Saralangan satrlar
Bahorgi tengkunlik, yangilanish va yasharish ayyomining eng fayzli va fazilatli kuni bo‘lmish Navro‘z kelib chiqishi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Navro‘z bilan bog‘liq qadriyatlar, urf-odatlar zamirida ota-bobolarimiz, momolarimizning tabiat bilan bir butunligi, atrof-muhitni anglash yo‘lidagi bilim-izlanishlari mujassam. Bugun turli ko‘rinishlarda bizgacha yetib kelgan marosimlarning ildizlariga nazar solsak, teran tafakkur nishonalariga guvoh bo‘lamiz.
Navro‘z haqida badiiy adabiyotda ham ko‘p yozilgan. Ular orasida Tog‘ay Murodning «Oydinda yurgan odamlar» qissasida o‘ziga xos fikrlarga duch kelasiz. Aslida kitobda farzandsiz yashagan Qoplonbek va Oymomoning iztirobli hayoti haqida so‘z boradi. Ayni shu iztiroblar ko‘klam yangilanishlari, Navro‘z tasviri, Ramazon shukuhi bilan barobar ifoda etiladiki, adib mahoratiga tan bermaslikning imkoni yo‘q.
* * *
Tabiatni to‘lg‘oq tutdi. To‘lg‘oqdan farzand tug‘ildi. Farzand oti Navro‘z bo‘ldi.
Yurtimizga Navro‘z keldi!
Subhi sodiq mahaldan sarrin-sarrin sabolar esdi. Mayin-mayin sabolar kezdi.
Sabolar tanlarni silab-siypadi, sabolar vujudlarni erkalab-o‘ynadi.
Navro‘z olamga maysalardan gilamlar to‘shadi, boychechakdan sirg‘alar taqdi.
* * *
Navro‘z bundan yetti ming yil muqaddam joriy etilmish Quyosh yil-oy kuni bilan barobar bino bo‘ldi.
Emishki, Quyosh olamni bir yilda bir bor aylanadi. Shu aylanmish yo‘lida o‘n ikkita burjga ro‘baro‘ keladi. Quyosh har burjni bir oy mobaynida aylanib o‘tadi. Zulmat bilan ziyo teng bo‘lmish kunda Hamal deya atalmish burjga yetib keladi.
Quyosh ana shu Hamal burji boshidan chiqmish kunda olam o‘zgacha rang oladi. Olam bir boshqa bo‘ladi.
* * *
Taxmuraslar sulolasidan bo‘lmish Jamshid podsho ana shu kunni Navro‘z deya atadi.
Keyin, Kayumars podsho bo‘ldi.
Kayumars Navro‘zni sharafladi, Navro‘zni ulug‘ladi.
Navro‘zni hayit qildi!
Shu-shu, Navro‘z o‘lik-tirik ozod kun bo‘ldi.
Navro‘z asir-tutqun ozod kun bo‘ldi.
Navro‘z qirg‘inbarot to‘xtar kun bo‘ldi.
Navro‘z kina-kudurat tarqar kun bo‘ldi.
* * *
Kayumars tong sahar-tong saharda Quyosh hamal burjining oldingi daqiqasiga kirmish kunni aniqladi.
Olim-ulamolarni yig‘di, yil hisob-kitobini ana shu kundan boshlashni aytdi, olim-ulamolar rozi bo‘ldi. Yil hisob-kitobini aynan shu kundan boshlab joriy etdi.
* * *
Quyosh hamal burji boshidan chiqib keldi.
Zulmat bir bo‘lak bo‘ldi, ziyo bir bo‘lak bo‘ldi.
Kecha bilan kunduz ana shunday bino bo‘ldi.
Kayumars podsho uch yuz oltmish besh kun bo‘lmish bir yilni o‘ttiz kun-o‘ttiz kundan o‘n ikkita oyga bo‘ldi. Keyin, ana shu o‘n ikkita oyni Izid podsho yubormish o‘n ikkita haloskor farishta oti bilan atadi.
