Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat Haq insonni mavjud etmog‘idan maqsud…
Ma’naviyat

Haq insonni mavjud etmog‘idan maqsud…

Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga

Ma’lumki, Sharq xalqlari tafakkurida hakim tushunchasi ko‘pincha ikki ma’noni anglatadi: birinchisi: faylasuf – donishmand; ikkinchisi: mohir tabib. Musulmon xalqlari ilmiy tafakkurida bu tushunchaning mustahkam o‘rin tutishida va turli talqinlari paydo bo‘lishida Qur’oni karimning ahamiyati katta. Zero, uning bir necha oyatlarida bu so‘z takrorlanib mo‘jizakor mohiyatni ifodalab keladi. Jumladan, «Baqara» surasining 129-oyatida «Albatta, Sen qudrat va hikmat egasi (hakim)dirsan», «Luqmon» surasi 2-oyatida: «Ushbular hikmatli (hakim) kitob oyatlaridir», «Yosin» surasi 2-oyatida «Qur’oni Hakim ila qasam», deyiladi.

Ko‘rinib turganidek, ilohiy kitobda Alloh taoloning barcha olamlar sir-sinoatlarini biluvchigina emas, ularni tartibga soluvchi beqiyos ilm-hikmatga egaligi, mo‘jiza sohibi ekani ifodalangan. Lekin ilmiy, adabiy va badiiy asarlarda hakim so‘zi ko‘chma va majoziy ma’nolari bilan birga o‘zakdoshlari (hukm, ahkom, hokim, hikmat, muhokama, hakam, mahkum, mahkama, istehkom, mustahkam va hokazo) anglatgan ma’nolardan ham ko‘proq tushunchalarni ifoda etadi.

Sharq adabiyotida «hakim» juda faol so‘zlardan bo‘lib, u asosan, aqlli, fozil, tadbirkor, donishmand, faylasuf, tabib bo‘lgan komil shaxsni anglatadi. Ko‘pgina shoiru adiblar, ayniqsa, so‘fiylik adabiyoti namoyandalari yunon faylasuflarini ham hakim deb ataydi. Ba’zi buyuk so‘z san’atkorlari, masalan, Nizomiy Ganjaviy o‘zini donishmand atasa-da, o‘sha faylasuflar qatoriga qo‘yadi.

Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy ham o‘z ijodida hakim (hukamo) timsoliga bir necha maqsadlar bilan murojaat qiladi. Bu mavzu ko‘p tadqiqotchilar e’tiborini tortgan. Lekin yondashuvlarda, bizningcha, hakim timsoliga buyuk shoir murojaatining asl mohiyati to‘liq va chuqur tahlilga tortilmaydi, ba’zan illyustratsiyalar bilan cheklaniladi.

Masalan, Abdulla A’zamning «Navoiy va yunon donishmandlari» nomli daqiq maqolasida mutafakkir tilga olgan faylasuflarning ismlari sharq tillariga qanday moslashtirilgani, ularning qachon va qayerda yashagani, falsafada tutgan o‘rinlari kabi masalalar yoritilgan. Holbuki, Navoiy ularning tarjimai hollari yoki ta’limotlari haqida so‘z yuritishni maqsad qilmagan, balki ularning obrazlari orqali o‘z falsafiy qarashlarini ifodalagan. Umuman, Navoiy ijodida hakim obrazining poetik talqini va undan mutafakkir ko‘zlagan maqsad alohida tadqiqot manbai bo‘la oladi. Bu o‘rinda biz mavzuning asosiy xususiyatlari haqida to‘xtalamiz:

1. Hakim obrazi badiiy adabiyotda Navoiygacha ham bor edi. Buyuk mutafakkirning xizmati shundaki, bu obraz talqinini mislsiz poetik yuksaklikka ko‘tardi. Buning asosiy omili, birinchidan, Qur’on va Hadis, ikkinchidan, Sharq mutafakkirlarining badiiy an’anasidir. YE.E.Bertels «So‘fiylik va so‘fiylik adabiyoti» monografiyasida bir hadis keltirgan: «Hikmatni mushriklar og‘zidan bo‘lsa ham olinglar».

