Qashqadaryo gazetasi Faoliyat HAM ICHKI BOZOR, HAM EKSPORTGA
Faoliyat

HAM ICHKI BOZOR, HAM EKSPORTGA

Dastlabki statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Qashqadaryoda oziq-ovqat sanoati korxonalari tomonidan 7 trillion 97,3 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, tarmoqda fizik hajm indeksi oldingi yilga nisbatan 129,2 foizni tashkil etdi.

Oziq-ovqat sanoati

Voha oziq-ovqat sanoatidagi shu qadar yuqori sur’atli o‘sish, bir tomondan, mamlakatda ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, sohaga sarmoya kiritib, uni astoydil rivojlantirishga intilayotgan qator tadbirkorlik subyektlarining sa’y-harakatlari samarasidir. Masalan, viloyatda oziq-ovqat sanoati yetakchilaridan biri hisoblangan Qarshi shahridagi «Asian Golden Oil» mas’uliyati cheklangan jamiyati qariyb o‘n yil mobaynida tarmoq taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

– Ushbu korxona 2014-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, dastlabki loyihasi 2016-yilda Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar asosida bir kecha-kunduzda 50 tonna xomashyo qayta ishlash va o‘simlik yog‘i ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat edi, – deydi O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Aziz Pirnazarov. – Oradan besh yil o‘tgach, «Asian Golden Oil» MCHJ mulkdorlari yana bir yirik investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarishdi va Turkiya sanoatchilaridan yuqori texnologik liniyalarni xarid qilib, sutkasiga 250 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatlarini foydalanishga topshirishdi. 2023-yilda navbatdagi tashabbus doirasida Xitoydan olib kelingan zavod asbob-uskunalari montaj qilindi va bir kecha-kunduzda 200 tonna xomashyodan o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shu tariqa mazkur MCHJ mahalliy va import xomashyolardan bug‘doy uni va o‘simlik yog‘i ishlab chiqarib, nafaqat ichki iste’mol bozoriga, balki eksportga ham juda ko‘p hajmda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishning uddasidan chiqmoqda.

Korxona mutaxassislarining ta’kidlashicha, «Asian Golden Oil» MCHJda investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida Xitoy va Turkiyadan umumiy qiymati 5,3 million dollarga teng zamonaviy texnologik uskunalar keltirilgan va bundan-da yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari bajarilgan. Jamiyat hududida ishlab chiqarish binolaridan tashqari barcha zarur muhandislik kommunikatsiyalari, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalar va bir yo‘la 17 ming tonna xomashyo, 12 ming tonna ozuqa-yem mahsulotlari, 5 ming tonna o‘simlik yog‘i va 25 ming tonna un saqlash uchun mo‘ljallangan omborxonalar, avtomobil yo‘llari va temir yo‘l liniyasi hamda maxsus avtotransport vositalari uchun turargohlar barpo etilgan. Yuk tashuvchi avtomobillar va temir yo‘l transportida olib kelinayotgan va olib ketilayotgan yuklarning og‘irligini o‘lchash uchun mos ravishda 50 va 200 tonnalik tarozilar o‘rnatilgan. Yuk tashuvchi avtomobillar, shu jumladan, xalqaro qatnovlarni amalga oshirishga qodir hamda savdo do‘konlariga mahsulotlarning kichik partiyalarini yetkazib beradigan avtoulovlar parki shakllantirilgan.

Muhimi, umumiy soni 120 nafarga yetgan jamoa a’zolari, shu jumladan, 32 nafar muhandis-texnik xodim, 80 nafar sex ustasi va ishchining samarali mehnat qilishi va maroqli hordiq chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratilgan. Shularning barchasi hisobidan korxonada yildan-yilga ishlab chiqarish sur’atlari oshib, mahalliy iste’molchilar va eksportga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi tobora ortib bormoqda. Bunga uyg‘un ravishda MCHJ sof foydasi miqdori ham keyingi uch yil ichida 5,5 baravar ko‘paygan.

«Asian Golden Oil» MCHJ direktori Xolmahmat Ro‘ziboyevning gaplariga qaraganda, yaqin kelajakda mazkur korxonada yana bitta istiqbolli loyiha amalga oshirilib, un mahsulotlarini qadoqlash uchun ishlatiladigan polipropilen qoplarni shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, jamiyatning xomashyo bazasini kengaytirish hisobiga o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish hajmini yiliga 25 ming tonna, un ishlab chiqarish hajmini esa 55 ming tonnaga yetkazish mo‘ljal qilingan.

O‘z muxbirimiz

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.

Exit mobile version