Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat Folibga 50 million so‘m beriladigan “Kitobxon uy bekasi” tanlovining tuman va shahar bosqichlari o‘tkazilmoqda
Ma’naviyat

Folibga 50 million so‘m beriladigan “Kitobxon uy bekasi” tanlovining tuman va shahar bosqichlari o‘tkazilmoqda

Ezgu tashabbus

Viloyat hokimi sovrini uchun viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamkorligidagi «Eng yaxshi kitobxon uy bekasi» tanlovining tuman va shahar bosqichlari o‘tkazilmoqda.

Kitobxonlikni keng yoyish va targ‘ib etish, aholining kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirish, uy bekalarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali o‘tkazish hamda bilim va iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tanlovda kitobxon uy bekalari har bir bosqichda alohida shartlar asosida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Qayd etish lozim, joriy yilning mart oyida viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasining ijtimoiy tarmoqdagi kanalida kitoblar ro‘yxati e’lon qilinib, asarlarning elektron shakli joylashtirildi. Shunga ko‘ra, kitobxon uy bekalari qariyb besh oy mobaynida Alisher  Navoiyning «Lison ut-tayr», Fitratning «Najot yo‘li», Tog‘ay Murodning «Oydinda yurgan odamlar», Xayriddin Sulton qalamiga mansub «Yaldo kechasi», Sharlotta Brontening «Jeyn Eyr», Anton Chexov hikoyalaridan tarkib topgan «Kuchuk yetaklagan xonim», Yuy Xuaning «Yashamoq» asarlari hamda «Malika Ayyor» dostonini mutolaa qilishdi. Viloyat bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan ishtirokchilar ushbu kitoblarga qo‘shimcha ravishda Zulfiyaning «Shalola» hamda Shavkat Rahmon qalamiga mansub «Abadiyat oralab» she’riy to‘plamini o‘qib, she’riyat shartiga javob berishlari darkor.

Mahalla bosqichida saralangan kitobxonlar tuman va shahar miqyosida insho hamda savol-javob shartlari asosida bilim va iqtidorlarini namoyish etishayotir.

– Mazkur tanlovda aynan uy bekalari qatnashishini alohida shart qilib qo‘ydik, ya’ni mehnat va tug‘ruq ta’tilida bo‘lgan ayollar ushbu bellashuvda qatnasha olmaydi, – deydi viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi mas’ul xodimi Sobir Musulmonov. – E’tiborlisi, tanlov davomida ko‘plab iqtidorli va zukko uy bekalari kashf etilmoqda. Tanlovning viloyat bosqichi ancha qizg‘in o‘tishi shubhasiz. Kelgusida tanlovning qamrov darajasini yanada kengaytirib, mukofot miqdorini oshirishni maqsad qilganmiz.

Ma’lumot o‘rnida, tanlov viloyat bosqichi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida bo‘lib o‘tadi. 1-o‘rin sohibasiga – 50 million so‘m,  2-o‘ringa 30 million hamda 3-o‘ringa 20 million so‘m pul mukofotlari beriladi.

B.SAYFIYEV

Suratlarda: tanlov tuman va shahar bosqichidan lavhalar.

Exit mobile version