Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Fransuz rejissori va kinooperatorini Yakkabog‘ga nima boshlab kelgan edi?
Jamiyat

Fransuz rejissori va kinooperatorini Yakkabog‘ga nima boshlab kelgan edi?

Ma’lumki, Yakkabog‘ tumanidagi Qal’ai Sheron darasi Amir Temurning mo‘g‘ul istilochilariga qarshi kurash boshlagan dastlabki yillarida ishonchli tabiiy istehkom bo‘lgan. Uni dunyoga mashhur qilgan yana bir sabab bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerdan topilgan bahaybat hayvon izlari haqida 1977- yilda olim V.V.Kurbatov tomonidan fan olamiga ma’lum qilingan va bu Markaziy Osiyo uchun kutilmagan yangilik sifatida baholangan. Balandligi ikki qavat uyday, uzunligi o‘n to‘rt metr keladigan ulkan jonzot ikki oyoqli va uzun, qudratli dumga ega bo‘lgan. U 140 million yil ilgari yashagan, deya taxmin qilinadi. Qoyatoshda uning 23 ta izi saqlangan. Oyoq izlari uzunligi yarim metr, eni esa 0,45 santimetr, qadamlari orasi 1,5 metr keladi.

Taniqli tarixchi va adib Poyon Ravshanov hamda Nabi Xushvaqtov ma’lumotlariga tayansak, bir vaqtlar bu qoyali tog‘lar Tetis dengizining qirg‘og‘i bo‘lib, Hind ummoniga tutashgan. Tektonik o‘zgarishlar dengiz qirg‘og‘ining ikki ming metr balandlikda qolishiga sabab bo‘lgan.

Amir Temur g‘oridan Toshqo‘rg‘ongacha bo‘lgan 13 chaqirimlik yo‘l o‘rtasidagi bu bahaybat izlar mahalliy aholiga ma’lum bo‘lib, ular buni Hazrati Alining Dulduliga tegishli deb hisoblashgan.

1993-yilda fransuz rejissori Fabyen Potye va Filipp Prust Qal’ai Sheronga kelgan va ko‘rganlaridan hayratga tushishgandi.

Umuman, ushbu manzil mahalliy sayyohlar barobarida Rossiya, Italiya, Germaniya va boshqa davlatlar olimlari, mutaxassislari e’tiborini o‘ziga jalb etib keladi.

Exit mobile version