Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan GENDER TENGLIKKA ERISHISH STRATEGIYASI
Ilm-fan

GENDER TENGLIKKA ERISHISH STRATEGIYASI

Uni amalga oshirish uchun joriy yilda viloyatimizda qanday chora-tadbirlar belgilangan?

O‘quvchilarda genderga oid huquqiy madaniyatni shakllantirish, ularga xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligiga oid tushunchalarni yoshlikdan singdirish maqsadida viloyatimiz umumta’lim maktablarida maxsus reja ishlab chiqilib, shu asosda mazkur yo‘nalishda doimiy ravishda ochiq darslar, interfaol mashg‘ulotlar, ko‘rik-tanlov va viktorinalar o‘tkaziladi.

Mahalliy Kengashlarda

Maktablarda genderga oid huquqiy madaniyatni yoshlikdan shakllantirishga qaratilgan mashg‘ulotlarning tashkil etilishi yaqinda xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan. Unga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan muhim vazifaning ijrosi uchun viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan bir qatorda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, turli manfaatdor korxona, tashkilotlar va viloyat teleradiokompaniyasi mas’uldir. Zero, o‘quvchilarda genderga oid huquqiy madaniyatni shakllantirish uchun ushbu mavzuda qisqa metrajli roliklarni yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, dasturdan davlat xizmati, ta’lim, ilm-fan, sport, sog‘liqni saqlash sohalari va ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda, oilaviy munosabatlar va bolalar tarbiyasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda  xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash, bu borada qonunchilik asoslari va institutsional tizimni takomillashtirish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan boshqa ko‘plab chora-tadbirlar ham o‘rin olgan. Masalan, xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtirokini rivojlantirish va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ayollar uchun moslashuvchan ish rejimi va masofadan turib ishlash tizimini taraqqiy ettirish, bunday ish o‘rinlarini taqdim etuvchi ish beruvchilarga imtiyozlar belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish rejalashtirilgan. Ayni paytda uy bekalari, homilador va voyaga yetmagan bolasini parvarish qilayotgan ayollar uchun «Ayol-tadbirkor» loyihalarini joriy etish orqali uyda o‘tirgan ayollarga iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, xotin-qizlarni biznes yuritish bo‘yicha o‘qitish, ularga o‘z loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashish hamda o‘qitish yakuni bo‘yicha g‘olib biznes loyihani aniqlab, uni davlat mablag‘lari asosida moliyalashtirish nazarda tutilgan.

Xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish uchun esa siyosiy partiyalarning «Ayollar qanoti» hamda «Deputat ayollar klubi» rolini kuchaytirish mo‘ljal qilingan. Xususan, bu yo‘nalishda jamiyatda «Ayol siyosatchi» obrazi to‘g‘risida ijobiy fikrni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini olib borib, siyosatchi ayollar haqida media mahsulotlar tayyorlash va markaziy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini ta’minlash, siyosiy partiyalar «Ayollar qanoti»ning korxona va tashkilotlar bilan hamkorligini kengaytirish, «Deputat ayollar klubi» faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha umumta’lim maktablari va oliy o‘quv yurtlari hamda davlat organlarida xotin-qizlar uchun maxsus «siyosat soatlari»ni tashkil etish belgilangan.

Dastur bandlaridan birida xotin-qizlarning mansab pog‘onalarida ko‘tarilishiga ko‘maklashib borish chora-tadbirlari aks ettirilgan ekan, buning uchun davlat organlari, tashkilot va korxonalarida istiqbolli va iqtidorli xotin-qizlar  aniqlanib, kadrlar zaxirasi shakllantiriladi, ularning bilim va kasbiy ko‘nikmalarini muntazam rivojlantirish va yuqori rahbarlik lavozimlariga maqsadli tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlari va o‘quv rejalari ishlab chiqiladi.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version