Aslida bunday statistikani oshkor qilish mas’ullarga ko‘pam xush kelavermaydi. Doimiy komissiya a’zolarini esa, aftidan bu savol qiziqtirmagan ko‘rinadi.
Mahalliy Kengashda
Joriy yilning 1–iyul holatida Qashqadaryoda kambag‘allik darajasi yil boshidagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,5 foizga pasayib, 5 foizni, ishsizlik darajasi esa 0,3 foizga kamayib, 4,6 foizni tashkil etdi.
Viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Muhammadiyev Xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasiga taqdim etgan hisobotida ana shunday raqamlarni keltirgan.
Mutasaddi bunga qanday erishilganiga izoh berar ekan, dastlabki yarim yillikda tegishli dasturga asosan 331 ming 65 nafar aholining bandligi ta’minlanib, belgilangan (244 ming 854 ta) reja 135 foizga bajarilganini ma’lum qilgan. Shundan 45 ming 52 kishi doimiy ish o‘rinlariga joylashtirilgani qayd etiladi.
Aholi bandligini ta’minlashda eng katta ulush «soyadan chiqarilgan» ish o‘rinlariga to‘g‘ri kelayotgani diqqatni tortadi. Ya’ni bundan 50 ming 582 nafar norasmiy ishlayotgan ishchi-xizmatchining faoliyati rasmiylashtirilgani anglanadi.
Doimiy ishga joylashtirish yo‘nalishida olti oy davomida 17 ming 538 nafar kishining bandligini ta’minlagan tijorat banklari yetakchi bo‘lsa, «soyadan chiqarish»da (14 ming 242 nafar) soliq idoralarining «kuchi» yaqqol sezilgan.
Hisobotda ko‘rsatib o‘tilganidek, joriy yilning yanvar-iyun oyilarida 235 ming 432 nafar kishining daromadlari oshirilgan. Bunda 105 ming 751 nafar odamga shunday imkoniyat taqdim etgan qishloq xo‘jaligi sohasining o‘rni yaqqol sezilib turibdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1-iyul holatida viloyatdagi kambag‘al oilalar soni 43,6 mingtani tashkil qilgan. Yil boshida esa bu ko‘rsatkich 56 ming 518 ta bo‘lgani aytiladi. Dastlabki yarim yillikda shu toifadagi 29 ming 383 ta oilaning 132 ming 779 nafar a’zosiga barqaror bandlik yo‘nalishida 37 ming 592 ta xizmat ko‘rsatilibdi. Bunda kambag‘al oilalar a’zolarini doimiy ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb etish, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish, kasb-hunarga o‘qitish kabilar nazarda tutilgan.
Umuman, Faxriddin Muhammadiyev doimiy komissiyaga taqdim etgan viloyatda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishida joriy yilning dastlabki olti oyida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotda shunchalik ko‘p raqamlar keltirilganki, ularning barchasi belgilangan rejalar ortig‘i bilan uddalangani, hammasi «besh» ekanini ifoda etadi. Biroq yanvar-iyun oylari davomida hududda qancha korxona (YATT, MCHJ, tashkilot, muassasa) faoliyatini to‘xtatgani va buning natijasida nechta ish o‘rinlari qisqarib ketgani haqida hech bir ma’lumotni uchratmaysiz.
Aslida bunday statistikani oshkor qilish mas’ullarga ko‘pam xush kelavermaydi. Doimiy komissiya a’zolarini esa, aftidan bu savol qiziqtirmagan ko‘rinadi. Hammasi qog‘ozlarda aks etganidek amalda ham jimjimador bo‘lishi uchun masala muhokamasi faqat rasmiyatchilik uchun emas, real natijalarga qaratilishi kerak. Shunda yurtimizda kechayotgan taraqqiyot, o‘zgarishlar mevasi oddiy odamlar hayotiga ko‘proq va tezroq kirib boradi.