Hazrat Alisher Navoiy lirik merosining asosiy qismini to‘rt mustaqil devondan iborat «Xazoyin ul-maoniy» kulliyoti tashkil etadi. Kulliyotning so‘nggi tahriri 1498– yilda ulug‘ shoirning o‘zi tomonidan amalga oshirilgan. Navoiy davrida va keyinchalik ham bu muazzam majmua «Chor devon» nomi bilan shuhrat qozongan. Shoir kulliyot ustida olib borgan uzoq va mashaqqatli ijodiy mehnat yakunidan keyin ham tabiiyki ijoddan, xususan, badiiy ijoddan ham sira to‘xtamagan. «Chor devon»ning XVI asrda ko‘chirilgan va undan keyingi nusxalarida ham 1498–yildan keyin yozilgan she’rlar uchramaydi. Negaki, majmuaning ichki tuzilishi muallif tomonidan nihoyatda puxta o‘ylangani va tartib berilgani uchun keyingi davr xattotlari uning biror bir joyiga o‘zgartirish kiritish nomaqbul yumush bo‘lishini yaxshi anglaganlar.
Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga
Navoiyning nurli qalami ostida qog‘ozga tushgan, biroq yaratilish davriga ko‘ra shoir vafotidan bir, ikki yil avval yozilgan g‘azallar taqdiri bizni izlanishga chorlaydi. Demak, muayyan va ma’lum sabablar bilan kulliyot mundarijasiga kirmagan «tarqoq» g‘azallar haqida ma’lumot beruvchi manbalarni avvalo ulug‘ shoirning o‘z merosidan izlash maqsadga muvofiqdir.
Ma’lumki, Hazrat Navoiyning «Mezon ul-avzon» nomli risolasi aruz nazariyasi muammolariga bag‘ishlangan. Shoir aruz vaznining ma’lum bir bahri xususida so‘z ochar ekan, dalil uchun bir necha yirik shoirlar ijodi jumlasida goho o‘z baytlaridan ham namuna keltiradi. Masalan, shoir turkiy aruzning «tavil» va «basit» bahrlari xususida so‘zlab, namuna o‘rnida o‘zining quyidagi matla’larini qayd etadi. Dastlab «tavil»ning ikki rukniga tegishli ikki baytni yozadi:
Desam: orazu zulfing ul o‘tdur, tutundur – bu,
Der: ondin senga kuymak, bu birdur qaro qayg‘u.
Keyingisi:
Chehradin burqa’ ochib, o‘tqa kuydurdung meni,
Chun kul o‘ldi paykarim, ko‘kka sovurdung meni.
Shundan so‘ng «basit» bahrining ham ikki rukni mavjud deb, biriga:
Ishqing meni tunu kun majnunu zor aylamish,
Ko‘nglumni zoru hazin, jismim nizor aylam –
degan matla’ni asos qilib ko‘rsatadi. Tilga olingan baytlar bilan boshlanadigan g‘azallarning birortasi ham mashhur kulliyot tarkibida uchramaydi. Shunday ekan, g‘azallarning tugal varianti qayerda bo‘lishi mumkin degan haqli savol tug‘iladi. Axir shoir ularni tamomiga yetgan, badiiyat va ichki she’r o‘lchovlari jihatdan bo‘lig‘ asarlar sifatida qayd etyapti-ku! Shunga o‘xshash holat Zahiriddin Muhammad Boburning aruzga tegishli risolasida ham kuzatiladi. Jumladan, «Risolayi aruz»ning «ramal» bahriga tegishli sahifalarida Bobur Mirzo misol sifatida Amir Navoiyning qirq olti g‘azalining matla’sini tilga oladi. Shulardan faqat bittasi, ya’ni:
Kimniki yor aylading bo‘ldi giriftoring sening,
Rashkdin vah deya olmasman: xudo yoring sening –
degan satrlar bilan boshlanadigan g‘azal yirik to‘plam tarkibida uchramaydi.
Navoiy qalamiga mansub, biroq tayinli manzili bo‘lmagan navbatdagi g‘azal maqta’si bilan biz shoirning yana bir kichik zamondoshi Hasanxo‘ja Nisoriyning «Muzakkiri ahbob» tazkirasi orqali tanishamiz. Nisoriy yoshlik chog‘larida bir safar tushida hazrat Navoiy bilan ko‘rishganini, suhbat chog‘ida ustozning «bizning ash’orimizdan ham bilurmusan?» degan savoliga javob sifatida «faqir alarning bu muborak maqta’larin o‘qudum» deydi va ulug‘ shoirning:
Ey Navoiy, sen kimu mehrobu masjid istamak,
Qaydakim, xo‘blar ayog‘in qo‘ysa, sen boshingni qo‘y –
degan satrlarini keltiradi. Ushbu tugallanma bayt bilan kulliyot devonlari ichidagi g‘azallar solishtirilsa, buning ham tugal taqovuli mavjud emasligi oydinlashadi.
XVI asrda yaratilgan Mirzo Muhammad Mahdixonning «Sangloh» degan lug‘atida ham Navoiy ijodidan o‘nlab misollar keltiriladi. Lekin Mahdixon tilga olgan olti matla’ning tugal shakli «Chor devon» tarkibida mavjud emas.