Shuningdek, olim mo‘taziliylar hukmronlik qilgan Ma’mun davrida (813-833-yillar) arab tiliga qadimiy yunon tilidan falsafa va mantiq ilmiga doir ko‘plab asarlar keng miqyosda tarjima qilinganini aytadi. Bu ish uchun Ma’mun qadimiy yunon adabiyotlarini Islomdan oldin tarjima qilish bilan shug‘ullangan shomiylar aksar qismini tashkil qilgan maxsus tarjimonlik byurosini tuzadi. Bunday tarjimonlar guruhlari Ma’mundan tashqari Mansur, Xorun ar-Rashid kabi xalifalar davrida ham faoliyat ko‘rsatgan. Ular yunon tilidan badiiy (Homer), tibbiyot (Galen), falsafa (Platon, Aristotel, Evklid, Ptolemey, Plotin, Ammoniy Sakkas), shuningdek, astronomiya, riyoziyot, handasa, geografiya, fizika, alkimyo va boshqa fanlarga doir ko‘plab asarlarni tarjima qilgan. Mashhur «Ixvonu as-safo» olimlar guruhi tomonidan yirik qomus yaratilib, Islom olamida diniy ilmlar bilan bir qatorda, garchi ba’zi mutaassib oqimlar qarshilik ko‘rsatsa-da, dunyoviy ilmlarning ham jadal taraqqiyotiga imkon yaratiladi. Tasavvuf bunday taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlar edi. Uning namoyandalari bu fanlarni, ko‘proq falsafa ilmini o‘z amaliyotlariga tatbiq qildi, yanada rivojlantirdi.

Muhyiddin ibn Arabiydan Abdurahmon Jomiygacha yashagan so‘fiy mutafakkirlarning faoliyatida falsafa (filosofiya) hikmat, hikam shakllarida qo‘llanib, islomiy ruhda boyitib kelindi. Navoiy bu an’anaviy ta’limot va obrazdan bahra olganiga shubha yo‘q. Lekin u yaratgan hakimlar obrazlarida, ularning siyaru kalomlarida buyuk mutafakkir     Navoiyning ma’rifiy, ma’naviy, siyosiy va axloqiy qarashlaridan boshqa narsani izlash o‘rinli bo‘lmas.

2. Epik tasvirda Navoiy qalamga olgan hakimlar tashqi ko‘rinishi, fikrlashi va so‘zlari bilan bir-biridan farqlanmaydi. Ularning turmush tarzlari deyarli bir xil: tog‘lar bag‘ridagi g‘orlarni makon tutib, qanoat bilan umrguzaronlik qiladi. Ular dunyo hoyu havaslaridan ko‘ngil uzib, moddiyat lazzatlaridan o‘zini tiyib, ma’naviy komillikka intiladi, lekin hukmdorlar xizmatida bo‘lgan hakimlar bundan mustasno. Ma’naviy komillikning bu yo‘li Navoiyning ijod konsepsiyasi asosida vujudga kelgan.

«Xamsa»dagi falsafiy-g‘oyaviy talqinlarni o‘rgangan Alibek Rustamov Navoiy nazdida ma’naviy dunyosini boyitish uchun kishi dastlab insonning, jumladan, o‘zining kimligini yaxshi bilib olishi va so‘ngra: 1) nafsoniy quvvatlarni ma’naviy quvvatlarga bo‘ysundirishi; 2) ilm olishi va hunar o‘rganishi; 3) ilmini, hunarini, bo‘lsa moli va hukmini olamga ezgulik urug‘ini sochishga sarf etishi; 4) ko‘nglini shu qilgan go‘zal ishlari va olamdagi, xususan, insondagi go‘zallik bilan ovutishi zarur. Ana shunday yetuk inson abadiy saodat egasi bo‘ladi.

