Qashqadaryo gazetasi Jamiyat “Hurriyat” muharriri nega qatl qilingan?
Jamiyat

“Hurriyat” muharriri nega qatl qilingan?

Qashqadaryoga oid

Ma’lumki, jadid ma’rifatparvari Mahmudxo‘ja Behbudiy Qarshida sirli ravishda qatl qilingan. O‘shanda alloma bilan birga qo‘lga olinganlar orasida Samarqandda nashr etilgan «Hurriyat» gazetasining bosh muharriri Mardonqul Shohmuhammadzoda ham bo‘lgan. Ayni mavzuimiz shu inson haqida.

Mardonqul Shohmuhammadzoda 1882-yili Samarqandda tug‘ilgan. Otasi oddiy odam bo‘lishiga qaramasdan o‘g‘lining ta’lim  olishiga katta e’tibor qaratgan. Mardonqul dastlab maktabda o‘qigan. So‘ngra madrasa ilmini olgan. Fors va arab tillarida gaplasha olgan. Mustaqil ravishda rus tilini ham o‘rgangan.

Shohmuhammadzoda 1898-yili Samarqanddagi hamrohi bilan Istanbul shahriga sayohat qilgan. Dunyoviy ilm-fanlarni o‘rganishni davom ettirgan. Hur fikrli qarashlari orqali zamondoshlari e’tiboriga tushgan. Rossiyada 1917-yilda yuz bergan inqilob arafasida shunday qarashlari tufayli rus imperiyasi hukumati tomonidan hibsga olinib, Toshkent qamoqxonasida saqlangan. Inqilobdan so‘ng o‘z maqsadlaridan voz kechmagan holda ijtimoiy-siyosiy vaziyatlarga fikr bildirib turgan.

1917-yil aprelidan Samarqand shahrida chiqa boshlagan «Hurriyat» gazetasining 9-sonidan 26-sonigacha Mardonqul Shohmuhammadzoda bosh muharrir bo‘lgan. Gazetaning ilk sonida uning «Ta’mini istiqbol» maqolasi bosilgan. Unda muallif mazkur gazetaning asosiy vazifasi xalqimizning ma’naviy kamoloti, ma’rifati va ilmi rivojiga xizmat qilishdir, deya ta’kidlaydi.

Tarixchi Bahrom Irzayevning ma’lumot berishicha, «Hurriyat»ning 1917-yil 19- may 10-sonida chop qilingan Mardonqul Shohmuhammadzodaning «Turkiston partiyalari va nodonlik» maqolasi juda muhim masalaga bag‘ishlangan. Muallif «Bizning Turkistonda ham partiyalar ko‘p ekan, lekin maqsadlarini bilmadik. Andijonda mirkomilchevin va mirahmadchevin, Toshkentda ulamochevin, Samarqandda nafoqchevin va nafsoniyatchevin partiyalari bor. Ularning manbasi ilmsizlik, mansabi nodonlik. Buning oqibati yomon bo‘lar» deb, xalqning ayni paytda ishonishi lozim bo‘lgan yagona kuch sifatida yoshlar (jadid taraqqiyparvarlari)ni tavsiya qiladi. Maqolani «…yoshlarimiz izzat nafs, mansablarni qo‘yib, xolis, manfaatlarsiz, xalqqa xizmat etarlar. Bu yo‘lda qarshiliklarga chidarlar. Bu kun xizmatlari ma’lum bo‘lmay qolsa, o‘lganlaridan so‘ng ma’lum bo‘lar», deb tugatadi.

1917-yilda Shohmuhammadzoda «Mardikorlar jamiyati» tuzadi. Biroq jamiyat o‘tkazgan tadbirlar qarshilikka duch kelib, natijada uzoq faoliyat yuritmay tugatiladi. Shundan keyin Mardonqul Shohmuhammadzoda davolanish maqsadida Rossiya atrofidagi shaharlarga yo‘lga chiqadi. Oktabr voqealaridan so‘ng bolsheviklar qo‘l ostidagi hukumat ishlarida ishlaydi.

1918-yil boshlarida Samarqand uyezdida militsiya boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatadi. Shu yilda Samarqand viloyatida ocharchilik kuchayib, u ochlarga yordam qo‘lini cho‘zadi.

1918-yilning bahor oyida Buxoroga hujum qilishni rejalashtirgan Kolesovni niyatidan qaytarish umidida Buxoroga boradi. Ammo niyati amalga oshmagach, Samarqandga kelib yana o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1918-yil yozida yana betob bo‘lib davolanadi. Bir oylik ruxsat bilan Rossiyaga safar qiladi. Qaytishda dastlab Kavkaz, keyin Istanbulga borib, biroz shu yerda yashaydi. Turkistonda muxtoriyat masalasi ko‘tarilgach, 1918-yilning qishida Chorjo‘y orqali Samarqandga keladi. Ijtimoiy hayotni yaxshilash uchun xalq xizmatiga kirishadi.

Shohmuhammadzoda aholi orasidagi ortiqcha hashamlar, bid’atlarga qarshi kurashgani bilan ham e’tibor qozonadi.

1919-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan safarga chiqqanda Shahrisabz yaqinida hibsga olinadi va 1920-yilda qatl etiladi.

Ayni qatl tafsilotlari yuz yildan beri javobi ochiq qolayotgan masala sanaladi. Ayrim tarixchilar Behbudiy va safdoshlari sovet amaldorlari zug‘umi ostida o‘limga hukm qilingan, deyishsa, yana bir guruh mutaxassislar Buxoro amiri buyrug‘i bilan «jadid, kofir va josus» degan ayb bilan so‘nggi manzilga kuzatilganini qayd etishadi.

Shunisi aniqki, Qarshi zamini millatning hur fikrli o‘g‘lonlaridan biri uchun abadiy manzil bo‘ladi.

Exit mobile version