Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat IJODKORNING VAZIFASI SIYOSATNING YUGURDAGIGA AYLANMASLIKDIR
Ma’naviyat

IJODKORNING VAZIFASI SIYOSATNING YUGURDAGIGA AYLANMASLIKDIR

Saralangan satrlar

Tarixiy voqelik, shaxs va jamiyat munosabatlari, inson qalbida pinhon kechinmalar, yuksak orzu-xayollarni ifodalashda adabiyotning o‘rni beqiyos ekanini yaxshi bilamiz. Adiblardan biri bu haqda “Hayot u qadar qiziq emas, qiziq bo‘lganda, adabiyotga ehtiyoj sezilmasdi” degan edi. Albatta, adibning bu fikrlari so‘z san’atining hayotni yanada go‘zal namoyon etishi haqidagi o‘ziga xos mubolag‘asidir. Odamlar o‘qishdan to‘xtashlari bilan fikrlashdan ham to‘xtashlarini esa hech birimiz rad etolmaymiz.

Adabiyot, ijod asli erkinlik asosiga qurilgani bilan ma’lum qonuniyatlarga bo‘ysunadi. Tabiiyki, yozuvchi, shoir xayoliga kelganini yozib ketavermaydi. Nimani yozish va yozmaslik borasida to‘g‘ri hukm qilgan yozarmanga adabiyot olamidagi abadiylik nasib etishi mumkin.

Filologiya fanlari doktori, “Shoir va davr”, “Istiqlol va bugungi adabiyot”, “Tarixiy qissalar haqiqat izlaydi”, “Badiiy asar biografiyasi”, “Nur boqiylikdir”, “Falsafiy lirika” kabi asarlar muallifi No‘mon Rahimjonovning “Adabiyot – millat vijdoni” nomli badialar kitobi bor. Shu to‘plamda badiiy so‘z san’atiga xos qimmatli fikrlar keltirilgan. Ayrim lavhalar Siz uchun ham foydali bo‘lar, deb o‘yladik.

Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida ibratli bir naql keltiradi. Unda aytilishicha, bir Sharq donishmandidan odamning odamligi nima bilan belgilanadi, deb so‘rashibdi. U: “Odamning asli eng kichik ikki a’zosi – tili va dilida ayon”, deb javob beribdi. Xiyla fursat o‘tgach, yana ikki tanga puli bilan odamligi to‘kis namoyon bo‘ladi, deb qo‘shib qo‘ygan ekan. Illo, tili, dili va yana ikki tanga puli bilan odam o‘zligining zohiriy va botiniy to‘kisligini yoxud noqisligini zuhur etar ekan.

* * *

Garchand, “ma’naviyat”, “komillik”, “komil inson” tushunchalari islomiy e’tiqod bilan birga jahon tamadduniga kirib kelgan, mustahkam o‘rin egallagan esa-da, ildizlari bag‘oyat chuqur. U bani odamni ruhan, fikran boyitadigan, yuksaltiradigan va shu asosda shaxslik darajasini belgilab beradigan benazir sharofat. Odam dunyoga kelibdiki, Alloh nazarida. Banda hamisha nazarkarda. “Tangri o‘z payg‘ambarini va payg‘omining yetkazuvchisini “Albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz” (Qur’oni Karim, “Qalam“ surasi, 4-oyat) deya tavsif qilgan.

*  *  *

Erkinlik – nima degan so‘z? Erkinlik, aslida, osmonda yashash, degandek bir gap. Yerda yashab erkin bo‘lish mumkin emas. Oyog‘imiz tuproq iskab turgan ekan, shu zaminda nafas olib yashayotgan ekanmiz, demak, odamlar bilan hisoblashishga majburmiz. Hazrat Alisher Navoiyning bir gapi bor: mening hamma she’rlarimda aytilgan g‘araz – bu xalqim, deydi. Elimga xizmat qilaman, deyapti. Shunday ekan, qanday mustaqil odam bo‘lishi mumkin? Podshohmi, vazirmi, qirol yoki darvesh, gadoymi, qay darajada erkin bo‘lishi mumkin?! Bu, demak, odam ma’lum ma’noda zaminga, el-yurtga, atrof-muhitga tobe; ota-bobosiga, ona-momosiga, farzandlariga – odamlarga bog‘langan. Hazrat Navoiy she’rlarida g‘araz degan so‘zni ko‘p ishlatadi (“G‘arazim – xalq”, deydi). Ya’ni, hamma asarlarimdan maqsad – bu el-yurt koriga yarash, deydi.

