O‘rxon Pamuq turkiy dunyo adiblari orasida Nobel mukofoti bilan taqdirlangan yagona yozuvchi sanaladi. U 1952-yilda Turkiyaning Nishontoshi tumanida tug‘ilgan. Rassomlik kollejida, so‘ng Istanbul texnika universiteti me’morlik fakultetida o‘qigan, biroq har ikki yo‘nalishda ham o‘qishni yakuniga yetkazmagan. Keyinroq jurnalistika sohasida tahsil olgan va bu yerni ham diplomsiz yakunlagan.
Uning dastlabki romani “Javdatbey va o‘g‘illari” deb nomlanib, Turkiyaning yuksak adabiy mukofotlariga loyiq ko‘riladi. “Sassiz uy” romani Yevropada Pamuq nomini tanitgan bo‘lsa, “Oq qal’a” tarixiy romani Amerika mukofotiga sazovor bo‘ladi. “Qor” romani esa “Turkiyaning etnik va siyosiy masalalarini tadqiq etuvchi siyosiy roman” sifatida baholangan. O‘rxon Pamuqning ushbu kitobi 2004-yilda ingliz tiliga tarjima qilinib, “Yilning eng yaxshi 10 kitobidan biri” sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, adibning “Qora kitob”, “Boshqacha ranglar”, “Niqobli yuz” asarlari ham mashhur.
Shu vaqtgacha O‘rxon Pamuqning “Istanbul: xotiralar va shahar” asari o‘zbek tilida nashr etilgan. Yaqinda adib nomini dunyoga tanitgan “Mening otim qirmizi” romani o‘zbek kitobxonlari e’tiboriga havola etildi. Asarda XVI asrda Usmonli turk imperiyasida sodir bo‘lgan voqealar aks etadi. Islom taqvimining minginchi yilida Murod III tomonidan saltanat kuch-qudrati, boyligini ko‘rsatadigan va Yevropa hukmdorlari yuragiga qo‘rquv solishi kerak bo‘lgan kitob tayyorlanishi buyuriladi. Miniatyurachi rassomlar yashirincha ish boshlab, ulardan biri sirli ravishda o‘ldiriladi. “Mening otim qirmizi” romani voqealari shu qotillik atrofida yuz beradi. Voqea-hodisalar esa har bir qahramon tilidan, o‘ligu tirik, jonliyu jonsiz personajlar tomonidan hikoya qilinadi. Qiziqarli syujet kitobxonni asar oxirigacha diqqatda ushlab turadi.
Saralangan satrlar
* * *
O‘lim bilan qarshilashganimda pulning hayotda hech qanday ahamiyati yo‘qligini angladim, deyolmayman. Inson bu hayotda bo‘lmasa-da pulning ahamiyatini biladi.
* * *
Faqat ahmoqlar aybsizdir.
* * *
Qalbingizda naqsh solingan sevgilingizning yuzi yashasa, butun dunyo sizning uyingizdir.
* * *
Bir buyuk farang ustod bilan boshqa bir naqqosh usta farang maysazorda yurib, ustalik va san’at haqida suhbatlashayotgan ekan. Qarshilaridan o‘rmon chiqibdi. Ustasi boshqasiga shunday debdi: “Yangi usullar bilan rasm etish uchun shunday bir iste’dod kerakki, o‘rmondagi daraxtlardan birini chizdingmi, rasmga qaragan odam bu yerga kelib, xohlasa, o‘sha daraxtni boshqalaridan ajrata olsin”.
* * *
Ranjish ham, sevinish ham yengib bo‘lmaydigan hassos narsalardir.
* * *
Haqiqiy qobiliyat va hunar oltin va shon-shuhrat sevgisi bilan ham buzilmaydi.
* * *
Xotirlash ko‘rganingni bilishdir. Bilish ko‘rganingni xotirlashdir. Ko‘rmak xotirlamay bilishdir.
