Saralangan satrlar
Odatda biror masala ustida ezmalanib, ijikilab so‘rayotgan, so‘z yuritayotgan kishiga “Falsafa to‘qima” deya dashnom beramiz. Aslida falsafa nima o‘zi? U chindan ham ezmalik, gap yo‘g‘ida gapmi? Bu fan nimaga kerak? Falsafiy fikrlarsiz hayot mazmunini, rang-ro‘yini yo‘qotadimi?
Falsafa insonga hayotning ma’no-mazmunini anglash, qanday yashasa, saodatga erishish mumkinligini anglash uchun zarur. Kundalik hayotda esa har narsaga ko‘r-ko‘rona ishonmaslik, ya’ni tanqidiy fikrlash uchun, voqealarga turli nuqtai nazardan qarash – dunyoqarashni kengaytirish uchun, nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanini bilish uchun zarur.
Aslida hammaning o‘z falsafasi bo‘ladi: pul-dunyoga berilganning ham, ilm dengiziga o‘zini otganning ham, nodonning ham, dononing ham, oqilu johilning o‘z qarashlari, haqiqat deb bilgan fikrlari bo‘ladi. Ammo ularning qay biri umuminsoniy ahamiyatga ega, axloqiy qadriyatlarga muvofiq? Hamma gap ana shunda.
Viktor Alimasov degan faylasufni eshitgan chiqarsiz. Olimning ko‘p fikrlari teranligi, o‘ziga xosligi bilan e’tiborga molik. Binobarin, bugun olimning “Odam” kitobidan falsafiy-badiiy termalar jamladik. Ishonamizki, ushbu lavhalar Sizni befarq qoldirmaydi.
* * *
Abadiy borliq. Abadiy o‘tmish va abadiy kelajak. Nimaiki odam aqlidan keng, yiroq, mutlaq mavjud, bari – abadiy. Ammo “abadiy” degan so‘zni milliard nuqtalardan yaratgan odamning o‘zi abadiy emas. Uning qalbida abadiy bo‘lish orzusi yashaydi, xolos.
* * *
Odam Ato va Momo Havo ilk odamlar edi. Ular taqiqlangan mevani yeb jannatdan quvilgan. Ularning nasllari jannatni o‘z qo‘llari bilan qurishga ahd qildilar, ming vahki, mazkur niyatlarini ro‘yobga chiqara olmadilar. Odamda jannatda yashash istagi, niyati aslo so‘nmagan.
* * *
Aldoqchilik ham kasb, lekin unga millionlab kishilarning ishonishiga izoh topolmayman. Demak, odam qalbida aldash va aldanishga moyillik mavjud.
* * *
O‘taketgan qaysarlik qaysarni qayiradi. Shu bois hayot murosaga qurilgan.
* * *
Omad tilagan omad topar, biroq omad quruq tilak bilan topilavermaydi.
* * *
Hayotga qanchalik jiddiy qaraganing sayin undan shunchalik ko‘p qusur topasan. Hatto, eng yaqin odamlaring ham serqusur ko‘rinadi. Baxtli yashamoqchimisan – hayotga jiddiy qarama, u ham qismatingga bitilgan bir o‘yin-da!
* * *
U har bilimliga bir tanga, deb topgan pullarini tarqatib yurar, puli qolmaganida do‘ppisini olib, egilib ta’zim qilardi. Hozir bilimlilar ko‘paydi, lekin bilimliga ta’zim qiladigan qani?
* * *
Bizda “boyvachcha” haqoratomuz ibora sifatida ishlatiladi. Aslida boyvachchadagi insoniy fazilatlarni yuksaltirish darkor, toki u qolganlar uchun ibratga aylansin. Hozirgi boyvachchalar esa o‘z g‘ami va ayshi bilan band.
* * *
Bolalik – beg‘uborlik. Odam umrini bolaligida ko‘rgan, eshitgan va bilgan narsalariga qiyoslaydi, undan mukammallik izlaydi. Demak, odam qalbida mudom beg‘uborlik yashaydi. Undagi barcha axloqiy fazilatlar bolalik beg‘uborligidandir.
* * *
Mag‘rur yashash hali mas’uliyatli yashash ifodasi emas. Burgut ham qanotlarini yoyib, dengiz, qir, qoyalar ustidan mag‘rur uchadi. Mag‘rurlikda unga teng keladigan jonzot yo‘q, lekin uning o‘tkir nigohi faqat ojiz o‘lja qidiradi.
* * *
Faqirlik ruhni tahqirlaydi, orzuni siyqa, amalni sust qiladi. Mayli, gumashta bo‘l, lekin faqir bo‘lma.
* * *
Hech kimga ishing tushmasa-da, shubhasiz, go‘rkovga ishing tushadi.
