‘paysin, yer bo‘sh yotmasin, har kimning ham xonadoni obod bo‘lsin. Mehnat qilgan odam rohatini ko‘rsin. Biz ham o‘tgan yilgi hosilning daromadidan 18 kun Turkiyada oilaviy dam olib keldik. O‘sha yerda ham bo‘sh o‘tirmadim. Ularning tadbirkorligi, dehqonchiligi bilan qiziqdim. Nimalarnidir o‘rgandim.
Ayni paytda Shodiyor Jo‘rayevning tomorqasida qulupnayning Italiyadan keltirilgan «Alba», «Kleri», «Murano», Janubiy Koreyada yetishtiriladigan «Solxyang», «Kingsberri» navlari parvarishlanyapti. Hosil allaqachon pishgan. Dehqonning mo‘ljali baland.
Yetti mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Mayda mahallasida chorvachilik, dehqonchilik, tomorqachilik drayver sohalarga aylangan. Yaqin yillarda bunga baliqchilik ham qo‘shildi. Odamlar mehnatning qadrini biladi. Xonadonini obod qilish uchun tinim bilmaydi. Ertaga ana shu mehnatlarining rohatini ko‘rishini yaxshi anglagan. Bu – qadriyat. Mehnatsevarlik farzandlariga o‘tadi. Ularning ham ko‘zi mehnatda qotadi. Yer unga mehr qo‘ygan ana shunday odamlarni sevadi, ularning mehnati uchun mukofotini ortig‘i bilan beradi.
Abdurazzoq MURODOV