Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat HINDISTONDA YASHAGAN SHAHRISABZLIK
Ma’naviyat

HINDISTONDA YASHAGAN SHAHRISABZLIK

Qashqadaryoga oid

Mirzo Abdulqodir Bedil haqida eshitmagan odam kam topilsa kerak. Filologiya fanlari doktori, professor Nafas Shodmonov ma’lumotlariga ko‘ra, Bedilning ota-bobolari keshlik turkiy barlos urug‘idan bo‘lgan.

Bedil 1644-yilda Hindistonning Patna viloyatidagi Azimobod shahrida tavallud topgan. Ota-onasidan erta yetim qolgan shoirning iste’dodi bolaligidayoq namoyon bo‘ladi. 5 yoshidan boshlab turli kitoblarni o‘qiy boshlaydi. 10 yoshida arab tilining qonun-qoidalarini, fors adabiy tilini puxta o‘rganadi. Tog‘alari – Mirza Qalandar va Mirza Zarif Bedil tarbiyasi bilan shug‘ullanadilar.

Bedil madrasada bir necha yil o‘qigan bo‘lsa-da, o‘z bilimini mustaqil ravishda takomillashtirishga katta e’tibor beradi. Hind falsafasini, tasavvuf ta’limotini chuqur o‘rganadi. Qo‘shni viloyatlar va mamlakatlarga sayohatga chiqadi. Turli xalqlar hayoti, urf-odatlarini o‘rganadi. Bir muddat Avrangzebning o‘g‘li Muhammad A’zamshoh saroyida xizmat qiladi. Ammo ko‘p o‘tmay bu vazifadan ketib, butun hayotini fan va adabiyotga bag‘ishlaydi. Azimoboddan Hindistonning siyosiy va madaniy markazi bo‘lgan Dehli shahriga ko‘chib keladi va umrining oxirigacha shu joyda istiqomat qiladi.

Bedilning falsafiy-axloqiy qarashlari tasavvuf aqidalari ta’sirida shakllangan. Uning dunyoqarashi tasavvufning vahdatul vujud ta’limotiga asoslanadi, ya’ni olamni Allohning ko‘zgusi, inson qalbini shu ko‘zguning markazi, deb biladi. Inson qalbi qanchalik sayqal topsa, u shunchalik Alloh nurini aks ettiradi.

Bedil 120 ming misradan ortiq she’riy, ko‘pgina nasriy asar yozgan. Yirik asari «Chor unsur» («To‘rt unsur») 1703-yil nasrda yozilgan bo‘lib, uning dastlabki boblarida o‘z hayoti haqida hikoya qiladi. So‘nggi ikki bobda esa, to‘rt unsur – havo, suv, yer, olov to‘g‘risida; o‘simliklar, hayvonlar va odamning paydo bo‘lishi, mutlaq ruh, ruh va narsalar, din hamda ruhoniylarning o‘rni haqida fikr yuritadi. Kitobda parilar, jinlar, uyqu, tush ko‘rish haqida hikoya va afsonalar ham mavjud.

Bedilning ijtimoiy qarashlarida ma’rifatparvarlik, muruvvat va odamiylik mavzulari asosiy o‘rinni egallaydi. Uning asarlari XIX asrda O‘rta Osiyoda keng tarqalgan bo‘lib, falsafiy xarakterga ega. Bedil Turkistonda «Abulma’oniy» («Ma’nolar otasi») degan nom olgan.

Eronlik atoqli olim Abdulhusan Zarrinkub Bedilni «turknajodu forsigo‘y» deb ta’riflaydi. Ya’ni, u asli turkiylardan bo‘lsa-da, fors tilida ijod qilganligiga ishora qiladi. SHo‘rolar zamonigacha madrasalarda Bedil she’riyati o‘rganilgan. Uning murakkab irfoniy, falsafiy, ijtimoiy va lirik she’rlari tahlil qilingan, ziyolilar davrasida bedilxonlik kechalari o‘tkazilgan. Shoir asarlarini tushunish va sharhlash bilimdonlik, olimlik mezoni bo‘lib qolgan.

Bedil 1721-yil 77 yoshida vafot etgan.

Exit mobile version