Saralangan satrlar
Har bir inson bolaligini qo‘msab yashaydi. Bolalikning beg‘ubor damlari, bepoyon osmon, inson va tabiat birligi, turfa tashvishlardan xoli beg‘amu osuda kunlar yodiga tushganda, entikmaydigan, yuragi hayajonga to‘lmaydigan odamni topish qiyin. Yana deng, bolalikda dunyo o‘zgacha rang-tusda bo‘lgandek, odamlarning barchasi yaxshi, yomonliklardan yiroqdek tuyuladi.
Umr esa to‘xtab turmaydi. Hayot inson qoshida turli “hadya”lar bilan hozir bo‘ladi: moddiy dunyo yaltiroqliklari, mansab pillapoyalari, ikir-chikiru bola-baqra tashvishi bahonasi – insonni BOLALIK atalmish beg‘ubor dunyodan butkul chetga uloqtirib tashlaydi. Binobarin, qalbida bolaligini saqlab qola olgan inson naqadar baxtli!
Rey Bredberining “Momaqaymoq” romanida bolalikning sehrli va unutilmas fasli bo‘lmish yoz mavsumi voqealari, hayotning mayda, ammo chuqur ma’noli tafsilotlari orqali inson umriga nazar solinadi.
Rey Bredberini fantastik asarlari orqali yaxshi bilamiz, ammo “Momaqaymoq”ni o‘qib ko‘ring: juda noyob uslub va katta so‘z san’atkorini ko‘rasiz. “Bu roman – mening yuragim, bolaligim, yoz haqida eslagan barcha mo‘jizalarimdir. Bu men uchun xotira, quvonch va qayg‘u bilan aralashgan tiriklik madhiyasidir”, deb yozgandi muallif.
Asarda baxt mashinasini yarataman, deb haqiqiy baxti – oilasidan mahrum bo‘layozgan kashfiyotchi; umri urushlarda o‘tgan, ammo keksayib, nega va qaysi tomonda urushganini ham unutgan polkovnik; o‘zini sehrlashganiga ishonib qolgan, biroq landovurligini tan olmaydigan xonim; shaharda yuz berayotgan qotilliklarga sabab sifatida ko‘rilgan Odamxo‘r; o‘yingohdagi jodugar ichiga inson qamab qo‘yilgan deb bolalar uni o‘g‘irlab ketishlari; shisha ichiga qamalgan yoz – momaqaymoq sharbati bilan bog‘liq kechinmalarni, ko‘plab qiziqarli syujetga ega manzaralarni ko‘rasiz.
Romanda falsafa, fantastika, detektiv, sarguzasht – hammasini uchratish mumkin. Shu kitobniyam o‘qib qo‘ysangiz, zarar qilmaydi.
Yoz jaziramasida tog‘dagi muzlikka chiqib borish qanday rohat!
* * *
Insoniyat borgan sari tabiatdan o‘g‘rilaydi, tabiat esa qaytarib berishga majbur qiladi, shahar uzil-kesil g‘alaba qilmaydi, unsiz xatar mangu qutqu solib turadi; inson bolasi chopqi bilan qurollandi, o‘roq mashina ixtiro qildi, kattakon qaychilarni ishga solib, butalarni kuzadi, zararli qurt-qumursqalaru gazandalar ustiga zahar sepdi, u sivilizasiya amri bilan shiddat-la oldinga suzaverdi, biroq, qarabsanki, har bir uyni yashil to‘lqinlar qoplab oladi va mangulikka ko‘mib tashladi. Qachondir Yer yuzida so‘nggi inson zoti yo‘qolib ketadiyu, uning o‘roq mashinasi, belkuraklari zanglab yemiriladi va kuldek to‘kilib tushadi.
* * *
Senga nimadir kerak bo‘lsa, uni o‘zing qo‘lga kirit.
* * *
“Hayotning eng katta iztiroblari va quvonchlari nimada ekan?” deb o‘ylardi. Dunyoga kelasan, ulg‘ayasan, qariysan, nihoyat, o‘lasan. Tug‘ilish o‘zingga bog‘liq emas, lekin yetuklik, qarilik, o‘lim – bularni o‘zgartirish mumkinmi?
* * *
Mana nima ekan?! Demak, hammaning qismati bor. Har kim o‘zi bilan o‘zi ovora, yolg‘iz! Dunyoda odamlar qancha ko‘p bo‘lmasin, har bir odam o‘zicha, hech kim unga yordam bermaydi va u doim qo‘rqadi!
