Bilasiz, o‘tgan asr 20-yillarida millat oydinlari tashabbusi bilan Vatanimizning ko‘plab yigit-qizlari Germaniyaga o‘qishga yuborilgan va sovet mafkurasining buzg‘unchi ta’siri ostida ular qatag‘onga uchrab, otib tashlangan, quvg‘in qilingan yoki yurtdan tashqarida yashashga majbur bo‘lishgan.
Qashqadaryoga oid
1922-yilning kuzida Germaniyaga tahsil olish uchun Buxoro Xalq Respublikasi tomonidan yo‘llangan 55 talaba orasida sobiq Buxoro amirligining e’tiborli mulozimlaridan bo‘lgan Nusratullo Nizomiddin o‘g‘lining farzandi Omonullo ham bor edi.
«Qashqadaryo vohasi tarixidan lavhalar» kitobida tarixchi Bahrom Irzayevning qayd etishicha, Omonullo Nusratullayev 1906-yili Kitob viloyatining begi Nusratullo Nizomiddinov oilasida dunyoga kelgan. 1920-yili Buxoro amiri ag‘darilgach, uning otasi qizil armiya bilan kurashlardan birida halok bo‘ldi. Amakilari Abdulla, Sadriddin va Ne’matulla Nizomiddinovlar amir mulozimlari sifatida Buxoro zaminini tark etadilar. Omonulloning bolaligi Kitob va Buxoro shaharlarida kechgan. U dastlab Buxoroda jadid maktabida, so‘ng madrasada ta’lim oldi.
Omonullo Nusratullo o‘g‘li Berlin shahrida to‘rt oylik til kursini bitirgach, amaliy tajriba orttirish maqsadida Berlindagi Lyudvig-Le mashinasozlik zavodiga ishga joylashtiriladi. Ma’lum bilim va malakaga erishgach, bir guruh yoshlar bilan Bronshveyge shahriga yo‘l oladi. Turkistonlik talabalar bu shahardagi dorixona, do‘kon, zavod, fabrika va boshqa korxonalarga ishga joylashishadi.
Omonullo Nusratullayev Shtreylits shahrida joylashgan Texnika oliy maktabining injener-mexanik fakultetiga o‘qishga kiradi. 1928-yil oxirida Omonullo Nusratullayev uchun ham sovetlar O‘zbekistoni stipendiya berishni to‘xtatadi. O‘qishni davom ettirolmasligi aniq bo‘lgach, 1929-yil Vatanga qaytishga qaror qiladi.
Omonullo Nusratullayev Germaniyada Erika Emilyevna Bulman degan olmon qizi bilan oila qurgan edi. Ular birgalikda qaytadilar.
Ijtimoiy kelib chiqishi jihatidan «yot unsur» bo‘lgan Omonullo Nusratullayevni avvaliga hech joyga ishga olishmadi. Ishga olgach esa Moskva, Samarqand, Toshkent va viloyatlararo xizmat safarlari uning bir joyda qo‘nim topishiga imkon bermadi. Rafiqasi Erika Bulman 1931-yilda «Chirchiqstroy»ga ishga kirib, nemis tilidan dars bera boshlaydi. Biroq har bir qadamini kuzatib yurgan GPU ko‘z-quloqlari ta’qibidan bezgan Erika 1936-yili vataniga qaytib ketadi.
Omonullo Nusratullayev 1933-1934-yillarda O‘rta Osiyo Plan institutida dars beradi. Ammo u yerda ham uzoq ishlay olmaydi. Uni germanofil g‘oyalarni ilgari surdi, degan bahona bilan ishdan haydashadi. 1935-yilga kelib Toshkent shahrida yashashga to‘liq ruxsat olgach, 1936-yildan Toshkent transport temir yo‘l injenerlari institutiga ishga kiradi.
Endigina o‘z hayotini yo‘lga qo‘ya boshlagan bir paytda, 1937-yil 4-sentabr kuni Omonulla Nusratullayev O‘zSSR Jinoyat kodeksining 60- (aksilinqilobiy tashviqot), 67- (aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik) moddalari bilan qamoqqa olinadi.
Omonullo o‘ziga qarshi tuhmat va bo‘htonlarning barchasini qat’iyan rad etdi, biroq bu gaplarga hech qanday ahamiyat berilmadi. Omonullo Nusratullayevning ishi 1938-yil 9-oktabr soat 9:20 dan 9:30 gacha ko‘rib chiqiladi. «Uchlik» sudida unga nisbatan o‘lim hukmi o‘qilib, o‘sha kuniyoq ijro etiladi.
Naxshab nima degani?
Qarshi shahri tarixi haqida so‘z borarkan, Naxshab atamasi ko‘p uchraydi. Xo‘sh, bu atamaning ma’nosi nima?
Manbalarga ko‘ra, Naxshab – «suv naqshi» degan ma’noni bildiradi. YA’ni shahri Kesh orqali keladigan daryoning o‘rta oqimida, dehqonchilik maydonlariga suv chiqarishga o‘ng‘ay, Kosonning Oqtepasiga qadar yetadigan Ro‘daksoyning o‘ng tarmog‘iga yaqin joyda vujudga kelgan manzil shunday nomlangan. Shimoli biyday cho‘l va changalzor bo‘lgan hududda, tabiiyki, suv nihoyatda qadrlangan.
