Bitta insonning ko‘nglini olish qanchalik qiyin, butun xalqni rozi qilish esa chinakam mashaqqat. Barcha davlatlar bilan til topishish ayniqsa bugun dunyo alg‘ov-dalg‘ov bir paytda manaman degan dahoning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Munosabat
Mamlakat siyosiy hayotidagi muhim voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma yo‘llashiga bag‘ishlangan yuksak darajadagi yig‘ilishda ishtirok eta turib, ana shular haqida fikr qilib, faxr-iftixorga qorishiq tuyg‘u ko‘nglimdan o‘tdi.
Davlat rahbari nutqida keltirilgan o‘tgan yilgi erishilgan muvaffaqiyatlar, bunga oid raqamlar olqishlar bilan e’tirof etildi. Tan olish kerak, qaysidir xalqlar alamu armonlar bilan, yana kimlardir urush va tinchlik o‘rtasidagi hadik, ba’zilar esa oxiri mavhum rejalar ila yilni yakunlashdi. Shukurki, 2025-yil xalqimiz uchun arzirli xotiralarga boy, tinchlik-xotirjamlik, baland orzular yili sifatida esda qoladigan bo‘ldi.
Qayd etilganidek, «Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshlangan demokratik islohotlar qat’iy davom ettirilgani, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati, hamjihatlik asosi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaytirilgani, odamlarning ongi va dunyoqarashi o‘zgarib, el-yurtimiz yanada jipslashgani, tadbirkor, dehqon va fermerlarning tashabbuskorligi va mardona mehnati, o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosat hisobiga 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi». Darhaqiqat, O‘zbekiston xalqi millatparvar yetakchi rahbarligida yangi orzular eshigini ochdi, kecha hatto xayolga ham kelmagan o‘zgarishlar, niyatlar ro‘yobini bugun ko‘rmoqda.
«To‘qqiz yil oldin 100 milliard dollarlik raqam biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz ilk bor 145 milliard dollardan oshdi», dedi davlat rahbari. Tabiiyki, bu kabi raqamlar odamlarda ertangi kunga ishonchni yuksaltiradi, yorqin kelajak sari dadil qadam tashlashga undaydi.
2025-yilda aholi farovonligi va biznes rivojiga xizmat qiladigan infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha katta o‘zgarishlar bo‘lgani rost. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 85 milliard kilovatt soatgacha oshdi. 2016-yilda bu ko‘rsatkich 60 milliardni tashkil etgan. Biz tengi avlod yaxshi biladi: qishloqlarda aholi kunlab elektr ta’minotisiz qolar, odamlar biror rahbarga duch kelib qolsa, kuniga hechqursa bir soat «svet» berilishini so‘rashdan nariga o‘tmasdi. Bugun bu ertakka o‘xshaydi – bolalarimizga aytsak ishonishmaydi.
Kichik hovlida 4-5 oila yashagani ko‘plarning yodidadir!? Bugun har bir oila Vatan ichra vatan qurish, boshpanali bo‘lish imkoniga ega. 2025-yilda 8,1 million kvadrat metr maydonda uy-joy qurilibdi, aholining o‘zi ham 19 million kvadrat metr yerda uy-joy qurgani yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar eshigining keng ochilgani natijasi desak, ayni haqiqatdir.
Besh yil oldin aholimiz yiliga 210 ming kvartira, 600 ming avtomobilь xarid qilgan bo‘lsa, bu yil 270 mingta uy, 1 millionta mashina sotib olgan. Bu ham aholi daromadi va xarid qobiliyati oshayotgani, farovonlik kundan-kun yaxshilanayotganidan dalolat.
Prezidentimiz Murojaatnomada mamlakat hayotining har bir jabhasini yanada rivojlantirishga oid yirik tashabbuslarning ijrosi bilan birga kelgusi yillardagi eng muhim vazifalarga ham to‘xtalib, 2026-yilni yurtimizda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili», deb e’lon qildi. Darhaqiqat, mamlakat tinchligi avvalo mahalla osoyishtaligiga bog‘liq. Mahalla rivojlansa, mamlakat yuksaladi, degan so‘zlarda ham katta ma’no bor. Yuksalish, rivojlanish esa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Uni ma’naviyati yuksak, bilimli, yurti uchun borini fido etadigan farzandlar yuksaltiradi.
Qayd etish joiz, giyohvandlik, ichkilikbozlik, poraxo‘rlik, zo‘ravonlik kabi bugungi kunning eng yirik xavflariga qarshi turadigan kuch ma’naviy barkamollik hisoblanadi. Shuning uchun ham farzandlarimiz tarbiyasiga doim asosiy e’tibor qaratish darkor. Binobarin, aholini ma’rifatli, bilimli, kitobxon qilish uchun Prezidentimiz tomonidan kecha tushimizga ham kirmagan ulkan rag‘batlar berilayapti. Ko‘p kitob o‘qiganga manaman degan davlatlarda ham avtomobilь sovg‘a qilinmaydi. «Yosh kitobxon», «Yosh kitobxon oila», «Kitobxon uy bekasi», «Kitobxon davlat xizmatchisi» nomli nufuzi baland va nufusi keng tanlovlar faqat bizda bor. Bu an’ana yanada davomli bo‘lishi Prezidentimiz Murojaatnomasida alohida ta’kidlandi:
«Mahalla yoshlarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida maktab kutubxonalarini har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan ta’minlab boramiz.
Kitob o‘qigan shiddatli islohotlarimizni tushunadi, tushungan odam esa uning qadriga yetadi. Qadrlagan odam esa uni asraydi, avaylaydi, yanada mustahkamlaydi».
O‘tgan yil 14 mingdan ziyod giyohvandlik jinoyati qayd qilingan. Ularning 3 mingga yaqinini yoshlar sodir etgani barchamizni jiddiy o‘ylantirishi kerak. Endi narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratish vazifasi qo‘yildi. Bu sohada qabul qilingan Milliy dastur ijrosiga hammamiz kirishsakkina, maqsadga yetamiz.
Qolaversa, Prezidentimizning quyidagi fikrlari hammamizni oyoqqa turg‘azishi kerak: «Donishmand bobolarimizning «Birlashgan – o‘zar, birlashmagan – to‘zar», degan hikmatli maqoli bor. Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak».
Murojaatnomada bu mas’uliyatli vazifani bajarishda e’tibor qaratish zarur jihatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlug‘ tavallud ayyomlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerakligi, bunday ulug‘ sanalarni yuksak darajada, har tomonlama munosib o‘tkazish esa barchamiz, avvalo, yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bugun Yangi O‘zbekistonimizning maqsadi aniq: yaqin yillarda daromadi jon boshiga o‘rtadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirish! Qarang, marra qanchalik aniq olindi, niyat qancha yaxshi qilindi. Qutlug‘ niyatlar ro‘yobi esa yangi umid-orzularga chorlaydi. Yurtini yaxshi ko‘rganlarning barchasini – hammamizni harakatga undaydi.
Komila KAROMOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari, senator