Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat ERK UNING QADRINI BILGAN ELGAGINA NASIB QILADI
Ma’naviyat

ERK UNING QADRINI BILGAN ELGAGINA NASIB QILADI

Saralangan satrlar

“Ivan Vasilyevich kasbini o‘zgartiradi” filmidagi “ulug‘ xon va buyuk knyaz” Ivan Grozniy aytgan “Qozonni oldim, Astraxanni oldim, Shpakni olganim yo‘q…” degan jumlalarni yaxshi bilasiz. O‘rni kelganda, ushbu so‘zlarni payrov o‘rnida ham ishlatamiz.

Rus shohi Qozonni olganida, asli turkiy qavmdan bo‘lgan malika Suyumbika xonlik taxtida turganini esa hammayam bilmaydi. Tatar xalqining milliy qahramoni sanalmish Suyumbikaning katta bobosi, No‘g‘ay o‘rdasida o‘z sulolasiga asos solgan Edigey Amir Temurning safdoshlaridan biri bo‘lgan. No‘g‘ay o‘rdasi ko‘chmanchi mang‘it va qo‘ng‘irot urug‘lari davlati  bo‘lib, Shimoliy Kaspiy va Orol dengizi bo‘ylaridan Tura va Kamagacha, Volga (Itil) daryosidan Irtishgacha cho‘zilgan ulkan hududni qamrab olgan. Poytaxti Saroyshiq shahri hozirgi Qozog‘istonning Mahambet tumaniga to‘g‘ri keladi.

Suyumbika yoshligidayoq Saroyshiqdan Qozonga kelin bo‘lib tushgan. Qozonning yosh xoni Jon Ali bilan turmushi uzoq davom etmagan. Sababi, davlat to‘ntarishi yuz berib, Jon Ali taxtdan ag‘dariladi va o‘rniga Safo Garoy keladi hamda o‘z davri odatiga muvofiq, malikani nikohiga oladi. Suyumbeka Safo Garoydan O‘tamish ismli o‘g‘il ko‘radi.

Safo Garoy Qozonda nisbatan qattiq siyosat olib borgan. Avval quvg‘in qilinib, so‘ng taxtni qayta egallagani bois xiyonatchilar va hokimiyatiga qarshi bo‘lganlarni shafqatsiz jazolaydi. Rus hukmdorlarini tiyib turish uchun Moskva sari qo‘shin tortadi. Ammo kasallik tufayli vafot etadi. O‘g‘li O‘tamish hali yosh bo‘lgani sabab 1549-1551-yillarda Qozon xonligini Suyumbeka boshqaradi.

Aynan o‘sha davrdan rus shohi Ivan Grozniyning Qozonga hujumlari boshlanadi.

Ma’lumki, Oltin O‘rda parchalanib ketgach, o‘rnida No‘g‘ay o‘rdasi, Qozon, Qrim, Sibir xonliklari paydo bo‘lgan. Ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlik barobarida o‘ziga xos raqobat ham mavjud bo‘lgan. Ayni shu birlashmaslik boisidan ushbu xonliklar qisqa vaqtda Rusiya mulklariga qo‘shib olinadi. Mazkur hodisalar yurtimizdagi xonliklarning tarqoqlik siyosati va oxir-oqibatda qaram mamlakatga aylanishini esga soladi.

Malika Suyumbeka ruslarga qarshi kurashib, mustaqil davlatni saqlab qolishga zo‘r berib urinayotgan bir chog‘da saroy a’yonlari uni o‘g‘li bilan tutib berib, Moskva ixtiyoriga topshiradi. Ivan Grozniy yosh O‘tamishni cho‘qintirib, o‘zligidan mahrum etgan bo‘lsa, Suyumbekani Qosimov shahri hokimi Shoh Aliga majburan turmushga beradi. Suyumbika 36 yillik umrining so‘nggi kunlarini Qosimov shahrida o‘tkazadi va qabri ham shu yerda joylashgan.

Qozon shahridagi mashhur qiya minora Suyumbika nomi bilan ataladi. U haqda ko‘plab afsonalar, qo‘shiqlar va badiiy asarlar yaratilgan.

O‘tgan yili o‘zbek adibasi Risolat Haydarova ana shu malika haqida “Suyumbika” romanini e’lon qildi. Asarda yuqoridagi voqealar badiiy ifodasini topgan. O‘qib ko‘ring, vaqtingizga achinmaysiz.

*  *  *

Yodingda tut, avom qishda o‘tinsiz, yozda suvsiz, kuzda yemaksiz qolsa, boshidan oltin sochsa ham hukmdorini qo‘llamaydi.

*  *  *

Har bir hukmdorning peshonasiga taxt talashish-u, shundan kelib chiqadigan sho‘rishlar, jumladan, taxtdan quvilish xavfi ham yozilgan.

*  *  *

Kema teshilganda avvalo uning yog‘ochini kemirganlar qocharmish.

*  *  *

– Ishqilib, ulug‘ xon uzoqroq tursin-da. Qozonga oshiqlar ko‘p…

– Ha, Qozonning oshiqlari ham g‘alati, hadya o‘rniga qilich ko‘tarib, to‘p yetaklab keladi.

*  *  *

Hayronmiz, sizni kim deb ataylik? It desak, dumingiz yo‘q, ho‘kiz desak, shoxingiz yo‘q. Lekin sherlik da’vo qilasiz!