* * *
Davrning maqtagani hali boqiyning maqtagani emas. Aslida boqiy maqtamaydi, U – kutadi va asraydi. U nimani asramasa, davr bilan birga unutilishga mahkum.
* * *
Davlat davlatmandni izlaydi.
* * *
Tanballar peshgohga chiqsa, peshvolarni poygakda ko‘rasiz.
* * *
Bashariyatning bugungi umidi demokratiyada. Agar ushbu umid so‘nsa, uning nishonalari har qadamda ko‘zga tashlanadi, bashariyatning kelajagi mavhum qoladi.
* * *
Bu dunyoda men ta’zim qiladigan kishi – Dehqon. U xalqni boqib, goho o‘zi och yuradigan, pokdomon, xokisor inson! Bugun U qolib, Uning ne’matlarini sotayotgan chayqovchi, ijarachi va olibsotarlar boyiyotgani g‘oyat achinarli hol.
* * *
Dushmani yo‘qning – do‘sti yo‘q, do‘sti borning dushmani yonida. Do‘st qasam ichmaydi. Do‘stning qasami butun do‘stlik ustidan istehzo bo‘lib eshitiladi.
* * *
Pyer Kyuri va Mariya Sklodovskaya-Kyuri – yonma-yon yashagan ikki buyuk aql egalaridir. Sodda va ibratli hayot kechirgan ushbu juftdan tug‘ilgan qiz ham Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ushbu uchta buyuk aqlning o‘ta kamtar, behasham, hatto, g‘aribona kulbada yashaganini bugungi avlod tasavvur qilolmaydi.
* * *
Men yashashni kitoblardan o‘rganganman, shu bois hayot menga mudom shubha bilan qaragan. Ongimning kitoblar va hayot o‘rtasida sarson kezishi hayratli emas.
* * *
Keragidan ortig‘ini istamaslik, keragidan ortig‘ini yig‘maslik va keragidan ortig‘ini sevmaslik hayotiy maslaging bo‘lgach, ishonch bilan ruhim erkin, o‘yim erkin, o‘zim erkinman, deyishga senda asos bor. Keragidan ortig‘ini istagan zahoting keragidan ortig‘iga bandisan. Odamni erkin yashashga o‘rgatishdan oldin uni keragidan ortig‘ini istamaslikka o‘rgatish vojib.
* * *
O‘zingizdan o‘zmoqchimisiz – galaktika va metagalaktikalarga, ijtimoiy muhitdan o‘zmoqchimisiz – sun’iy borliqqa, olamdan o‘zmoqchimisiz – qiziqarli borliqdan muqim borliqqa fikran sayohat qilishni o‘rganing. Lekin, ularning hech biri ruhingizni shod etolmasligini unutmang. Mana, faylasufning qismati!
* * *
Hamma narsani pulga cho‘tlaydigan savdogar va sudxo‘rlardan vatanparvar chiqmaydi. Xuroson noibi Umayya ibn Abdulla (692-697 yillar)ning Movarounnahrga yurishini so‘g‘dlik savdogarlar va sudxo‘rlarning pul bilan qo‘llab-quvvatlaganlari misol bo‘lishi mumkin. Ular uchun Vatan erki va ozodligidan o‘z pullarini ustama bilan ko‘paytirish muhimroq edi.
* * *
Tarixni erkaklar yaratadilar, ayollar esa uni asrab keladilar. Tarixni asramoq, tarixni yaratmoqdan kam jasorat emas.
* * *
Sotqinni kechirishim mumkin, lekin vaqtimni olganni kechirolmayman.
Sotqin bois to‘kilgan sha’nimni qayta tiklashim mumkin, biroq o‘g‘rilangan vaqtimni qayta tiklay olmayman.
* * *
Ayol baxt yaratmaydi, U baxt tilaydi. O‘ziga baxt tilab, ayol sizga ham baxt ulashadi. Ayolga baxt bermagan erkakni ayol baxtiyor etmaydi.
* * *
Iqtidor – nozik gul, qaramasangiz, u yovvoyi o‘tlar ichida nobud bo‘ladi.
* * *
Yoshlik – laqmalik, uni kechirish hayot talabi, lekin qariganingdagi laqmalikni o‘zing ham, yoningdagilar ham, hatto Yaratgan ham kechirmaydi.
* * *
Nimagadir, qayerdadir qoqilish odam qismati, ammo qoziqdek qoqilib, qotib qolishdan qo‘rqish kerak.
* * *
Egilgan haqiqatda haqiqat qolmaydi, endi U egganning haqiqatidir.
* * *
Hayot, agar unda yashay olsang – zavqli. Aks holda U mashaqqat, iztirob va muammolardan iborat. Hayotni sevganingda Uning zavqi bilan birga mashaqqat, iztirob va muammolarini ham sevganingni tasdiqlaysan.
B.SAYFIYEV tayyorladi.