Saralangan satrlar
1982-yilda adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan kolumbiyalik adib Gabriel Garsia Markes o‘z ijodida Lotin Amerikasining tarixiy va madaniy xususiyatlarini aks ettirgan. “Yolg‘izlikning yuz yili”, “Mustabid paymonasi”, “Oshkora qotillik qissasi”, “Polkovnikka hech kim xat yozmaydi”, “Ulug‘ Onaning dafn marosimi” kabi asarlari jahon adabiyotining durdonalari sifatida baholanadi.
Markesga Nobel mukofoti berilayotganda u: “Kishi kishiga mute bo‘lmagan, biri ikkinchisining hayotiga daxl qilmaydigan, har qanday baxtga va adolatga erisha oladigan, asriy yolg‘izlikning mahkumligini yengishga, har bir odam o‘zi istaganday yashashga haqqi borligini o‘rgatadigan va buni isbotlab bergan utopiya yarata olgan yozuvchi haqiqiy ijodkordir”, degan edi.
Yozuvchining ayni qarashlari “Mash’um zamon” romanida ham bo‘y ko‘rsatadi. Roman voqealari aniq qayerda yuz berishi haqida aytilmaydi, umuman, Markes deyarli hech narsani quruq tasvirlamaydi, o‘quvchini fikrlashga o‘rgatadi. E’tiborli kitobxon noma’lum bu shaharda bir muddat ilgari inqilob yuz bergani, ammo ahvol yaxshi tomonga o‘zgarmaganini anglaydi. Natijada har kuni odamlar eshigiga varaqalar yopishtirib keta boshlashadi. Dastlab shunchaki odamlar ayb va gunohlari aks etgan varaqalar keyinroq siyosiy ko‘rinish kasb etadi.
Markesga xos kinoya, keskin ijtimoiy tanqidni ilg‘agan o‘quvchi roman qatlariga yashirin ma’nolarni oson payqay oladi.
Ispan yozuvchisi David Peres Vega ushbu asar haqida “Bunda men adibning ilk ijodiy davridagi bosiq asarlari bilan “Yolg‘izlikning yuz yili” va “Mustabid paymonasi” kabi tengsiz romanlari oralig‘idagi o‘tish bosqichini ko‘raman va shunisi bilan ham o‘ziga yarasha qadrli deb bilaman”, deya fikr bildirgan.
Roman o‘tgan yili “Arxetip” nashriyotida Sharifjon Ahmedov tarjimasida o‘zbek tilida chop etildi.
* * *
O‘zining tili o‘z boshiga yetdi – qay bir ulfatlar davrasida o‘tirib saylovlarda soxtakorlikka yo‘l qo‘ymayman deb aljirab qo‘ygan ekan.
* * *
Kim nima desa desin-u, tiriklik mantig‘ini kashf etganlar ham aynan o‘sha o‘tmish mumtozlari edi axir. Bilasizki, mantiq ilmi har qanday sinoatlar yuzasidagi pardani ko‘tarishga qodir quroldir.
* * *
Dunyo yaralganidan beri bo‘hton varaqalarni kim yopishtirib ketayotganini hali hech kim topa olgan emas.
* * *
Odamlar valdirab yurgan gaplarga ishonaversang, bu dunyoda yashab bo‘larkanmi?
* * *
“Aksirib qoling, hazratim. Axir bizda hozircha demokratiya!”
* * *
– Shuning uchun ham sartaroshxonada soch oldirgim kelmaydi. Xotinimga aytsam, eplab-seplab to‘g‘rilab qo‘yardi, muhimi, siyosat-piyosatdan og‘iz ochmaydi.
* * *
– Xudoning bergan kuni shunga o‘xshagan balo-yu ofatlardan boshimiz chiqmay qoldi, siz bo‘lsa haligacha o‘sha eski siyosiy nafratingizdan hech voz kechmaysiz. Ta’qiblar to‘xtaganiga bir yildan oshdi, siz esa haliyam shular haqida diydiyo qilganingiz-qilgan.
– Bizni o‘z holimizga tashlab qo‘yishgani jazolash emasmi?
– Lekin bizni urib-o‘ldirishayotgani ham yo‘q-ku.
– Shu ovloq joylarda o‘lib ketaversin deganday unu-tishgani urib-o‘ldirishdan nima farqi bor?
* * *
Uyingda yeyman deb turgan o‘n bitta jonni boqishing kerak bo‘lsa, xolis fikrlamasdan nima ham qila olarding.
* * *
“Radio eshitsam, men ham o‘zidan o‘zi terlayveraman”.
