Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi yurtimizda Islom taraqqiyot banki ko‘magida Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD hamkorligida amalga oshirilayotgan «Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish» loyihasi doirasida tayyorlangan tahliliy hisobotni taqdim etdi.
Sinchkov nazar
Ma’lumki, mazkur loyihaning 2024-2028-yillarda bajarilayotgan ikkinchi bosqichi Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining 21 ta tumanidagi 157 ta mahallada (shundan 41 ta markaziy va 116 ta yondosh) ro‘yobga chiqarilib, uni hayotga tatbiq etish uchun Islom taraqqiyot banki tomonidan mamlakatimizga 260 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratilgan. Bu mablag‘ning katta qismi (232 million dollar)ni qishloq joylarda asosiy infratuzilmani ta’minlashga, yana bir qismi (15,9 million dollar)ni esa «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha maslahat xizmatlari – hamjamiyatlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» komponentiga yo‘naltirish belgilangan.
Loyihaning aynan shu komponenti doirasida Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tanlangan hamjamiyatlarda aholi turmush sharoitlarini har tomonlama baholashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazilib, undagi tahlil mahalliy infratuzilmaning hozirgi holati, ish o‘rinlarining mavjudligi, iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’siri va qishloqlardagi kundalik hayot sifatini qamrab oladi. Tadqiqot, shuningdek, 2028-yilda loyiha bo‘yicha erishiladigan natijalarning salmog‘i va barqarorligini baholashga imkon beradigan keyingi monitoring uchun asos yaratadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, baholash beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilib, bunda Samarqand viloyatining 10 ta tumanidagi 16 ta, Qashqadaryo viloyatining 6 ta tumanidagi 11 ta va Surxondaryo viloyatining 5 ta tumanidagi 14 ta mahallada asosiy infratuzilma va uy-joy sharoitlari, aholi, shu jumladan, ayollar va yoshlarni ish bilan ta’minlash va daromad olish imkoniyatlari, inklyuzivlikka e’tibor qaratgan holda sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlarining holati, iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi va yashash muhitiga ta’siri hamda kambag‘allik, ishsizlik va migratsiyada namoyon bo‘ladigan ijtimoiy zaiflik darajasi tadqiq etilgan.
BMTTD O‘zbekistondagi vakolatxonasining rasmiy saytida qayd etilishicha, hisobotning har bir bo‘limida asoslangan xulosalar va qisqa tavsiyalar, uning ilovalarida esa barcha o‘rganilgan hamjamiyatlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar, shuningdek, so‘rovlar va intervyular, fokus-guruh muhokamalari bo‘yicha olingan natijalarning chuqur tahlili keltirilgan. Bunda asosiy e’tibor infratuzilmani rivojlantirish, ijtimoiy va ekologik jihatlarga qaratilgan.
Biroq, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi tanlangan hamjamiyatlarda aholining turmush sharoitlarini infratuzilmaning amaldagi holati va daromad olish imkoniyatlari hamda iqlim o‘zgarishining ta’siri bilan birgalikda baholash bo‘yicha tayyorlangan hisobotni ko‘rib chiqish chog‘ida undagi ayrim raqamlarning rasmiy statistika ma’lumotlaridan keskin farq qilishi bizni hayratga soldi. Masalan, hisobotning «Qashqadaryo viloyatidagi tanlangan mahallalarda yashash sharoitlarini baholash natijalari bo‘yicha umumlashtirilgan xulosalar va tavsiyalar» deb nomlangan bobida «So‘nggi yillarda Qashqadaryo viloyatida doimiy aholining soni izchil o‘sib bormoqda. 2016-yilda 2,51 million kishini tashkil etgan aholi 2024-yilga kelib 2,8 million kishiga yetdi» deya ta’kidlangan. Vaholanki, viloyat statistika boshqarmasining rasmiy sayti (www.qashstat.uz) da e’lon qilingan raqamlarga qaraganda, 2016-yilning boshida Qashqadaryoda doimiy aholi soni 3 million 25,6 ming nafar, 2024-yilning boshida esa 3 million 560,6 ming nafarni tashkil etgan.
Shu bilan birga hisobotda Qashqadaryo viloyatida 2016-2024-yillarda maktablar soni 800 tadan 900 tagacha oshgani ko‘rsatib o‘tilgan, biroq viloyat statistika boshqarmasi o‘z saytining «Ochiq ma’lumotlar» ruknida mutlaqo boshqa raqamlarni e’lon qilgan. Ularga ko‘ra, 2016-2017-o‘quv yilining boshida viloyatimizda umumta’lim muassasalari soni 1 ming 125 ta, 2023-2024-o‘quv yili boshida (bundan keyingi ma’lumotlar yo‘q) esa 1 ming 256 taga teng bo‘lgan. Xuddi shunday, viloyatimizdagi shifoxonalar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham (2016-yilda – 30 ta, 2024-yilda – 40 ta) rasmiy statistika ma’lumotlaridan (2016-yilda – 86 ta, 2023-yilda (bundan keyingi ma’lumotlar yo‘q) – 105 ta) ancha farq qiladi. Hisobotda viloyatimizda so‘nggi sakkiz yil davomida asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi deyarli ikki barobar (10,5 trillion so‘mdan 20,3 trillion so‘mgacha) oshgani aytilgan bir paytda viloyat statistika boshqarmasining saytida Qashqadaryoda 2016-2024- yillarda mazkur ko‘rsatkich 7,3 trillion so‘mdan 33 trillion so‘mgacha, ya’ni 4,5 barobar ko‘paygani ko‘rsatilgan…
Hisobotda shu va yana bir qator noaniq raqamlar (masalan, Surxondaryo viloyatiga oid qismida ham) borligi yaqqol ko‘zga tashlanar ekan, bu xatolar tez orada to‘g‘rilanishi va tadqiqot xulosalariga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmasligiga umid bildirib qolishdan boshqa ilojimiz yo‘q.
Birodar AZIZOV