Hokim qarori
Qashqadaryodagi tuman (shahar)lar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari viloyatdagi 776 ta mahallaga nomma-nom biriktirildi.
Xabaringiz bor, o‘tgan yil 14-oktabr kuni Prezident rahbarligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda keyingi yillarda mahalla institutini isloh qilish va uni xalq hayotiga yaqin, samarali tizimga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlanib, islohotlarimizning ostonasi bo‘lgan har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish bo‘yicha galdagi vazifalar muhokama etildi.
Viloyat hokimi 2026-yil 30-yanvarda ana shu yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini mahalla tizimi bilan uzviy bog‘lash, aholi muammolarini joyida hal etish, ochiqlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida qaror qabul qildi.
Unga asosan tuman (shahar)lar hokimlari hamda ularning barcha o‘rinbosarlari ro‘yxat bo‘yicha viloyatdagi tegishli mahallalarga nomma-nom biriktirildi.
Misol uchun, Shahrisabz hokimi Samad Hasanov tumandagi Abziyat, Avazmalik, Amir Temur, Achchig‘i, Big‘mi, Bog‘ishamol, G‘yelon, Duxchi mahallalariga, Dehqonobod tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Usmonov Gumbuloq, G‘o‘roti, Darxon, Dehqonobod, Duob, Do‘stlik, Zavqiy mahallalariga, Kasbi tumani hokimining o‘rinbosari Gulzoda Xudoynazarova esa Paxtakor, Sohibkor, Talishbe, Talliyulg‘un mahallalariga biriktirilgan.
Qarorda aniq ko‘rsatib o‘tilganidek, biriktirilgan mas’ullar mahallalarda xalq deputatlari tuman (shahar)lar Kengashlari tomonidan tasdiqlangan oylik reja asosida ish olib borib, uning ijrosi natijalari bo‘yicha mahalla aholisiga murojaat qiladi, ochiq muhokamalar o‘tkazadi va hisobot beradi;
har oyda kamida bir marotaba aholi bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, ularda fuqarolar murojaatlarini qabul qiladi va aniq ijro muddatlari bilan tegishli mas’ullarga tegishli topshiriqlar beradi;
mahallalarda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va mavjud muammolar yuzasidan har oyda ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholiga hisobot berib boradi.
Bundan tashqari, hujjatda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Qodirov, viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Rustam Jo‘raqobilovga tuman (shahar)lar hokimlari bilan birgalikda 2025-yil yakunlari bo‘yicha eng yaxshi faoliyat ko‘rsatgan 10 ta mahallaning «mahalla yettiligi» vakillarini alohida tartibda aniqlash;
ularning barchasini mukofotlab, qonun hujjatlariga muvofiq qo‘shimcha ustamalar belgilash choralarini ko‘rish topshirig‘i berilgan.