Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat HAYOTNING ASL MOHIYATI TO‘G‘RISIDA HECH NARSA BILMAYMIZ
Ma’naviyat

HAYOTNING ASL MOHIYATI TO‘G‘RISIDA HECH NARSA BILMAYMIZ

Saralangan satrlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, Amerika yozuvchisi Jek London yigirma yilga yaqin vaqt mobaynida 200 dan ortiq hikoya, 20 ta roman va 3 ta sahna asari yozgan. Uning “Martin Iden”, “Oqso‘yloq”, “Kish haqida qissa”, “Ajdodlar nidosi”, “Hayotga muhabbat”, “Uch qalb” asarlari o‘zbek kitobxonlari orasida ancha mashhur. Adibning tilimizga o‘girilgan asarlari ro‘yxatiga yaqinda yana bir nechta kitob qo‘shildi: “Dengiz bo‘risi”, “Temir tovon”, “Yulduzlararo sargardon”.

Jek London hayoti asarlari singari rang-barang kechgan: maktabda o‘qib yurgan kezlari gazeta sotadi, konserva fabrikasida ishlaydi, molyuskalar savdosi bilan shug‘ullanadi, matros bo‘lib xizmat qiladi, kirxonaga yollanadi. Keyinchalik Jek Londonni muxbir, “oltin vasvasasi” paytida Alyaskani o‘zlashtiruvchilardan biri, AQSHda shahar merligiga nomzodini qo‘ygan siyosatchi, qishloq xo‘jaligi xodimi, yapon razvedkasi tomonidan qo‘lga olingan va prezident Teodor Ruzvelt talabi bilan ozod qilingan harbiy muxbir kabi qiyofalarda ko‘ramiz.

Yozuvchining “Yulduzlararo sargardon” romani o‘ziga xos asarlardan biri sanaladi. Bosh qahramon Darrell Stending o‘lim jazosiga hukm qilingan mahkum bo‘lib, shafqatsiz qiynoqlardan qutulish maqsadida asrlar qa’riga sayohat qilishni o‘zlashtiradi. Realizm, mistika va ilmiy-fantastikaga yo‘g‘rilgan asar qahramoni shu tariqa Sharqiy Osiyodan Yevropagacha, qadimgi zamonlardan yaqin tarixgacha bo‘lgan sarguzashtlarni boshdan kechiradi. Jumladan, romanda duelda halok bo‘lgan graf; hindular va mormonlar tomonidan qirib tashlangan amerikaliklar qavmi; g‘orda yashagan rohib; Koreyada bo‘lgan yevropalik dengizchi; Iso Masih xochga tortilganiga guvoh bo‘lgan jangchi; kimsasiz orolda sakkiz yil yashagan kishi; ibtidoiy kamonchi va hokazo insonlar taqdiri va kechmishini o‘qiysiz.

Quyidagi qaydlar ham shu asardan.

* * *

Kishi bir marta salbiy sifat yoki yomon nom bilan tanilib qolsa, bundan qutulishi qiyin bo‘ladi, boshqalar unga baho berganda aynan o‘sha yomon xislatidan kelib chiqib baho berishadi.

* * *

Aqlli odamlar shafqatsiz bo‘lishlari mumkin, lekin nodon odamlar o‘taketgan shafqatsiz va vahshiy bo‘ladi.

* * *

Qafasga qamalgan inson asl ojizlik nimaligini yaxshi anglaydi.

* * *

Kuchli ong va mustahkam ruh hech qachon itoatkor bo‘lmaydi. Faqatgina nodon, qo‘rqoq hamda adolat va mardlikka intilishdan yiroq odamlargina jahannam qamoqxonasidagi namunali mahbuslar safiga kiradi.

* * *

Eh, azizlik va farovonlikka o‘ralgan fuqarolar! Ishoning, hozir ham qamoqxonalarda odamlarni urishadi, kaltaklashadi, hatto daydi ko‘ppaklardek o‘ldirib yuborishadi, xuddi qadimgi insonlar ilk qamoqxonalarni qurgan paytdan beri mahkumlarni qatl qilib kelishganidek! Zamonaviy dunyoda yashayapmiz, degan gap qamoqxonalarda o‘tmaydi.

* * *

Kuchli insonlar oddiy kasalliklardan ayollar yoki nogironlardan ko‘ra ko‘proq azob chekishadi. Jismdagi kuch-quvvat tugab borar ekan, yo‘qotadigan narsa ham kamayadi.

* * *

Ayol omili erkaklardagi ko‘plab harakatlarning boisini tushuntirib bera oladi.

* * *

Hayotni intellektual atamalar bilan tushuntirish mumkin emas. Faylasuf Konfutsiy bir paytlar shunday degan edi: “Hayot haqidagi bilimlarimiz shunchalik oz ekan, qanday qilib o‘lim haqida biror-bir fikrga ega bo‘lishimiz mumkin?” Agar hayotni tushunarli so‘zlar bilan ifodalab bera olmasak, demak, haqiqatan ham hayotning asli nimaligini bilmaymiz. Biz hayotni faqat hodisa sifatida talqin qilamiz, buni xuddi yovvoyi odamning dinamo mashinasi haqidagi bilimlariga qiyoslash mumkin. Tan olmoq lozim, biz hayotning asl mohiyati to‘g‘risida hech narsa bilmaymiz.

* * *

Bizning kechinmalarimiz haqiqatan ham tushlarimizning asos materialini tashkil etadi.

* * *

Hech narsasi bo‘lmagan odam butun dunyoni ham va’da qila oladi.

