Vataniga, xalqiga xizmat qilish har bir inson uchun muqaddas va sharafli burch sanaladi. Bu ezgu tuyg‘u kishi qalbida shakllanishida oilaning, yaqinlarining tarbiyasi, shaxsiy namuna bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ular mardlik, jasorat, vatanparvarlik kabi hislarni o‘z o‘gitlari, nasihatlari orqali farzandlari qalbiga jo qiladi. Mana shunday fazilatga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlar esa Vatan ravnaqi uchun jon kuydiradigan insonlar, yurtning ishongan tog‘i bo‘lib voyaga yetadi.
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Ushalgan yoshlik orzusi
Zufar Yusupov ham yoshligidan harbiylik kasbi egasi bo‘lish, yurt tinchligi va osoyishtaligiga xizmat qilish ishtiyoqi bilan ulg‘aydi. Bugun u viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik unvoniga ega.
– Bobom, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Soibnazar Yusupov menda kitobga, harbiy bo‘lishga mehr uyg‘otgan, – deydi u. – U kishi urush xotiralarini, vatan himoyasiga otlangan mard yigitlar jasorati haqida hikoya qilib berardi. O‘shandayoq Qurolli Kuchlar Akademiyasida o‘qish mening oldimda turgan eng oliy maqsadlarimdan biriga aylangan.
Qat’iy qo‘yilgan maqsadga erishish uchun Zufar Yusupov dastlab Urganch shahrida joylashgan Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litseyda o‘qidi. Kasbining ilk saboqlarini shu yerda o‘rgandi, jismonan chiniqdi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi. Keyin ta’limni o‘zi orzu qilgan harbiy oliygohda davom ettirdi.
– Endi mehnat faoliyatimni boshlagan damlarimda ota-onam: «O‘g‘lim, sen harbiylik kasbini tanlading, senga qancha-qancha mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan. Har kimga ham bunday ishonch berilavermaydi, senga nasib qilgan ekan, sabr va bardoshli bo‘lib xizmat qilishing kerak», deya o‘git berishgan, dalda bo‘lishgan, – deydi Zufar Yusupov. – Ularning mana shu so‘zlari har doim menga motivatsiya berib turdi. Qolaversa, yonimda hamisha turmush o‘rtog‘im bo‘ladi.
Tan olish kerak, bugun Qurolli Kuchlarimiz nafaqat yurtimiz tinchligi va osoyishtaligimiz tayanchi, balki o‘zbek xalqi vatanparvarligi, birligi va qudratining haqiqiy ramziga aylandi. Ortga nazar tashlasangiz, armiyamiz 33 yil davomida murakkab, ammo sharafli yo‘lni bosib o‘tganiga amin bo‘lamiz.
– Yoshlar orasida harbiy xizmatni o‘tashga bo‘lgan havas va ishtiyoqning tobora ortib borayotgani quvonarli, – deydi hamsuhbatim. – Harbiy libosda qaysi bir joyga borsak, bizga nisbatan yoshlarning ko‘zida quvonch va havasni ko‘ramiz. Zero, kindik qonimiz tomgan jonajon Vatanni himoya qilish, yurtga sadoqat bilan xizmat qilish har bir yigit uchun oliy maqsad, katta sharaf va mas’uliyatli vazifadir.
Navbatdagi chaqiruv
Ma’lumki, tabiiy va texnogen tusdagi ofat-hodisalardan hech kim kafolatli himoyalanmagan. Demak, hech kimning boshiga tushmasinu, bunday xatarlar bilan doimo yonma-yon yashab kelayapmiz. Mana, Qarshi shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi 2-yong‘in-qutqaruv qismiga navbatdagi chaqiruv bo‘ldi. Voqea joyiga yo‘l olgan guruh tarkibida katta usta-qutqaruvchi (yong‘in o‘chiruvchi) kichik serjant Shuxriddin Usmonov ham bor.

– Tabiiy ofat bo‘ladimi, yong‘in va ehtiyotsizlik oqibatida ro‘y bergan noxush holatlar bo‘ladimi, bizning vazifamiz avvalo insonlar hayotini saqlab qolish, mol-mulkiga zarar yetishining oldini olish ekanligini doimo his etib turamiz, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tezkor boshqaruv markazi boshlig‘i podpolkovnik Nodir Nurmatov. – Bunday vaziyatlarda aniq, tezkor va hamkorlikda tartibli harakat qilish juda muhim. Shuxriddin bu talablarni yaxshi o‘zlashtirgan safdoshlarimizdan biri. U bajaradigan ishini puxta qiladi. O‘ziga talabchan, harbiy intizomga qat’iy amal qiladi va hamisha jangovar shay holatini saqlab turadi.
– Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida xizmat qilish davomida juda ko‘p narsani o‘rgandim, – deydi Shuxriddin Usmonov. – Burchga sadoqat, fidoyilik, odamlarning hayoti uchun kurashish, insonlarni qutqarish va yordam berish kabi zimmamdagi mas’uliyat meni har doim sergak tutadi. Agar ishimiz davomida kimgadir yordamimiz tegsa, vazifamizni muvaffaqiyatli bajara olsak, hamma charchoqlarimiz bir zumda chiqib ketadi. Harakatlarimiz zoye ketgan damlarda esa barcha qatori afsus chekamiz.