3. Dostonlarda muallif hakimlarning qadim yunon falsafasiga doir fikrlaridan foydalanmaydi, balki nomlarini keltirish shoir yashagan davrda ixtilof keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan yoki kibor tabaqa nazarida past hisoblangan, omma orasida shuhrat qozonmagan, xullas, zikri «boisi sharaf» bo‘la olmaydigan tasavvuf olimlari qaydlari sintezidan tug‘ilgan o‘z xulosalarini keltiradi.

«Farhod va Shirin» dostonida Suqrotning Farhodga aytgan so‘zlari buning isbotidir: Haq insonni mavjud etmog‘idan maqsud – uni Haq amrig‘a ma’mur, o‘zgadin ma’zur qilmoq edi. Shuningdek, unga Mahbubi ha-qiqiy Haqning o‘zi, uning vasli sari yo‘l yurmoq lozim, ana shunda iqboli sarmad, jovid baxt topiladi. Lekin bu davlatni qo‘lga kiritish juda mushkul. Uzoq ko‘ringan bu yo‘l ikki qadam: biri o‘zluk (nafs)ni foniy qilish; ikkinchisi, Uni (Haqni) topmoq… Nafsdan qutulmoqning yo‘li ishqi majoziydir. Bilish lozimki, avval tong oqligi paydo bo‘lib, so‘ng Quyosh chiqadi. Majoziy ishq o‘sha subhi anvar, haqiqiy ishq xurshedi xovar… Majoziy ishqdin joning o‘rtansa, xonumoning fano selig‘a boradi. Ma’shuqi asl chorasozing bo‘lub, majozing haqiqatqa badal bo‘ladi… Baqo mulkida qahramonliq topib, haqiqat taxtida sohibqironliq qilasan…

4. Salaflarining talqinlari bilan qiyoslansa, Navoiy asarlaridagi hakimlar obrazi son (miqdor) jihatdan ko‘p va sifat jihatdan ancha yuksak turishi ayon bo‘ladi. Masalan, Nizomiy «Iskandarnoma»da muayyan masalada, deylik, olamning yaralishi haqida avval Arastu, Volis, Balinos, Suqrot, Farfurius, Hirmis va Aflotun hakimlarni so‘zlatadi, keyin ularga Iskandarning munosabatini keltiradi. Shunda ham xulosa paydo bo‘lmaydi va «Donishmand Nizomiyning so‘zi»ga zarurat tug‘iladi. Navoiyda buning aksi kuzatiladi: bir hakim bir necha masalada hukm chiqaradi. «Saddi Iskandariy» dostonida Iskandar tomonidan berilgan savollarga Arastu va Suqrotning javoblari hech qanday qo‘shimchaga o‘rin qoldirmasligi buni tasdiqlaydi.

5. Navoiy lirikasida hakim muxotab – xitob, murojaat qilinuvchi obraz sifatida namoyon bo‘ladi. U juda ko‘p o‘rinlarda zohiran tabib ma’nosida qo‘llansa-da, zamirida vujudninggina emas, balki majoziy oshiqning, shuningdek, Haq oshig‘ining ruhi va ko‘nglidagi dardlarga ham malham, chora topa oluvchi hodiy, ijtimoiy nosozliklarga tadbir qiluvchi rahnamo sifatida ham tushunilishi mumkin. Hakimi sun’, hakimi koinot kabi birikmalar orqali esa ilohiy qudrat ifodalanadi:

Ajal qasrin Hakimi sun’, bas, mushkil tilsim etmish

Ki, har kim anda kirdi, bo‘lmadi andin xabar paydo.

Qisqa kuzatishlardan xulosa shuki, Navoiy hakim obrazi orqali olam, iloh va insonning o‘zaro munosabatlari borasida o‘z falsafiy qarashlarini yuksak darajada ifoda etadi. Bunda buyuk mutafakkir ilmiy va ijodiy tafakkurining mislsiz darajasi namoyon bo‘ladi.

Nafas SHODMONOV,

filologiya fanlari doktori, professor

Exit mobile version