Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat Eng faol kitobxon MFY xodimlari aniqlandi
Ma’naviyat

Eng faol kitobxon MFY xodimlari aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat yuritib kelayotgan  davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida «Eng faol kitobxon MFY xodimi» tanlovi o‘tkazildi.

Tanlov

Hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari hamda mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar orasidan eng yaxshi kitobxonlarni aniqlashga qaratilgan tanlov dastlab tuman, shaharlar miqyosida tashkil etildi. Hududlardan saralangan 16 ishtirokchi viloyat bosqichida bilim va iqtidorlarini namoyish etdi.

Qayd etish lozim, MFY xodimlari ilmiy-ommabop, tarixiy, ma’naviy-ma’rifiy, liderlik xususiyatlarini yuksaltirishga qaratilgan, o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari hamda buyuk adiblarimiz va davlat arboblarimizning ijodi va faoliyatiga oid kitoblar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston», Xayriddin Sultonning «Ishonch telefoni», Chingiz Aytmatov «Qiyomat», Fyodor Dostoyevskiy «Kambag‘allar» hamda Jeyms Klirning «Atom odatlar» asarlarini o‘qib, tanlovga tayyorgarlik ko‘rishdi.

Viloyat bosqichi «Badiiy asarlar bilimdoni» hamda «Tezkor savol-javob» shartlari asosida tashkil etildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Kasbi tumanidagi Xo‘jakasbi MFY yoshlar yetakchisi Bahodir Shodiyev 1-o‘rinni egalladi. Kitob tumani Denov mahallasi hokim yordamchisi Orzimurod Avloqulov 2-o‘rinni, G‘uzor tumanidagi Sherali MFY xotin-qizlar faoli Dilbar Nazarova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

B.SAYFIYEV

Exit mobile version