Guruh chaqiruvdan qaytdi. Xayriyat og‘ir vaziyat emas ekan. Onaning ehtiyotsizligi sabab yosh bolasi uy ichida qulflanib qolibdi. Shuxriddin maxsus uskunalari bilan eshikni mohirona ochib berdi va bolani quchdi. Hamma undan minnatdor.
Harbiyning ayoli
Yurt tinchligi tengsiz ne’mat, Vatan osoyishtaligini muhofaza qilishdan buyuk vazifa yo‘q. Harbiylar ana shunday mas’uliyatli kasb egalari, osuda hayotimiz posponlaridir. Bejizga o‘g‘li harbiy bo‘lgan ota-onalar iftixor to‘ymaydi. Chunki ular Vatanga qalqon turgan farzandi sabab uyda tinch o‘tirganini yaxshi anglaydi.
Xo‘sh, harbiyga turmushga chiqqan ayollarimizchi, ular qanday fikrda?
– Ota-onalarimiz roziligi bilan 2008-yilda turmush qurganmiz, – deydi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha katta ofetseri podpolkovnik Soyibjon Darmonovning ayoli Nodira Darmonova. – To‘ydan so‘ng bir hafta o‘tib Andijondan Chirchiqqa ko‘chib ketganmiz. To‘g‘risi boshida qiyinchilik bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im ertalab chiqib ketib, kechqurun kelardi. Keyin ularning uzoq muddatli safarlariyam kam emas edi. Zerikar edim, uydagilarni sog‘inardim. Nima bo‘lganda ham turmush o‘rtog‘imning yonida yelkadosh, haqiqiy umr yo‘ldosh bo‘lishim kerakligini o‘ylab, irodali bo‘lishga harakat qilganman.
Darhaqiqat, harbiylar qayerga xizmatga jo‘natilsa, o‘sha yerda yashashga, kerak bo‘lsa, o‘z jonini yurt himoyasiga tikishga tayyor insonlar. Shuning uchun ham ularni Vatan himoyachisi, yurt posboni, deb ulug‘laymiz.
– Turmush o‘rtog‘im harbiylikni yurt mudofaasiga bag‘ishlagan hayot, deydi. Aslidayam shunday, – deya so‘zida davom etadi Nodira Darmonova. – 2014-yilda Termizga ko‘chib keldik. U yerda ham ko‘p ijara uylarda yashadik. 2020-yildan buyon esa Qashqadaryodamiz. Uch nafar farzandimiz bor. Katta o‘g‘limiz 9-sinfda, qizimiz 6-sinfda o‘qiydi. Kenjamiz esa 6 yoshda.
Harbiy erkak oilaga, farzandlar bilan shug‘ullanishga kamroq vaqt topishi bor gap. Ana shu vaziyatda uning ayoli bu bo‘shliqni to‘ldirishi kerakligini Nodira juda yaxshi anglaydi. Farzandlariga qo‘shilib goh o‘quvchi, goh o‘qituvchi rolini ham bajaradi.
– Bolalar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lib hech qayerda ishlamadim, – deydi u. – Ular ko‘p maktab almashtirishiga to‘g‘ri kelgan. Bilimi pasayib ketishidan qo‘rqardik. Lekin harakatlari yaxshi. Ikkalasi ham ingliz tilida bemalol gaplasha oladi. Uyda ham bekor o‘tirib qolganim yo‘q. Kasbim hamshiralik. Qaysi viloyatda yashamaylik, qo‘ni-qo‘shnilarning hamshirasi bo‘laman. Bundan tashqari to‘qish-bichishni yaxshi ko‘raman. Buyurtma asosida xotin-qizlarga ro‘mol, nimcha to‘qib berayapman. Monomarkazda qandolatchilik, ayollar sartaroshligi bo‘yicha kurslarda o‘qidim. Endi tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylayapman.
Suhbat davomida safar xaltasi doimo tayyor turuvchi harbiyning ayoli bo‘lish unchalik ham oson emasligini sezdim. Oylab, kerak bo‘lsa yillab ota-onasi va jigarlaridan olisda bo‘lishiga to‘g‘ri keladigan harbiylikning mashaqqatini turmush o‘rtog‘i bilan teppa-teng bo‘lishayotgan ayollarga ta’zim.
– Ochig‘i, harbiy bilan yonma-yon yashagan ayolga berilgan tashvish-sinovlarning rohati ham bor, – deydi Nodira Darmonova. – So‘nggi yillarda nafaqat harbiylarga, balki ularning oila a’zolariga ham qator imtiyoz va to‘kis sharoitlar yaratib berilayapti. Bu islohotlar samarasini o‘z hayotim misolida ko‘rib turibman. Qarshi shahridagi harbiylar shaharchasidagi barcha qulayliklarga ega ikki xonali xonadonga ko‘chib o‘tganmiz. Turmush o‘rtog‘imning Vatan tinchligini ta’minlashga hissasi qo‘shilayotganidan, men oiladan turib ularni qo‘llayotganimdan faxrlanaman.
Shohista BOZOROVA