* * *
El-xalq balandparvoz chaqiriqlar deb o‘tirmadi, qarorlar deb o‘tirmadi, shior-da’vatlar deb o‘tirmadi, e’lon-afishalar deb o‘tirmadi.
El-xalq o‘z xohish-irodasi bilan adir-qirlarga sayillab chiqdi.
Maysazor adirlarda doshqozonlar osildi.
Ayollar ariq bo‘ylaridan yalpiz o‘t terdi, kiyik o‘t terdi. Bilq-bilq qaynab turmish qozonlarga soldi.
Qizlar qoraqoshlar terdi. Dimog‘lariga bosib-bosib iskadi. Quloqlariga taqdi.
Qariyalar ko‘zlariga boychechaklar to‘tiyo etdi.
– Omonlik, omonlik… – deya, shukrona aytdi.
* * *
– Navro‘z seshanbada kelar yil ochlik bo‘lmaydi, oshlik bo‘ladi. Ertagi ekinlar yaxshi bo‘ladi, noz-ne’matlar-da yaxshi bo‘ladi. Aybi, taxchilroq bo‘ladi.
– Yomoni, qon ko‘p to‘kiladi. El-yurt orasidan rahm-shafqat ko‘tariladi.
– O‘g‘il otadan qaytadi, qiz onadan qaytadi, ayol eridan qaytadi.
– Podsholar taxtdan qula-qula bo‘ladi.
– Yomonlik ko‘payadi.
– Yog‘in-chochindan ayting.
– Yog‘in-chochin… qor kam yog‘adi, aqllar. Yil oxirida sel ko‘p keladi.
– O‘zi, Navro‘z qaysi kuni kelsa yil yaxshi bo‘ladi, azizlar?
– Yakshanba kuni kelsa, ko‘p binoyi bo‘ladi. O‘lim-yetimlar oz bo‘ladi. Fisq-fasod, yomonlik kam bo‘ladi. Navro‘z dushanba kuni kelsa-da yaxshi bo‘ladi. Aybi, bug‘doy tanqis bo‘ladi.
– Navro‘z chorshanbada kelsa, yil qimmatchilik bo‘ladi. Qorin-tomoq uchun qon to‘kiladi.
– Fisq-fasod, g‘alamislik ko‘p bo‘ladi.
– Payshanbada kelsa, dardmandlik ko‘p bo‘ladi.
– Shu yili oy bilan kun-da tutiladi, deng.
– Shunday, aqllar, shunday.
– Jumada kelsa, yomg‘ir mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Aybi, qahraton sovuq bo‘ladi.
– Navro‘z shanba kuni kelsa.. o‘g‘ri-muttahamlar yili bo‘ladi, mushtumzo‘rlar yili bo‘ladi.
– Inshoollo, peshonada borini ko‘ramiz.
* * *
Dasturxonlarda sumalak, halim, ko‘k patir, ko‘k somsa, ko‘k oshi, deya atalmish dori-darmon taomlar bo‘ldi.
El chehrasi chechak bo‘ldi. El ko‘ngli ko‘klam bo‘ldi. El dili ohorli-ohorli tuyg‘ular bilan to‘ldi.
Navro‘zchilar to‘p-to‘p bo‘ldi. O‘zi xush ko‘rmish o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Do‘mbira chalib, doston aytmish nechov bo‘ldi.
Davra qurib, doston eshitmish nechov bo‘ldi.
Oyoqlarini osmon qilib, dorboz bo‘lmish nechov bo‘ldi.
* * *
Muqaddas Buqa odamzotga ko‘rinmas emish! Hamisha ko‘zdan pana bo‘lib yurar emish. Shu boisdan Muqaddas Buqani ko‘rish g‘oyatda mushkul emish.
Muqaddas Buqa qayerlarda ko‘rinish berar emish? Falakda ko‘rinish berar emish. Ufqda ko‘rinish berar emish.
