qolgani talabaning harakatiga bog‘liq
Keyingi yillarda oliy ta’lim tizimida ko‘plab yangilanishlar, o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Kredit-modul tizimi, kirish imtihonlaridagi imtiyozlar, kechki va masofaviy ta’limga keng o‘rin berilayotgani, tizimda korrupsion holatlarning barham topayotgani shular jumlasidan. 2025 yilda sohada yana bir yangilikka jazm etildi. Endi ta’lim grantlari talabalar o‘rtasida qayta taqsimlanadi. Avvalgidek, grantda o‘qiyotgan talaba to‘rt yil shu tarzda qolmaydi, u bu darajani saqlab qolish uchun harakat qilishga majbur. Xo‘sh, bu qanday tartib bo‘ldi? Kimlar grant uchun talabgor bo‘lishi mumkin?
Ta’lim va islohot
Qarshi davlat texnika universiteti mas’ullari bu kabi savollarga javob beradilar.
Zafar CHORSHANBIYEV, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor:
– 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti faqat bir o‘quv yili uchun ajratiladigan bo‘ldi. Natijada «a’lochi» talaba haqiqatan shu darajaga munosib ekanini har yili isbotlashiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, yangi o‘quv yilidan boshlab, talabalarga beriladigan grantlar ikki turga ajratiladi: ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi va ta’lim granti.
Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi ta’lim granti qonunchilikda belgilangan imtiyozlar asosida davlat granti bo‘yicha va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilinganlarga ajratiladi. Bu grant tarmoq va sohalar, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ham beriladi. Talabalar bu grantni o‘qishni tugatguncha saqlab qolishlari mumkin.
Ta’lim granti esa umumiy kvota doirasida talabalikka qabul qilinadigan yoshlarga bir yil muddatga beriladi. Keyingi o‘quv yilidan boshlab, ta’lim granti asosida o‘qish bilimli talabalarning o‘zlashtirish natijalariga qarab qayta taqsimlanadi.
Birinchi kursda ta’lim granti oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq, kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi. Ammo ikkinchi va undan keyingi kurslarda ta’lim granti yuqori akademik reyting ko‘rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi.
Shuningdek, ta’lim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat to‘liq ta’lim grantini yutgan talabalarga to‘lanadi. Bu esa, talabalarning har yili o‘z bilim va ijtimoiy faolliklarini namoyish qilishlarini talab qiladi.
Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant sohibi bo‘lgan talabalarga esa davlat granti ularning o‘qish davri uchun to‘liq hajmda taqdim etiladi, ya’ni bu talabalar o‘z grantlarini butun o‘qish davri davomida saqlab qolishadi.
Ayni shu kunlarda, aniqrog‘i joriy yil 10-avgustga qadar grant taqsimoti uchun talabgorlar ariza topshirishmoqda. Ularning arizalari oliygohlarning veb-saytlari yoki kontrakt.edu.uz sayti orqali qabul qilinyapti.
Talabalar ariza berishda 3 xil grantdan birini tanlashi kerak (bu yerda GPA (Grade Point Average) ta’lim oluvchining dastur bo‘yicha o‘zlashtirgan ballarining o‘rtacha qiymati hisoblanadi):
1. To‘liq va to‘liq bo‘lmagan grant (GPA 3,5 dan baland bo‘lganda).
2. Qo‘shimcha davlat granti (faqat ijtimoiy himoya reyestrida «qizil» va «sariq» toifadagi oilalar a’zolari uchun, GPA 4 dan baland bo‘lganda).
3. Oliy ta’lim muassasasi granti (GPA 3,3 dan 4 gacha bo‘lganda).
Eslatib o‘tamiz, imtiyozli yoki maqsadli grantga kirganlar, shuningdek, sirtqi, kechki va masofaviy shaklda o‘qiydiganlar bu jarayonda ariza yuborish imkoniyatiga ega emas.
Demak, endilikda ta’lim granti olish uchun talabalar faqatgina GPA yoki ijtimoiy holat asosida emas, balki aniq baholash mezonlari bo‘yicha tanlovdan o‘tadi. Buning o‘ziga xos talablari bor. Avvalo, talabaning GPA o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi shart. Past bo‘lsa, ishtirok etishning hojati yo‘q. Talabalar rasmiy sayt orqali ro‘yxatdan o‘tadi va yutuqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni yuklaydi.
Anvarjon ABDIYEV, universitet o‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i:
– Talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi (HEMIS) orqali shakllantiriladi. Bunda talabalarning GPA ko‘rsatkichi yuzdan bir ulushda hisoblanadi.
Grantlarni qayta taqsimlashda talabalarning akademik ko‘rsatkichlari (GPA) va ijtimoiy faolligi asosiy mezon sifatida olinadi. Bu esa talabalardan nafaqat o‘qishda, balki jamoat ishlarida ham faollikni talab etadi.
Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan ta’lim grantiga talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hisoblab chiqiladi va mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholanadi hamda ushbu komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Bunda talabalarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi talabalarning GPA ko‘rsatkichini 16 soniga ko‘paytirish orqali aniqlanadi. Masalan, talabaning GPAsi 3,8 bo‘lsa, uning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 60,8 ga teng bo‘ladi. U qolgan ballni ijtimoiy faolligi bo‘yicha to‘plashi lozim.
Nizomga muvofiq, talabaning ijtimoiy faolligi 20 ballik mezonda baholanadi. Bunda uning kitobxonlik madaniyati, 5 ta muhim tashabbus doirasidagi tadbirlardagi ishtiroki, xalqaro va respublika miqyosidagi tanlovlar, fan olimpiadalari va sport musobaqalaridagi natijalari, volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligi, oliy ta’lim tashkilotining ichki tartib qoidalari va Odob-axloq kodeksiga rioya etishi, darslarga to‘liq va kechikmasdan kelishi bilan bog‘liq 11 ta mezon qo‘llaniladi. Barcha ballar qo‘shilib, umumiy natijani «5» soniga bo‘lish orqali ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi aniqlanadi.
Imtiyoz asosida davlat grantiga kirgan talabalar, ya’ni xalqaro olimpiada g‘oliblari, turli davlat mukofoti sohiblari, organ xodimlarining farzandlari, nogironligi bor abituriyentlar, tavsiyanoma olgan xotin-qizlar va boshqalar hamda maqsadli qabul bilan kirganlar uchun ushbu tartib qo‘llanmaydi, ya’ni ularga grant 4 yil muddatga beriladi.
«Bir marta davlat grantidan mahrum bo‘lgan talaba keyingi o‘quv yilida yana grantga talabgor bo‘la oladimi?» degan savol bo‘lishi tabiiy. Ha, albatta, talabgor bo‘la oladi. Grant o‘rinlari uchun tanlov har yili iyul-avgust oylarida yangidan o‘tkaziladi. Bunda o‘tgan yilgi tanlov natijalari hisobga olinmaydi. Barchasi yangidan boshlanadi. Joriy o‘quv yili davomida GPA ko‘rsatkichi 3,5 dan baland bo‘lgan barcha talabalar grantga da’vogar bo‘la oladi. Bir marta grantdan mahrum bo‘lgan talaba kelgusi yili yaxshi o‘qisa, yana grant olishi mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, bu mezonlar talabalarni har tomonlama rivojlanishga undaydi, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat hosil qiladi. Yoshlar endi faqat o‘qish bilan cheklanib qolmasdan, jamiyat hayotida, tadbirlarda va sport musobaqalarida ham faol ishtirok etishga harakat qiladi.
Abdurazzoq MURODOV yozib oldi.