* * *
Doktor shishib ketgan lunjni barmoqlari bilan tortib-surib, bemorning ingrashiga parvo ham qilmasdan, kasal tishni topdi. Yengini shimarib, og‘ziga ombir solmoqchi bo‘lib turgandi, alkald uning qo‘lidan mahkam ushlab oldi.
– Ukol qilmaysizmi?
Shunda ikkovining ko‘zlari ilk bor to‘qnashdi.
– Sizlar ukol qilmasdan ham o‘ldiraverasizlar-ku…
* * *
– Ichingizdagi adovat qachon bitadi? – yana juvonga yuzlandi alkald.
Ovozida hech bir titroqni sezdirmasdan, xotirjam javob qildi ayol:
– O‘ldirilgan yaqinlarimizni tiriltirib bermaguningizcha.
* * *
Har qanaqa marhamatning tagida pul yotadi.
* * *
Bunaqa ishlar ichida yuraversang, folbinlik lo‘ttibozlikdan boshqa narsa emasligi, kishi faqat o‘z irodasiga ishonishi lozimligiga ishonch hosil qilasan ekan.
* * *
Mundoq surishtirib kelsa, sarmoyasiga harom o‘lgan eshak etini aralashtirmagan, halol-u pok tadbir yuritgich birorta korchalon bormikan bu yurtda?
* * *
Hayot deganlari bemavrid o‘limlardan omon qolish san’ati.
* * *
– Hozirgina radiodan eshitdim, ko‘zi ko‘r buqalamunlar rangini ham o‘zgartirmasmish.
– Og‘ziga kelganini gapiraverishadi-da.
– Buqalamunlar haqidami?
– Dunyodagi hamma narsa haqida…
* * *
– Fitnaga ko‘pchilik aralashgan bo‘lsa ham, oxir-oqibatda bularning eng kattasi bosh aybdor bo‘lishini yaxshi tushunasiz.
– Ha, leytenant, adashmasam, Arastu ham shunday degandi. Nima bo‘lganda ham, hozirgi choralar puxta o‘ylanmasdan joriy etilgan. Varaqachilar komen-dantlik soati bekor qilinishini kutib, keyin esa yana ishlarini davom ettiraverishadi.
– Bunisi muhim emas, – dedi alkald. – Hokimiyat mavjudligini bildirib qo‘yishimiz muhim.
* * *
Fikri ravshanlashib, atrofga boqar ekan, u shaharnimi yoki shahar unimi bo‘ysundirib, ko‘zga ko‘rinmas to‘rlari iskanjasida asir etganini bilolmay halak. Negaki, oradan mana shuncha yillar kechib o‘tgan bo‘lsa-da, jilovini o‘z qo‘liga olgan ovloq bu makon va buning har bir fuqarosi aslida unga begona va tushuniksizligicha qolganini aniq-ravshan anglab turmoqda edi.
* * *
– Sizlar… sizlar kelguncha, – bir oz tutilib qoldi sartarosh, – shaharchamiz boshqa hamma shaharlarga o‘xshagan rasvoi jahon bir joy edi. Endi esa o‘sha rasvo shaharlardan ham battar balchiqqa botib bo‘ldi.
* * *
Har kuni erta tongda uyg‘onib, har safar o‘z ajalingni kutib yashash nima ekanini siz bilmaysiz-da…
* * *
– Bu xonada birorta avliyo bilan Tangrining rahmati kamlik qilyapti, – asta po‘ng‘illadi hazrat.
Doktor atrofga bir nazar tashlab oldi-da:
– Butun shahar siz aytayotgan avliyoga muhtoj, – dedi.
* * *
“Hazrat, kechasi uyquga ketishdan avval taningizda bir o‘ylab ko‘ring: bandalarning ruhiy jarohatlarini chindan ham davolashga malhamingiz bormi, aslida?!”
* * *
Sirk direktori kema daryo o‘rtasiga yetishini kutib turdi-da, so‘ngra qo‘llarini og‘ziga karnay qilib butun ovozi bilan qirg‘oqda qolgan alkald tomon baqirdi:
– Yaxshi qol, haromxo‘r mirshaaab!
* * *
“Bu ketishda boshqa shaharlardan aholi so‘rashimizga to‘g‘ri kelmasa bo‘lgani”.
* * *
Haliyam arznomalar biron ish berishiga ishonasiz, shekilli. Lekin hozirgi zamonda, qog‘ozlar bilan emas, miltiq yordamida hukm qilishadi.
* * *
Har qanday sharoitda ham jasadni yorish amaliyoti o‘tkazilishi shart. Bu qamoqxonada negadir hamisha yurak xurujidan jon taslim qilayotgan mahbuslarning xastalik sirini aniqlash payti keldi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.