Yangi avlod oilada dunyoga keladi, unda ulg‘ayadi va dunyoni taniydi. Yon-atrofidagi odamlar, muhit ular kelajagi uchun ta’sir kuchiga ega bo‘lib, taqdirga daxldor ko‘nikmalar hosil qilinishida muhim rol o‘ynaydi.
15 may – Xalqaro oila kuni
Shuning uchun bo‘lsa kerak, turli oilalarda o‘sgan har qanday avlod vakillarida muayyan bir xillik bilan birga turlicha ma’naviy qiyofa, dunyoqarash ko‘zga tashlanadi. Bir xillik davr va jamiyat ta’sirida shakllangan o‘ziga xoslik deb hisoblasak, turlichalik oiladagi muhit va tarbiya mahsulidir. Bugun jamiyat ham, oila ham ilmli, tarbiyali avlodni ulg‘aytirishga diqqat qaratgan. Davrning talabi ham shu.
Tarbiyada eng samarali usul – shaxsiy ibratdir. Farzandga yuz bora, kitob o‘qigin desayu ota-ona o‘zi qo‘liga kitob olmasa, mehrli bo‘lgin desayu o‘n, yigirma kunda biron bir qondoshini yo‘qlamasa, haromdan uzoq yurish kerakligini uqtirsayu, ammo uyiga kimningdir haqqini ko‘tarib borsa, bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha telefon «kovlab», televizorga termulib kunni o‘tkazsa, bag‘rida o‘stirayotgan niholdan qanday meva kutish mumkin?!
Ma’lumki, o‘zbek oilalarida o‘sayotgan yangi avlod vakillari tarbiyasida onalarning o‘rni alohida e’tirof etiladi. Shuning uchun xotin-qizlarning intilishi qo‘llab-quvvatlanmoqda. Binobarin, ular qanchalik oqila, zukko va tadbirli bo‘lsa, bu fazilatlar ana shunday onalar tarbiyalayotgan farzandlarda ham bo‘y ko‘rsatadi. Qolaversa, oqila, zukko va tadbirli ayol oila mustahkamligini, farovonligini ta’minlashga qodir.
Vatanga sadoqat, ota-onaga oqibat, oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga oilada singdiriladi. Oiladagi ma’naviy muhitni barqarorlashtirish ota-onada farzandlar, farzandlar oldida ota-onaga nisbatan burchlarini, ularning jamiyat oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Oila ana shunday go‘zal urf-odatlarimiz, milliy qadriyat va an’analarni o‘zida mujassam etgan muqaddas go‘sha. U farovon bo‘lsa, mahalla tinch, jamiyat barqaror rivojlanishda, davlat esa mustahkam bo‘ladi.