* * *
Men Alloh olamni yetti yoshdagi aqlli bir go‘dak ko‘rishni istaydigani kabi yaratganini bilaman.
* * *
Eng yomon qarish, xunuklashish, hatto ersiz qolish ham emas, hayotda hech kim sizni rashk qilmasligidir.
* * *
Naqadar go‘zal edi, bolalikda adolatsizlikka uchrab, to‘shakka yotvolib yig‘lab-yig‘lab uxlab qolish!
* * *
Keksalik yolg‘iz nishablarda qiynalish emas, o‘limdan unchalik qo‘rqmaslik hamdir.
* * *
Bir shahar qancha katta va rang-barang bo‘lsa, aybingizni va gunohingizni yashiradigan shuncha burchagi, qancha odami ko‘p bo‘lsa, aybingiz bilan oralariga qo‘shilib keta oladigan shuncha kishisi bor demakdir. Shaharlar zakosi bag‘riga sig‘dirgan olimlar, kutubxonalar, naqqoshlar, xattotlar va madrasalar bilan emas, qorong‘i ko‘chalarida minglab yillar yashirincha sodir etilgan jinoyatlarning ko‘pligiga qarab o‘lchanishi lozim. Bu mantiq bilan Istanbul butun jahonning eng zakiy shahri bo‘lishiga hech shubham yo‘q.
* * *
Inson o‘limdan emas, yolg‘iz bo‘lish, yolg‘iz, o‘xshashsiz va mustasno qolish istagi shiddatidan qo‘rqadi.
* * *
Qalbimiz bir turli chiqarishni istamagani azobli xulosani beshafqat aqlimiz chiqarar-chiqarmas butun gavdamiz unga isyon etadi.
* * *
Hammamizda bo‘ladi: ba’zan mantiq bilan o‘ylayman deb haftalar, yillar bo‘yi xayol qurganimizdan so‘ng bir kun bir narsani ko‘ramiz, bir yuz, bir libos, baxtli bir inson va shu onda xayollarimiz ro‘yobga chiqmasligini, masalan, u qizni bizga bermasliklarini, masalan, falonchi mavqega hech keltirilmasligimizni anglaymiz.
* * *
Rasmga, naqshga, go‘zal kitoblarga sevgi tuygan hamma xonlar, shohlar, podshohlar qiziqishining uch mavsumi bo‘ladi. Ilk boshda jasurdirlar, kirishimli va qiziquvchan bo‘ladilar. Rasmni boshqalarda ko‘rganlari uchun, e’tibor sabab istarlar. Bu mavsumda o‘rganib, ikkinchi mavsumda istaganlari kitobni o‘z rohatlari uchun tayyorlatarlar. Rasmlarga tikilishdan samimiy xushlanishni o‘rganganlari uchun e’tiborli ham bo‘ladi, o‘limlaridan keyin bu dunyoda shon bo‘lsin deb qoldiradiganlari kitoblari ham. Hayotlarining kuzida esa hech bir podshoh bu dunyoda qoladigan abadiylikka ortiq qiziqmaydi. Bu dunyodagi o‘limsizlik bilan, u dunyoda kelajak avlodlar, nabiralarimizgacha xotirlanishimizni bilaman.
* * *
Qiyomat kuni musavvirdan yaratgan shakllariga jon berish talab qilinadi. Ammo hech narsani jonlantira olmaganlari uchun jahannam azobiga yo‘liqtiriladi. Unutmaylik: musavvir Qur’oni karimda Allohning sifatidir. Yaratuvchi bo‘lgan, yo‘q narsani bor etgan, jnosizni jonlantirgan Allohdir. Hech kim u bilan bahslashishga chiranmasligi kerak. Rassomlar u qilgan ishni qilishga urinishlari, u kabi yaratuvchi bo‘lishni iddao qilishlari eng buyuk gunoh.
