Ovoz berishning ikkinchi turi yakunlariga ko‘ra, sobiq iqtisodiy xavfsizlik vaziri Sanae Takaiti Yaponiya hukmron Liberal-demokratik partiyasi yangi raisi etib saylandi. Bu haqda TASS manbasi xabar tarqatgan.
U umumiy hisobda 341 ovozdan 185 tasini olgan. Uning raqibi – sobiq bosh vazir Dzyun’itiro Koidzumining o‘g‘li Sindziro Koidzumi 156 ta ovoz to‘plagan.
Shu tarzda, ehtimol Sanae Takaiti Sigeru Isibaning yaqin orada kutilayotgan iste’fosidan so‘ng keyingi bosh vazirga aylanadi.
«Bunga sabab shuki, yapon muxolifat partiyalari parlamentda umumiy son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etsa-da, siyosiy qarashlari bo‘yicha ko‘plab jiddiy farqlarga ega va ularning barchasi ovoz berishga tayyor yagona bosh vazir nomzodi borasida yakdil to‘xtamga kela olmaydi», deyiladi xabarda.
64 yoshli Sanae Takaiti Kobe universitetini tugatib, demokratlar partiyasidan Vakillar palatasi a’zosi Patritsiya Shryoderga yordamchi bo‘lib ishlash uchun AQShga ko‘chib o‘tgan. Yaponiyaga qaytgach, siyosiy karyerasini boshlagan. 1996- yilda Liberal-demokratik partiyasiga qo‘shilgan.