Barchaga ma’lumki, bir necha yildan buyon yurtimizda futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kubogi musobaqasi tizimli tarzda tashkil etib kelinmoqda. Natijada mahallalar yoshlarini ommaviy sportga jalb etish, shu orqali ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish samaradorligi oshib bormoqda.
DXX kubogi – 2025
Aslida musobaqa tashkiliy rejasi ham shunga qaratilgan bo‘lib, Qashqadaryoda 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar jamoalari aynan mahallalar kesimida shakllantirildi va avval tuman (shahar)lar bosqichida o‘zaro kuch sinashishdi. G‘oliblar esa musobaqaning viloyat bosqichiga yo‘l olib, sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettirdi. Xuddi shu yosh toifasidagi qizlar jamoalari esa tuman (shahar)lar miqyosida jamlanib, turnirda ishtirok etishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda voha aholisining qariyb 24 foizini 16-30 yosh toifasiga mansub o‘g‘il-qizlar tashkil etadi. «DXX kubogi – 2025» musobaqasida ishtirok etish uchun: futbol bo‘yicha 36 ming nafardan ortiq, mini-futbol bo‘yicha 23 ming 500 nafarga yaqin o‘g‘il bola hamda 16 ming 13 nafar qiz (mini-futbol) ro‘yxatdan o‘tgan.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda: (futbol, o‘g‘il bolalar) Kasbi tumani Qoratepa mahallasi jamoasi 1-o‘rinni; Mirishkor tumani Nurafshon mahallasi jamoasi 2-o‘rinni; Shahrisabz tumani Bog‘ishamol mahallasi jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Mini-futbol (o‘g‘il bolalar) musobaqasida esa 1-o‘rin Koson tumani Mug‘jagul mahallasi; 2-o‘rin Mirishkor tumani Yangi Mirishkor mahallasi; 3-o‘rin Qarshi shahri Xontepa mahallasi jamoalariga nasib qildi.
Qizlar o‘rtasidagi mini-futbol bahslarida Qarshi, Chiroqchi, Mirishkor tumanlari jamoalari mos ravishda dastlabki uchta o‘rindan joy oldi.
Kuni kecha Qarshi shahridagi Markaziy o‘yingohda futbol bo‘yicha «DXX kubogi – 2025» musobaqasi g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazilib, ularga olqishlar ostida medallar, diplom va qimmatbaho sovg‘alar hamda kubok topshirildi, eng yaxshilar e’tirof etildi. Tadbir doirasida uyushtirilgan katta konsert dasturida esa taniqli boshlovchi va san’atkorlar muxlislarga zavq-shavq ulashishdi.
Endi g‘olib jamoalar turnirning avgust oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladi, ularga omad tilaymiz!
O‘z muxbirimiz