Naxshab yozma manbalarda «Nikshapa», «Nashebo», «Naxshabibolo» kabi nomlar bilan qayd etilgan. Naxshab shahrining xarobasi Qarshi va Koson oralig‘ida, Qarshidan 10 chaqirim shimoliy qutbda joylashgan. Shaharning ilk o‘rni hozirgi Yerqo‘rg‘on xarobalariga to‘g‘ri keladi. Shahar o‘rab olingan ichki mudofaa devori besh burchak shaklda bo‘lib, 40 tanob joyni muhofaza qilgan. Tashqi devor aylanasi 4-5 chaqirim keladi va qamragan maydoni 150 tanobni tashkil etadi.
Yerqo‘rg‘on shaharchasi miloddan avvalgi IX-VIII-asrlarda vujudga kelgan. Shunga ko‘ra, tadqiqotchi Rustam Sulaymonov e’tirof etganidek, Naxshab Qashqa vohasidagi shaharlar onasi sanaladi. Bu shahardan keyin eng yoshi ulug‘ obida Mudintepadir.
G‘afur G‘ulom ijodini o‘rgangan G‘ulom G‘afurov haqida eshitganmisiz?
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi G‘ulomxon G‘afurov 1947-yilda Yakkabog‘ tumanidagi Qo‘shilish qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Yoshligidan adabiyot va jurnalistikaga bo‘lgan qiziqish uni Toshkent davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limiga boshlab keladi.
Talabalik davrida universitetning bir guruh talabalari safida Estoniyaning Koxtla-Yarve shahrida talabalar qurilish guruhida qatnashadi. Safar taassurotlarini «Yosh leninchi», «Toshkent oqshomi», «Toshkent binokori» gazetalarida e’lon qilib boradi. Natijada 1970-yilda universitetni tamomlab, gazetada faoliyatini davom ettiradi. O‘sha davrda o‘zlashtirilayotgan Surxon-Sherobod, Qarshi cho‘li, Mirzacho‘l va Jizzax dashtlaridan ko‘plab maqolalar, ocherk va lavhalar tayyorlaydi. «Oybek publitsistikasi», «Braziliya adibi Jorj Amadu», «Ozarbayjon adibi Said Urdubodiy» kabi maqolalari dunyo yuzini ko‘rdi.
G‘ulomxon G‘afurov 1972-yilda Toshkent davlat universiteti aspiranturasiga o‘qishga kiradi. 1975-yilda «G‘afur G‘ulomning publitsistik mahorati» mavzusida dissertatsiya yoqlab, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oladi. Professor Ochil Tog‘ayev rahbarligida amalga oshirilgan bu tadqiqot asosida G‘ulomxon G‘afurovning o‘nlab maqolalari, «Taqdirni qo‘l bilan yaratur odam» (1979), «Kamalakda nur ko‘p, jilo ko‘p» (1983) risolalari nashr qilinadi.
U 1976-yili Toshkent davlat madaniyat institutiga ishga o‘tib, madaniy-ma’rifiy ishlar nazariyasi va amaliyoti, madaniyatshunoslik, estetika, odob-axloq muammolari bilan jiddiy shug‘ullanadi. «Klub ssenariysi asoslari», «Madaniyatshunoslik», «Psixologiya va muloqot odob-axloqi», «Xalq universitetlari va estetik tarbiya», «Madaniyat va jamiyat» risolalari chop etiladi.
G‘ulomxon G‘afurovning ilmiy-ijodiy faoliyati keng qamrovli. U adabiyot va san’at, iqtisod va siyosat, madaniyat va ma’naviyat masalalari bo‘yicha tadqiqot va o‘rganishlar olib borgan. «Navro‘z – xalq bayrami», «Har kuning bo‘lsin Navro‘z», «Udumlarda xalq qalbi», «Inson qalbi» asarlarida udum va an’analarni tiklashga e’tibor qaratsa, «Televideniye va tarbiya», «Davr va janr» risolalarida jurnalistika nazariyasi va amaliyotiga to‘xtalib o‘tadi. «Ko‘hna Turon tarixi», «Ipak yo‘li» tarixiy ocherklari, «Vatan saodati», «Ko‘ngil mulki», «Jahon va Vatan madaniyati», «Movarounnahr javohiri» kitoblarida tarixiy mavzularga murojaat qilgan.
G‘ulomxon G‘afurov 1998-yilda vafot etgan.
Sobiq ittifoqning Indoneziyadagi elchisi beshkentlik bo‘lganini bilasizmi?
1931-yilda Qarshi tumanidagi Beshkent qishlog‘ida tug‘ilgan Boymurod Ergashev SSSRning Indoneziyadagi favqulodda muxtor elchisi lavozimida xizmat qilgan. Beshkentlik faxriy jurnalist Polvon To‘liyevning ma’lum qilishicha, Boymurod Ergashev boshlang‘ich ta’limni Behbudiy nomidagi 10-o‘rta maktabda olgan. Buxoro davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qigan.
1964-yilda sobiq KPSS Markaziy qo‘mitasi huzuridagi Moskva oliy partiya maktabini tamomlagan. 1969-yilda sobiq ittifoq Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Oliy diplomatiya maktabini bitirgan va Indoneziyada xizmat qilgan.
Boymurod Ergashev diplomatiya xizmatidan so‘ng Davlat xavfsizlik qo‘mitasida, Buxoro viloyati o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida va mahalliy ijroiya qo‘mitalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Tumandan chiqqan birinchi elchi Boymurod Ergashev 1994 yilda vafot etgan.
Beshkent shahridagi markaziy ko‘chalardan biriga uning nomi berilgan.
BEKZOD tayyorladi.