* * *
Bir falokatdan keyin barimizda bo‘ladi: oxirgi umid bilan, kulgili va ahmoqona ko‘rinishdan xijolat bo‘lmay har narsa oldingi kabi davom etishi uchun yolvoramiz.
* * *
Hovli-bog‘cha ko‘rmas bir xonada o‘ttiz bir yil mahbus yashab, kitoblar ichida ulg‘aygan shahzoda muhlati to‘lgan otasi o‘lishi bilan taxtga o‘tirar-o‘tirmas degan ekanki: “Menga bir ot keltiring, kitoblarda ko‘p rasmini ko‘rdim, qanday narsa, juda qiziqyapman”. Saroyning eng go‘zal saman otini olib kelishibdi-da, yangi shoh otning quvur kabi burun tirqishlari, adabsiz orqasi, rasmlardagi kabi porlamayotgan tuklari, qo‘pol sag‘risi borligini ko‘rib, xayoli parishon bo‘lib, mamlakatning butun otlarini o‘ldirtirgan ekan. Qirq kun surgan bu zolimona qiyom so‘ngida mamlakatning soylari kadar va qon rangi ila oqqan ekan. Allohning adolati natijasi, bu yangi shoh dushmani Qoraqo‘yunli turkman beyining qo‘shini qarshisida suvoriysiz qolgani uchun yengilib, parcha-parcha etilib, o‘ldirilgan ekan.
* * *
Pulga ham ishonmaydi, ammo qo‘rqoqlarcha to‘playdi. Vaholanki, butun qotillar, o‘ylashganidan farqli ravishda, ishonchsizlardan emas, ko‘p ishonib yuborganlardan chiqadi.
* * *
Bu dunyoning go‘zalligi va siri faqat unga sevgi ila ko‘rsatilgan diqqat, qiziqish va shafqat bilan o‘rtaga chiqadi.
* * *
Iste’dodi va ustaligiga samimiylik ila hayron bo‘lganimiz kishini yuziga qarab maqtarkanmiz, samimiy bo‘la olishimiz uchun u kuchdan-iqtidordan tushib, biroz zavolli bo‘lishi kerakmi?
* * *
Inson yolg‘iz qolganini alam bilan anglaydi-yu, baribir hamma eshiklarni, javonlarni, hatto qozon qopqoqlarini ochib-yopib ko‘radi.
* * *
Biz, Odam o‘g‘illari, vijdonimiz va aqlimiz bilan bir narsaning xunuk va yanglish ekanligini bilishimizga qaramay, u narsadan ko‘p zavq ham ololamiz.
* * *
Inson qanday baxtli bo‘lishini bilishiga qaramay, baxtli bo‘la olmasligi mumkin.
* * *
Hammamizning hayotimizda, hali u tugamasidan turib hatto, bundan so‘ng va juda uzoq muddat hech unuta olmaydiganimiz bir narsa boshimizdan o‘tayotganini anglaydigan vaqtimiz bo‘ladi.
* * *
Bundan keyin qusurlari bilan maqtanadigan ahmoqlar tufayli olam yanada rangli, ammo yanada ahmoq va, albatta, yanada qusurli bo‘ladi.
* * *
Ko‘r bilan ko‘ruvchi bir bo‘lmas. Qorong‘ilik bilan oydinlik ham bir bo‘lmas. Ko‘lanka bilan issiq yer ham bir bo‘lmas va tiriklar bilan o‘liklar ham bir bo‘lmas.
* * *
O‘g‘lini past ko‘rgan ota bo‘lolmaydi.
* * *
Sof qolishni istaganning qiladigan ishi va qochadigan yeri bordir har doim.
* * *
Bir xonadan boshqasiga faqat xotirlab va xayol qilib o‘ta olamiz, ammo ko‘pimiz erinchoqlikdan bularni juda oz amalga oshirib, doim ayni xonada kutib o‘tiramiz.
* * *
Inson aslida baxt rasmidagi kulimsirashni emas, hayotdagi baxtni qidiradi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.
