Yevropa Ittifoqidagi eng ommabop yangiliklar telekanali – «Euronews»da «o‘zida Temuriylar davri me’morchiligi, an’anaviy hunarlar va Ipak yo‘li tarixini uyg‘unlashtirgan Shahrisabz shahri»ga bag‘ishlangan ajoyib film namoyish qilindi.
Qashqadaryo va dunyo
«Ipak yo‘li sarguzashtlari» turkumiga oid ushbu videosyujet atigi 5 daqiqa davom etsa-da, unda 10 kishi – shahar hokimi va turizm sohasi vakillari, tarixchi va muzey xodimlari, arxitektor va hunarmandlar YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Shahrisabz, uning buyuk bunyodkori Amir Temur, shuningdek, Oqsaroy va Dorus-Saodat majmualari, Ko‘kgumbaz masjidi kabi tarixiy obidalar, Markaziy Osiyoda yagona maqom muzeyidek diqqatga sazovor joylar haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirishgan.
– Amir Temur mohir sarkardagina emas, balki mazkur hudud o‘ziga xosligining ulug‘ timsoli hamdir, – deydi film muallifi Akis Tatsis Shahrisabzdagi Sohibqiron haykali ro‘parasida turib. – Undan avlodlarga nafaqat shaharlar va jang san’ati, balki madaniyat, me’morchilik va keng dunyoqarash ham meros qolgan… Shahrisabzga tun kirganda, Oqsaroy xarobalari uyqudan uyg‘onadi va chiroqlar yorug‘ida yana o‘tmish haqida hikoya qiladi. Amir Temurning ulkan rejasiga ko‘ra, Oqsaroy – qudrat ramzi, butun dunyoni hayratga solish uchun barpo etilgan… Bugungi Shahrisabz – buyuk o‘tmishning sokin aks-sadosi, zamonlarning jonli rishtasi, Buyuk Ipak yo‘lidagi yashirin durdona. U hali-hamon biz bilan so‘zlashmoqda, unga quloq tutsak, bas.
«Euronews»da namoyish etilgan filmda Shahrisabzda azal-azaldan rivojlanib kelayotgan milliy hunarmandchilikning noyob turlari va keyingi yillarda tobora kengayib borayotgan turizm infratuzilmasiga ham e’tibor qaratilar ekan, bu yerda yaratilgan xalq amaliy san’atining namunalari ko‘plab mamlakatlarga sotilayotgani, sayohlar esa turli qit’alardan tashrif buyurayotgani alohida ta’kidlab o‘tilgan. E’tiborlisi, «Euronews»dagi bunday ta’sirli reklamadan so‘ng Yashil shahar tomon turistlar oqimi yanada ko‘payishi mumkin. Zero, mazkur telekanal jahonning 160 ta mamlakatida 19 ta tilda namoyish etilib, qamrovi yuz millionlab kishini tashkil etadi.
«Euronews»ning rasmiy saytida qayd etilishicha, film O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (hozir uning asosida OAV uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etilgan) bilan hamkorlikdagi loyiha doirasida yaratilgan.
O‘z muxbirimiz