* * *

Siyosat – bu jamiyatni qanday qilib idora etish masalasi. Demak, jamiyatning hayoti masalasi. Shunday bo‘lgandan keyin siyosatdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Yozuvchining vazifasi esa siyosatning yugurdagiga aylanmaslik. Adolat va xalq tomonda turish. Mana shu siyosiy vaziyatda xalq uchun nimalar foydali? Qanday hodisa foydali? Buni san’at bilan ifodalash har bir ijtimoiy davrda har bir ijodkorning burchidir.

* * *

1916-yilgi inqilobiy voqealar tasviriga bag‘ishlangan “Qutlug‘ qon” romanining birinchi variantida Petrov obrazi yo‘q edi. Rus revolyutsionerining obrazi asarga keyin kiritilgan. Asarda ilg‘or rus inqilobi tafakkurining ta’siri ko‘rsatilmagan, degan adabiy tanqidchilik tazyiqi ostida shu xil o‘zgarishlar kiritilgan.

Demak, rasmiy nuqtai nazarga ko‘ra, xalqimizning inqilobiy harakatida ruslar ishtirok etgan va rus inqilobchilari yetaklagan yo‘ldan xalqimiz ketgan, degan fikr yetakchi edi. “Kecha va kunduz” romanida esa, aksincha, bu narsa yo‘q. Ismoil G‘asprinskiyning shogirdlaridan biri asarning bosh qahramonlaridan hisoblanadi. Asar xotimasida bosh qahramon G‘asprinskiy oldiga maslahatlashgani ketadi. Cho‘lponning adabiy jasoratini ko‘ring. Hech qanday marksistik g‘oyalar xalqimiz ongiga singib kirmagan edi, degan fikrni aytish uchun qanchalik zakovat va jasorat kerak. Xalqimiz ongidagi hukmron ideologiya Ismoil G‘asprinskiy g‘oyalari edi. Yana, ruslar – kichigidan kattasigacha maishiy buzuq, rasvo qilib ko‘rsatilgan. Bu ham juda katta gap. 1934-yilda shu gapni aytishning o‘zi bo‘ladimi?

* * *

Buyuk irland adibi Jeyms Joys “Uliss” romani ustidagi qizg‘in ijodiy izlanishlar jarayonida ekan. Qo‘qqisdan urush boshlanib qoladi. “Endi men romanimni qanday qilib tugataman”, deya tashvishga tushgan, xavotirga botgan ekan. Ko‘rinadiki, davr voqeligi hamisha ijodkorga ta’sir o‘tkazib kelgan. Siyosiy voqealar ijodiy rejalarini ostin-ustun o‘zgartirib yuborishidan cho‘chigan, albatta. Yoxud o‘z adabiy hayotimizdan misol izlasak, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriyning qaysi asari davr mafkurasiga aloqasiz yaratilgan?! Fitratning “Temur sag‘anasi”, “Abulfayzxon” yoki Cho‘lponning “Buzilgan o‘lkaga” she’ri, “Tong yulduzi” majmuasi mundarijasini tashkil etgan asarlar bevosita sho‘ro siyosatiga badiiy javob tariqasida yuzaga kelgandi.

* * *

San’atkorning u yoki bu asar yozishda, albatta, ko‘ngillagan ma’lum niyati, oldiga qo‘ygan maqsadi bo‘ladi. Bu narsani aksar hollarda “g‘araz” (maqsad) deb ham qo‘llashadi. G‘araz-niyat qanchalik yashirin bo‘lsa, shunchalik yaxshi. Ijod mahsuli maqsadsiz bo‘lmaydi. Bu – badiiy ijodning g‘oyat muhim ustuvor shartlari sirasidandir. Navoiydek buyuk shoir, vazir “Davr bevafolarining jabridan dod! Va zamon behayolari zulmidan fig‘on va faryod!” deb zamonidan zorlanib o‘tdi. Bayron “Tunsiz va shohlarsiz ozod dunyoni tezroq ko‘rishni xohlayman”, deb qaqshaydi. Amerikalik shoir, nosir, olim G.Uorren “Ertangi kun poetikasini yaratuvchi she’riyat Pol Elyuar, Bertolt Brext yoki Uolt Uitmen ijodlari singari o‘z davrining ijtimoiy kurashlari izdihomida tug‘ilmoqda”, deya ta’kidlaydi. Garsia Markes “Mening hayotimda biror urinish yo‘qki, u siyosiy ish bilan bog‘lanmagan bo‘lsin… Kimki odil jamiyat qurish uchun dunyoni o‘zgartirmoqchi ekan, targ‘ibotchi bo‘lishi kerak”, deb yozg‘iradi.

