Chexiya hukumati majlislar zalida tozalash ishlarini olib borayotgan farrosh egasiz diktofonni topib oldi. Seznam Zpravy nashrining xabar berishicha, mazkur qurilma yozib olingan ma’lumotlarni tashqi internet serveriga uzatish funksiyasiga sozlangan bo‘lgan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, topib olingan bank kartasi hajmidagi diktofon hukumat matbuot xizmatiga topshirilgan. Ushbu xizmat rahbari Karla Mrachkovaning aytishicha, o‘tkazilgan tekshiruvlar qurilma Vazirlar Mahkamasi uchun hech qanday xavf solmasligini ko‘rsatgan. Holbuki, ushbu majlislar zalida ayrim hollarda maxfiy masalalar ham muhokama qilinadi.
Yozib olish apparati topilgan paytda o‘chirilgan holatda bo‘lgan. Matbuot kotibining ta’kidlashicha, ehtimol, diktofon kimdir tomonidan tasodifan unutib qoldirilgan.
Nashrning yozishicha, topilgan qurilma AQShning Plaud kompaniyasi tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan. U nafaqat ovozni yozib olish va sun’iy intellekt yordamida uni matnga aylantirish, balki to‘plangan materiallarni deyarli bir vaqtning o‘zida internet serverlariga yuborish imkoniyatiga ham ega.