Muqaddas Buqa nima karomat ko‘rsatar emish?
Qaysi inson Muqaddas Buqani bir ko‘rsa bo‘ldi, o‘sha inson xohish-irodalari ijobat bo‘lar emish! Bor orzu-umidlari bajo bo‘lar emish!
Muqaddas Buqa shunchaki bir ko‘rinib keta bermas emish-da. Bordi-yu, inson nazariga tushib qolsa… Muqaddas Buqa… bo‘kirar emish!
Muqaddas Buqa bir bor bo‘kirsa… yil behosil kelar emish. Ekin-tikindan qut-baraka ketar emish. Oqibat, tanqischilik bo‘lar emish…
Xudo yorlaqab, Muqaddas Buqa ikki bor bo‘kirsa… yil serhosil kelar emish, yil sermahsul kelar emish. To‘kin-sochinlik bo‘lar emish…
* * *
O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir!
Navro‘zda yomon gapirib bo‘lmaydi!
Navro‘z haminqadar shod-xurramlikda o‘tsa, haminqadar xush-xushvaqtlikda kechsa…
Yer-u falak-da haminqadar saxiy bo‘ladi!
Osmon-u falakdan mo‘l-ko‘l yomg‘ir yog‘adi!
Yer-u zamin-da bo‘liq-bo‘liq hosil beradi!
El-yurt kelajak Navro‘zgacha xush-xushvaqtlikda kun ko‘radi, rohat-farog‘atda kun ko‘radi!
* * *
El og‘zida yurmish topishmoqlardan aytish boshlandi.
Aytishuvni Xoldon momo boshlab berdi.
– Men aytsam, uzun-uzun o‘z ketdi, uzun bo‘ylik qiz ketdi – qasavasi qarsillab, manglayi yerga tarsillab. Bu nima?
– O‘rmak.
– Kichkina qozonning oshi shirin.
– Yong‘oq.
– Bukri momom buk etdi, yugurib uyiga kirib ketdi.
– Sich-qon.
– Anavi tog‘dan qaragan, manavi tog‘dan qaragan, o‘zimga yarashar deb, balxi ro‘mol o‘ragan.
– Buzoqboshi.
– Aka-uka bir yashaydi, bir-birini ko‘rmaydi.
– Ko‘z.
Ayollar tinimsiz o‘t yoqib turdi, tinimsiz o‘t kovlab turdi.
Boisi, o‘t hovuri xiyol pasaysa… sumalak ayniydi!
Sumalak ana shunday nozikta’b taom bo‘ldi!
* * *
Emishki, insonda ming bir ikki dard bo‘ladi. Sumalakdan bir yalamish inson tanasi qirq xil darddan forig‘ bo‘ladi!
***
Arabcha «layl» so‘zi o‘zbekcha «kecha» demakdir. Arabcha «qadr», o‘zbekcha «taqdir» demakdir.
Oydin bo‘ldikim, Laylat ul-Qadr, «taqdir hal bo‘lajak kecha» demakdir.
Jumlayi mo‘minlarga ayonkim, yillar hisob-kitobi Quyosh Yer girdida aylanmish davriga qarab sanaladi. Shunga binoan har kelajak yangi yil eski yilga nisbatan o‘n kun-o‘n kun oldin keladi.
Ramazon hijriy-qamariy yillar to‘qqizinchi oyi bo‘ladi.
Demak, Laylat ul-Qadr har yili bir vaqtda kelmaydi. Turli kechalarda keladi. Ramazon oyi oxirgi toq kechalarida keladi. Xususan, o‘n yettinchi, o‘n to‘qqizinchi, yigirma birinchi, yigirma uchinchi kechalarda keladi. Ko‘pincha, ramazonning yigirma yettinchisida keladi.
Laylatul-Qadr kelajak kecha mo‘min-musulmonlar nimaniki tilasalar, tilaklari bajo bo‘ladi. Orzu-umidlari ushaladi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.