* * *

Ma’lumki, sho‘ro saltanati o‘z g‘oyalari targ‘ibot-tashviqotini davlat siyosati darajasiga ko‘targandi. Natijada islomiy adabiyot, madaniy meros, tarixiy siymolar hayoti va faoliyatini o‘rganish (Amir Temur, Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Husayn Boyqaro, Feruz va hokazo) deyarli taqiqlangan edi. O‘zbekona ruh, milliy joziba, islomiy madaniyat chuqurlashuviga xalaqit berdi. Hukmron siyosat o‘rischa hayot tarzini keng palak yozdirdi. “Garchand yuqori darajali yozuvchilarni chet el adabiyoti namunalari axloqida tarbiyalash bizga foyda keltirgan bo‘lsa ham, – deb yozgandi olmon mutafakkiri Gyote, – baribir ular nemislarga nemis sifatida takomillashuviga xalaqit berdi”.

* * *

Tarixda Filip II degan podshoh o‘tgan. U tabiatan nihoyatda irodasiz, bo‘shashgan, voqea hodisalar jara-yonida mutlaqo rol o‘ynamagan bo‘h-bayov odam bo‘lgan ekan. Shekspir uni buyuk shaxs qilib ko‘rsatgan. Demak, yozuvchining bosh maqsadi o‘zi tasvirlayotgan hayotiy voqelikka o‘quvchilarni ishontira bilishida. Demak, Shekspirga shunday qahramon kerak bo‘lgan. Yozuvchi ko‘ngillagan muddaosini amalga oshirsagina o‘z vazifasini ado etgan bo‘ladi.

* * *

Inson-millat-jamiyat manfaatlariga zid narsalarni,  aytaylik,  millatchilik,  bosqinchilik, axloqiy buzuqlikni targ‘ib etishning ijod erkinligiga mutlaqo aloqasi yo‘q. Lotin amerikalik yozuvchi Migel Otero Silva yozg‘irganda mutlaqo haq: “San’atkor uchun ijod erkinligi bir narsa; erkinlik mas’uliyati esa boshqa narsa. Ijod erkinligi bu – odamzodni mahv etadigan qirg‘inbarot qurollarini olqishlab yozgin, ezgulikni qiradigan yovuz kuchni ishlatish huquqini yozuvchiga beraman, degani ham emas. Iste’dodning ijodiy erkinligi – uning o‘z xalqi, tarixiy davr va bashariyat oldidagi majburiyati demakdir”.

* * *

Tarix – bamisoli ummon. Bizning nuqtai nazarlarimiz, manfaat-ehtiyojlarimiz cheklangan. Shu bois tor va siniq ko‘zoynagimiz orqali ko‘p narsani ilg‘ay, qamray olmaymiz. Quchog‘imizga sig‘dira bilmaymiz.

* * *

Shunday tarixiy sharoit yuzaga keladiki, undan foydalana biladigan bitta makkor kerak. Napoleon ana shunday makkor shaxs bo‘lib chiqqan. Vaholanki, Tolstoyga ishonsak, uni buyuk shaxs deb bilmaymiz. Unaqa buyuklik siyoqi yo‘q unda. Lev Tolstoyning xalq kuchiga bergan bahosida katta haqiqat bor. Napoleon davrning ko‘tar-ko‘tar shamoliga to‘g‘ri kelib qolgan shaxs. Uni tarixiy davr o‘z sahniga olib keldi va ko‘tardi. Shaxslik masnadini muhrladi.

Fransuzlarda Mishel Monten degan faylasuf o‘tgan. U Lev Tolstoyning ta’siri bilanmi yoki undan keyinmi, “Xalq” (“Narod”) degan kitob yozgan. Shunda aytganki, genial odam nima uchun genial; sababi, u xalqning yelkasiga minib olgan. Shu bois, aytish joizki, Napoleon emas, aslida xalq buyuk, xalq geniydir.

BEKZOD tayyorladi.

Exit mobile version