* * *

Faqatgina Osiyo xalqlarigina qasos olish pallasini uzoq vaqt, sabr-toqat hamda mustahkam iroda bilan kutib tura oladi va vaqti kelganda buni shafqatsizlik, sovuqqonlik bilan amalga oshiradi.

* * *

Ayolning lobarligini so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, yo‘q, ifodalab bo‘lmaydi. Buni tushunarli iboralar bilan tugaydigan aqliy jarayonga bog‘lab bo‘lmaydi, aslo. Chunki bu holat his-hayajon va sezgidan kelib chiqadi va oxir-oqibat hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan boshqa bir his-tuyg‘u bilan tugaydi.

Umuman olganda, har qanday ayol erkak uchun latofat sohibasi. Bu nazokat va nafosat shaxsiy tus olganda, uni sevgi deb ataymiz.

* * *

Fikrlar uning uchun ham katta muammo edi, chunki ular Rim kuchiga qarshi qurolsiz kurashning eng kuchli vositasi bo‘lishi mumkin edi.

* * *

Ayol har doim ayol bo‘lib qolishini, buyuk va muhim qaror qabul qilinadigan daqiqalarda ayol aql bilan emas, balki his-tuyg‘ular bilan ish ko‘rishiga yana bir karra guvoh bo‘ldim.

* * *

Halol va oqko‘ngil odamlarga to‘g‘ri va mas’uliyatli qarorlarni qabul qilishda va bajarishda hech nima to‘sqinlik qila olmaydi.

* * *

Insondagi eng ajablanarli narsa uning doimiy noshukurligi, hech qachon to‘ymasligi, Xudo bilan o‘zining o‘rtasidagi tinchlikni topa olmasligi, doimiy bezovtalik va befoyda ishtiyoqlaridir.

* * *

Hech qachon bekorchi vaqtim bo‘lmaganligi sababli bu orolda shaytonning qiladigan ishi yo‘q edi.

* * *

Tana – arzon va bo‘sh narsa, u tuproqdan bo‘lgan, bir kun tuproqqa qaytadi. Lekin ruh abadiy tirik holatda qoladi.

* * *

Aslida, bizning har birimiz – bu sayyoraning aholisi – o‘zida hayotning boshlang‘ich bosqichlaridan vujudga kelgan o‘chmas tarixni olib yuramiz. Bu tarix bizning to‘qimalarimizda, suyaklarimizda, a’zolarimiz va funksiyalarimizda, miyamizning hujayralari va ruhiyatimizda, fiziologik va psixologik merosimizda toshga o‘yilgan naqshdek o‘chmas qilib yozib qo‘yilgan.

* * *

Ba’zan menga insoniyat tarixi – bu erkakning ayolga bo‘lgan sevgisining tarixidek tuyuladi.

* * *

Oshiqlar so‘zi bilan aytganda, ayol dunyodagi jamiki narsalardan qimmatliroq. Va bu haqiqat, aks holda erkak hech qachon jangchi, fotih bo‘la olmas edi. Erkak sevgisiz jangchi bo‘lolmasdi, sevgisiz u hech qachon shonli janglarga kirib, g‘oliblik qo‘lini ko‘tarmas edi. Biz faqat sevganlarimiz yo‘lida borimizni berib jang qilamiz, ular uchun eng shonli holatda jonimizni beramiz va ular uchun eng yaxshi hayotni yashaymiz.

* * *

Ko‘pincha odamlarning yashash uchun tanlagan g‘alati hayot yo‘llari haqida o‘ylab qolaman!

* * *

Qat’iy aytishim mumkinki, inson shaxs sifatida oxirgi o‘n ming yillik ichida maqtovga sazovor axloqiy taraqqiyotga erisha olmadi. Yovvoyi toychoq bilan arava tortadigan yuvosh va sabrli ot o‘rtasidagi farq faqatgina tarbiya qilinish usulida. Insoniyatning axloqiy rivojlanishidagi yagona farq – bu tarbiyadir.

Insonning axloqi – asrlar davomida jamlangan ijtimoiy kapitaldir. Yangi tug‘ilgan chaqaloqni axloqiy me’yorlar bilan tarbiyalashmasa va u to‘g‘ri tarbiyalash jarayonidan o‘tkazilmasa, o‘tmishda o‘tgan g‘or odamlaridan biri bo‘lib o‘sadi.

* * *

Ilk bashariyatning qadimiy qabilalarida, aytish mumkinki, ma’naviy ildizlar chuqurroq, oila aloqalari qattiqroq va adolatliroq edi. Bu fikrimni rad qilishga shoshilmang. Bugungi “zamonaviy” jamiyatning past axloqiy holatini tushunish uchun bolalar mehnati, poraxo‘rlik, siyosiy sotqinlik, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari va kambag‘al sinflardagi ayollarning qul qilinishi kabi muammolarni bir eslang.

* * *

Barcha tanqidlarga va qoralashlarga tik turgan holda qarardik. Matbuot, sudyalar, boyvachchalar, qorni qappaygan iqtisodchilar, va’zgo‘ylar, professorlar, tahrirchilar, hakamlar yoxud yuqori tabaqa vakillari ortiga yashirinmasdik. Biz qo‘limizdan keladigan narsani qilardik, bergan so‘zimizga mas’uliyat bilan javob berardik va hech qachon o‘z shafqatsizligimizni oqlash uchun yolg‘on parda ortiga yashirinmas edik. Haqni haq, yolg‘onni yolg‘on deb aytardik, bir so‘zli edik.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version