Navoiyning turli munosabat bilan kulliyot tarkibiga kirmay qolgan bir necha g‘azallar bizgacha qator muxammaslar orqali ham yetib kelgan. Bu jihatdan, ayniqsa, XIX asr shoirlari alohida mahorat namoyish etishgan. Jahon Otin Uvaysiy, Mirmahmud Qoriy, Roqim va Yusuf Saryomiy merosidagi taxmislarning asosiy qismiga zamin bo‘lgan g‘azallar kulliyotda bor. Ammo ularning ba’zi bir taxmislariga zamin bo‘lgan g‘azallar mashhur kulliyotda ko‘zga tashlanmaydi. Saryomiy ijodidagi ikki taxmis (biri «Dutorchi qizlar» dastasi aytadigan mashhur «yali-yali» qo‘shig‘iga asos bo‘lgan)ning asosi devonlarning birortasida ham mavjud emas. Navoiyning majmuada bo‘lmagan:
Na yanglig‘ ayladi tasvir orazing naqqosh
Ki, na’ting aytg‘ali aylar ko‘ngul til ila talosh –
matla’li g‘azalga ham Qoriy, ham Saryomiy nihoyatda go‘zal taxmis bog‘lagan. Demak, o‘zaro zamondosh bo‘lgan ikki ijodkor bizga noma’lum bir manbadan, ehtimol bitta bayozdan foydalangan bo‘lib chiqadi. Xulosa qilish mumkinki, ba’zi bir mumtoz shoirlarimizning muxammaslari orqali biz ulug‘ shoir kulliyotiga kirmagan g‘azallar bilan yaqindan tanishishimiz mumkin. Biroq Navoiyning o‘zi «Mezon ul-avzon»da, Boburning «Risolayi aruz»ida va Nisoriyning «Muzakkiri ahbob» tazkirasida, shuningdek, Mahdixonning «Sangloh» lug‘atida tilga olingan bir necha g‘azallarning to‘liq shakli va manbasi bizga hali hanuz noma’lum bo‘lib kelmoqda.
Yana bir mulohaza borki, ustoz navoiyshunoslar bu borada e’tirof etsa arziydigan ishlarni amalga oshirganlar. Professor Hamid Sulaymonov yirik to‘plamga kirmagan o‘ttiz to‘rtta she’rni aniqlab, 1960-yilda oxirgi – «Favoyid ul-kibar» devoni tarkibiga ilova sifatida kiritgan bo‘lsa, professor Fozila Sulaymonova bu ro‘yxatga yana bir necha namunalarni kiritib, 1995-yilda alohida «Ayyomi visol o‘ldi yana» nomi bilan G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida chop ettirgan. Professor Abdurashid Abdug‘afurov esa bu mavzuda jiddiy kuzatishlar olib borib, shoirning kulliyotga kirmagan asarlarining umumiy hajmini alohida to‘plam qilsa, bir kitob bo‘lishini, olimlarimiz aniqlagan asarlar esa bizga noma’lum she’rlarning uchdan bir qismi ekanligini katta ishonch bilan ta’kidlaydi.
Unutmaslik lozimki, ustoz navoiyshunoslar kulliyotga kirmagan g‘azallarni yakdillik bilan 1498 yildan keyin, ya’ni kulliyot ustidagi g‘oyat mashaqqatli ijodiy mehnat tamomiga yetganidan so‘ng yozilgan, chunki ularning ko‘pchiligida shoir qarilik va xastalikdan shikoyat qiladi va shu bois ham ular devonlarga kiritilmay qolgan deb hisoblaydilar. Agar biz devonlar va umuman kulliyotning ichki strukturasi va kompozitsion tuzilishi («Badoye’ ul-bidoya» debochasida shoir devon tuzishning o‘ziga xos prinsiplari haqida so‘zlaganini esga olaylik)ga diqqat qilsak, shoirning o‘zi ongli ravishda, ehtimol, o‘zga manbalar orqali yozib qoldirishni reja qilgani uchun kulliyotga kiritmagan bo‘lib chiqadi. Chunki shoir «tarqoq» g‘azallarning hammasida ham, yuqorida ko‘rganimizdek, qarilik va xastalikdan shikoyat qilavermaydi. Ular orasida chaqmoqdek chaqnab turgan shunday ishqiy satrlar borki, bu aynan keksa Navoiyning emas, balki oshiq Navoiyning shaxsiy dard va armonlarining poetik talqinidek juda yaxshi taassurot paydo qiladi. Har holda shoir kulliyotga kiritish lozim topganini kiritgan, lozim topmaganini esa ongli ravishda tushirib qoldirgan. Chunki bu hol muazzam majmuaning ichki tuzilishiga putur yetkazishi mumkinligi shoir tomonidan jiddiy inobatga olingan.
Abdurahmon PIRIMQULOV,
filologiya fanlari doktori
Suratda: Qarshi davlat universiteti talabasi, Navoiy nomli davlat stipendiyasi stipendiati Sevinch Uroqova.
Jamshid NORQOBILOV olgan surat.
