AQShlik iste’molchi va ekspertlarni hayratga soldi
Joriy yil 2-5-fevral kunlari AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan «NY NOW» ulgurji savdo ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stendi tashkil qilindi va unda asosan Shahrisabzdagi «Gulnor Art» mas’uliyati cheklangan jamiyatida yaratilgan 100 dan ortiq iroqi kashtachilik mahsulotlari keng namoyish etildi.
Qashqadaryo va dunyo
Mazkur korxona rahbari, «Gulnor» brendi muallifi Gulnora Odilovaning tahririyatimizga ma’lum qilishicha, AQShda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan bu nufuzli ko‘rgazmada hunarmandchilik va boshqa turdagi qo‘l mehnati mahsulotlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari hamda hashamatli hayot tarziga oid anjomlar taqdim etiladi va sotiladi. 2018-yilning mart oyida tashkil etilgan «Gulnor Art» MCHJ vakillari «NY NOW»da ko‘p yillar davomida muntazam ravishda qatnashib, har yili ekspozitsiyasini boyitishga harakat qilishadi. Joriy yilda ham O‘zbekiston milliy stendida Gulnora Odilovaning eskizlari asosida qariyb 400 nafar shahrisabzlik xotin-qiz tomonidan tabiiy ipakdan ishlangan eng sara kashtachilik mahsulotlari, shu jumladan, yangi tur va dizayndagi kiyim-kechaklar, poyabzallar, ayollar sumkalari, hamyonlar, turli xil so‘zanalar salmoqli o‘rin egalladi.
– Mehmonlar O‘zbekistonning ko‘p asrlik madaniyatini zamonaviy uslub bilan uyg‘unlashtirgan Shahrisabz iroqi kashtachiligini yuqori baholadilar, – deb yozadi «Dunyo» axborot agentligining muxbiri Nyu-Yorkdagi ko‘rgazmaga bag‘ishlangan xabarda. – O‘zbek hunarmandlarining ishlari nafaqat o‘zining nafisligi bilan hayratga soldi, balki amaliy jihati bilan ham amerikalik moda ixlosmandlarining e’tiborini tortdi. «Gulnor Art» korxonasi ko‘rgazmada nafaqat o‘z mahsulotlari, balki boshqa o‘zbek hunarmandlarning kulolchilik va temirchilik ishlarini ham namoyish etdi.
Tafsilotlarga ko‘ra, O‘zbekiston milliy stendi eng ko‘p tashrif buyurilgan bo‘limlardan biriga aylandi hamda ko‘plab mehmonlar mamlakatimizga borish va qadimiy me’moriy binolarni, o‘zbek xalqining noyob san’ati va urf-odatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish istagini bildirdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston stendida taqdim etilgan mahsulotlar amerikalik chakana xaridor va distribyutorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir doirasida bir qator kelishuv va savdo shartnomalari ham tuzildi.
Mohir hunarmand Gulnora Odilova «Gulnor Art» MCHJ va o‘zining keyingi rejalari bilan o‘rtoqlashar ekan, tez orada Toshkentda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan shaxsiy ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rayotgani, qolaversa, yil oxirigacha poytaxtda doimiy ishlaydigan «Gulnor» brendi ostidagi iroqi kashtachilik mahsulotlari galereyasini ochishni ham rejalashtirayotganini bildirdi.
Temur NIZOMOV