* * *
“Sizga o‘xshagan yoshlarning kamchiligi ham shunda-da. Dunyodagi barcha yaxshi narsalarni yo‘q qilishga tayyorsiz. Kam vaqt sarflash, kamroq mehnat qilish – mana, nima bezovta qiladi sizdaqalarni! Siz menchalik yashab ko‘ring, mayda ishlar yiriklariga qaraganda muhimroq ekanini o‘shanda bilasiz. Bahor kunlari erta tongda piyoda sayr qilish avtomobilga o‘tirib, soatiga sakson mil tezlik bilan uchgandan afzal. Nima uchun, bilasizmi? Chunki atrofda hamma narsa o‘sadi, gullaydi, muattar hid taratadi. Piyoda yurgach, atrofga razm solishga, har bitta mayda go‘zalliklarni ko‘rishga ulgurasiz. Tushunaman, siz hamma narsani birvarakayiga ko‘rishni, qamrab olishni xohlaysiz. Bu – yoshlarga xos xislat. Biroq gazeta muxbiri hadeb tarvuzlarni ko‘ravermasdan, mayda uzumlarni ham ko‘ra bilishi kerak”.
* * *
Bog‘da yer kovlash falsafa to‘qish uchun ayni muddao! Buni hech kim sezmaydi, hech kim ta’na qilmaydi, odamlarning hech narsadan xabari yo‘q, sen esa chinakam faylasuf bo‘lib ketasan.
Piongullar orasida yurgan Aflotunga, o‘ziga o‘zi zaharli giyoh yetishtirayotgan Suqrotga aylanasan-qolasan. Bir qop o‘g‘itni yelkasiga ortib, o‘tlog‘ida tashib yurgan odam kurrayi zaminni yelkasida ko‘taruvchi Atlasga o‘xshaydi. Bir vaqtlar eskvayr Semyuell Spolding bunday degan edi: “Erni ag‘dar, yerni emas, qalbingni ag‘dar!”
* * *
Shunaqa odamlar bo‘ladi – hamma narsani bilishi kerak: dunyo qanday qurilgan, u nima, bu nima, bunaqa odam g‘am-g‘ussaga to‘lib sirkda, dor ustida o‘ynab turib yiqiladi yoki bo‘g‘ilib o‘ladi, chunki qo‘qqisdan bo‘yin mushaklarim qanaqa ishlaydi, deb xayolga cho‘mgan bo‘ladi.
* * *
Hayotdan oladigan eng birinchi sabog‘ing shu bo‘ladiki, ahmoq ekaningni anglaysan. Oxirgi sabog‘ing ham shundan nari bo‘lmaydi – o‘sha-o‘sha ahmoq ekaningga amin bo‘lasan.
* * *
Vaqt odamlarni aldaydi. Odam to‘qqiz yoshida o‘zini butun umr to‘qqiz yoshda qoladigandek his qiladi. O‘ttiz yoshida bir umr yetuklikning shu go‘zal chegarasida turibman, deya ishonadi. Yetmish yoshda ham xuddi shunday. Inson hozirgi zamonda yashaydi, bu zamonda u yosh bo‘ladimi, qari bo‘ladimi – baribir, lekin u boshqasini hech qachon ko‘rmaydi va bilmaydi.
* * *
Urushda hech kim g‘alaba qozonmaydi. Urushning intihosi faqat mag‘lubiyatdan iborat, kim oxirgi bo‘lib yutqazsa, tinchlik so‘raydi. Men nuqul mag‘lubiyatlar bo‘lganini eslayman, mag‘lubiyat va alam, faqat bir marta yaxshi bo‘lgan, bu – hammasi tugagan payt edi. Mana shu oxirini g‘alaba deb atash mumkin.
* * *
Yoningda do‘sting chug‘urchuqqa o‘xshab hushtak chaladi, ho‘l tuproq bo‘laklarini oyoqlari uchi bilan osmonga itqitadi, sen bo‘lsang uchqur ot ustida ketayotgandek tuproq yo‘llarda sakraysan va cho‘ntagingdagi kalitlarni shiqirlatasan, hamma narsa cheki yo‘q darajada yaxshi, hamma narsani ushlab ko‘rish mumkin, dunyodagi hamma narsa senga yaqin va tanish, doimo shunday bo‘ladi.
Bu kun shunaqa ajoyib edi.
