Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida “Ayollar huquqlari va gender tenglik” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova, O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktorining davlat tili va ilmiy-tadqiqot masalalari bo‘yicha maslahatchisi, filologiya fanlari nomzodi, professor Naibaxon Mamadaliyeva, O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova va boshqalar so‘zga chiqib, hayotning barcha jabhalarida ayollar faol ishtirokini ta’minlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish va gender stereotiplarini bartaraf etish bo‘yicha fikr bildirishdi.
Ta’kidlandiki, milliy qonunchiligimizga “gender” tushunchasi 2019-yil 3-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni bilan kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra gender – xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihati hisoblanadi.
– Jamiyatda tenglik va adolatni ta’minlash har bir fuqaroning bevosita vazifasi bo‘lib, aynan jamoatchilikning faol ishtiroki ayollar huquqlarini himoya qilish yo‘lida muhim omil hisoblanadi, – deydi Komila Karomova. – Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, amaliy natijalarni yanada mustahkamlash zarur.
Tadbirda, shuningdek, zo‘ravonlikning oldini olish, ayollar salomatligini mustahkamlash va ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy-huquqiy yordamni kuchaytirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Shohista BOZOROVA