*  *  *

Afv etilganini anglagan odamnigina afv etish mumkin. Shafqatni qat’iyatsizlik deb bilganlarga marhamat uvoldir.

*  *  *

Qon qon bilan emas, suv bilan yuviladi.

*  *  *

Iskandarning Itilga dasti yetmagan bo‘lsa-da, dong‘i yetgandir. Itilga Chingiz kelmagan, lekin tomiridagi qoni kelgandir. Istilo shunday bir baloki, ruhingni zaharlaydi, unga barham bersang-da, zahri yetti avlodingni mayib etadi.

*  *  *

O‘nta gap aytgandan ko‘ra, o‘nta yog‘och qoqqan yaxshi.

*  *  *

Hamma yirtqichlar qonuniga bo‘ysunib yashagan bir paytda kishi kim tarafida turishini ham hal qilib qo‘yishi zarur. Har holda yemish bo‘luvchilarga sheriklik ularga qismatdosh bo‘lish bilan barobar ekanligini unutma!

*  *  *

Qasos odamning ko‘zini ko‘r qiladi. Xun olaman degan odamning maqsad yo‘li ham qisqa bo‘ladi.

*  *  *

Bunaqa odamlar qarilikni bo‘yniga olmaydi. O‘lsa ham, hammani narigi dunyoga ketkazib, keyin o‘ladi.

*  *  *

Iplar birlashsa, arqon bo‘ladi.

*  *  *

Hayot-mamoti qil ustida turganda kishida kuch ham, jur’at ham tug‘iladi. Bunaqa paytda unga hech kim bas kelolmaydi.

*  *  *

 Yurtning ozodligi birgina duo yoki birgina istak, bir kishining urinishi bilan keladigan ne’mat emas. Saltanat tirgaklari bo‘lmish beklar, amirlar, ruhoniyat egalari erkni har narsadan ustun bilib, shu yo‘lda birlashsalargina erkka erishiladi. Yaratgan har bir elga erkka erishuvga imkon beradi, el bu imkonni boy bermasa bas.

*  *  *

Xiyonat istagi aql ko‘zini yopib qo‘yadi. Shu bois kishi o‘zi o‘tirgan shoxni kesayotib, boshqalar yiqiladi-yu, menga balo urmaydi, deb o‘ylaydi.

*  *  *

Kishi senga yillar bo‘yi xizmat qiladi, sen esa xizmati uchun oltinning o‘zi kifoya deysan, ota-bobosida bo‘lmagan mavqe unga ham lozim emas, deb o‘ylaysan. Yo‘q, kishi sendan kichkina bir rutba kutdimi, kutganini berish kerak, yo‘qsa… Alamzadalik har yo‘lga yetaklaydi kishini.

*  *  *

Erk uning qadrini bilgan elgagina nasib qiladir.

*  *  *

Anglamaydigan do‘stdan farosatli yov durust, deganlar.

*  *  *

Xon amr bersa ham, arkonidan oshib bir narsa deyolmaydi.

*  *  *

Omadsizga shamol ham ro‘paradan esarkan.

*  *  *

Xorijiy sayyohlarni boshlab yurgan gid asrlar osha yetib kelgan afsonani so‘zlaydi: “Maskov shohi Ivan Qozon malikasiga g‘oyibona oshiq ekan. Shuning uchun u shaharga qo‘shin tortib kelibdi. Suyumbika Ivanga turmushga chiqishga rozi bo‘lmabdi. Ivan shaharni qamal qilibdi. Shahar ahli qamalda qiynalib qolganini ko‘rib, malika Ivanga shunday shart qo‘yibdi: “Agar bir hafta ichida baland minora tiklay olsang, senga tekkanim bo‘lsin”. Bir hafta ichida baland minora qad rostlabdi. Malika minoraning tepasiga chiqibdi-yu, o‘zini yerga tashlab, jon taslim qilibdi. Bu kulfatni ko‘tara olmagan minora egilib qolibdi”.

Tarix esa yurtini asrab qolish uchun askarlar bilan birga Qozon devori ustiga chiqqan, shahar mudofaachilarini jasoratga undagan, saroy a’yonlari esa Maskov shohining hujumidan omon qolish umidida tutib, kemada Maskovga jo‘natgan malika haqida hikoyalar aytadi. Tarix yana aytadiki, oradan bir yilni o‘tkazib, Maskov shohi Ivan IV ulkan qo‘shin bilan kelib, Qozonni zabt etdi, qal’ani vayron qildi, shahid ketganlarning jasadlarini xodalarga bog‘lab, daryoga tashladi, Qozonning omon qolgan ahlini shahardan quvib chiqarib, ularning o‘rniga Maskov yerlaridan odamlarni ko‘chirib keltirdi. Qozonda avvalgi xonlar davrini eslatuvchi bironta binoni, hatto machitlarni ham qoldirmadi, hammasini buzib tashladi.

El esa o‘z malikasini unutmadi, asrlar bo‘yi uning nomini afsonalarga o‘rab keldi. Afsonalarning bari No‘g‘ay o‘rdasidan Qozonga kelin bo‘lib kelgan, tarixda Qozon malikasi nomi bilan qolgan, xalq uni sevganidan Suyumbika deya nom bergan, aslida esa ismi Suyuk bo‘lgan qiz haqida.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version