* * *
Koinotda hech narsa izsiz yo‘qolmaydi. Hayot boshlangandan buyon talaffuz etilgan hamma so‘z, aytilgan qo‘shiqlar hozir ham Koinot bo‘shliqlarida kezmoqda, balki, Sentavra yulduzlar turkumiga uchib borib, Jorj Vashington tushida alahlab aytgan so‘z yoki Yuliy Sezarning ko‘kragiga pichoq sanchishgandagi qichqirig‘ini eshitish mumkindir.
Tovushlar shunday ekan, yorug‘likning qismati qanday kechadi? Axir kimdir nimanidir bir marta bo‘lsa ham, ko‘rgan bo‘lsa, u narsa o‘zidan biror iz qoldirmasdan g‘oyib bo‘lishi mumkin emas! Demak, qayerlarnidir yaxshilab titkilab chiqsa, dunyoning barcha ranglariyu manzaralarini topish mumkin.
* * *
Odam o‘n yettiga kirganida hamma narsani biladi. Agar u yigirma yettiga kirib ham hanuz hamma narsani bilsa, demak, u hali ham o‘n yetti yoshda.
* * *
Ayolni doim g‘iybat qilishadi, hatto to‘qson beshga kirgan bo‘lsa ham.
* * *
Dahlizdagi, buvamdan qolgan soatni yarim asrdan buyon kuzataman. Uni burab qo‘yishganda necha soatdan keyin to‘xtab qolishini oldindan aniq aytib bera olaman. Keksa odamlarda ham xuddi shunday bo‘ladi. Burov kuchsizlanayotgani va mayatnik borgan sari imillab-imillab tebranayotganini ular sezishadi.
* * *
Chin muhabbat, garchi jism goho o‘zi bunga ishonmasa-da, ko‘ngilda, ruhda bo‘ladi. Jism faqat o‘zini o‘ylaydi; yeyish-ichish va tunni kutish. Mohiyatan u – tun qushi. Ruh esa quyoshdan tug‘ilgan, quyoshdek tegramizda bedor turib, hammasini o‘ziga singdirib oladi.
* * *
HAMMA NARSAGA ISHONAVERMASLIK KERAK, CHUNKI:
…masalan, mashinalarga. Ular buziladi, zanglaydi, chiriydi… yoki o‘z umrini garajda o‘tkazadi…
…yoki tennis tuflisini olaylik, uni kiyib, ma’lum mil masofani, ma’lum bir tezlik bilan yugurib o‘tish mumkin, keyin yer seni yana o‘ziga torta boshlaydi…
HAMMA ODAMLARGA HAM ISHONAVERMASLIK KERAK, CHUNKI:
…ular ketib qoladi…
…ba’zi odamlar o‘ladi…
…tanishlar ham…
…do‘stlar o‘ladi…
…odamlar bir-birini o‘ldiradi… kitoblardagi kabi… qarindoshlaring ham o‘lishi mumkin…
DEMAK… HAYOTDA YAQIN DO‘STLAR, TANISHLAR, QADRDONLAR KETIB QOLISHI, BOQIY DEB HISOBLAGANLARI O‘LISHI MUMKIN EKAN. DEMAK, KAMINA DUGLAS SPOLDING HAM KUN KELIB…
* * *
Odamlar dunyosiga pulingni, vaqtingni, ibodatingni bag‘ishlashing mumkin, lekin evaziga hech narsa kutma.
* * *
Ba’zi odamlar juda erta g‘amga botadilar. Hech qanaqa sabab bo‘lmasa-da, qayg‘uga tushish ularda tug‘ma xislat hisoblansa kerak. Hamma narsani o‘zlariga og‘ir oladilar, tez charchaydilar, yig‘lab yuborishlari ham juda oson, har qanday g‘am-tashvishni uzoq eslab yuradilar, qarabsanki, yoshlik paytlarini havoga sovurishadi.
* * *
Sukut saqlash ham baxt.
* * *
Odam qariganda kunlarning ham rangi o‘chib ketadi, bunga kun kelib, o‘zlaringiz guvoh bo‘lasiz; hammasi bir-biriga o‘xshab qoladi.
* * *
Iyun tonglari, iyul choshgohlari, avgust oqshomlari – hammasi tugadi, badar ketdi, faqat xotiralar qoldi. Oldinda uzoq kuz, oppoq qish, yashillanadigan salqin bahor. Shu vaqt ichida yozni yaxshilab o‘ylab ko‘rish, yakunlar yasash kerak.
B.SAYFIYEV tayyorladi.