Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 35-modda
Saralangan satrlar
“Olimning o‘limi – olamning o‘limi”, deyishadi. Darhaqiqat, bundan o‘n yil muqaddam Islom olami juda katta yo‘qotishga uchragan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari boqiy dunyoga rixlat qilgan edi.
U zot xalqimizga qoldirgan ma’naviy meros chek-chegarasiz. 4 juzdan iborat “Odoblar xazinasi”, 8 qismli “Zikr ahlidan so‘rang”, 3 juzli “Kifoya”, “Ruhiy tarbiya”, Qur’oni Karim tafsiri bo‘lmish 6 juzli “Tafsiri Hilol”, 5 juzli “Xislatli hikmatlar sharhi”, 6 juzli “Oltin silsila. “Sahihul Buxoriy”, 39 juzli “Hadis va Hayot” silsilasi kabi yuzlab bebaho asarlar xalqimiz diniy savodxonligini oshirishda, turli ixtiloflarga barham berishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Shayx hazratlari haqida yozilgan birinchi kitob Erkin Malikning “Xotira uyg‘onsa go‘zal” kitobi edi. Ushbu xotira kitobida Hazrat siyrati haqida e’tiborli manzaralar, ilm ixlosmandlari u kishini naqadar yaxshi ko‘rganlari haqidagi lavhalarga guvoh bo‘lish mumkin.
Bu kitobni albatta mutolaa qiling. Oramizda yashab o‘tgan ulug‘ zot haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lish asnosida umr, e’tiqod, ilm borasidagi fikrlaringiz teranlashadi.
* * *
Kitob o‘qimagan odamning ruhi ham, tarbiyasi ham, kelajagi ham bo‘lmaydi.
* * *
Ha, odam bolasi shu damlar, daqiqalar, fursatlar oralig‘ida yashaydi. Olgan damimiz, nafasimiz bizniki, keyingisiga yetamizmi-yo‘qmi, hamma gap shunda! Ha, Alloh nasib qilsa unga yetamiz, bo‘lmasa yo‘q. Keyingi nafas meniki deya olmaymiz.
* * *
Oh, umid… u qanchalar sehrli, mo‘jizakor? U so‘nggi jon chiqish soniyalarida ham kishini tark etmaydi. Umid deganlari jondek vafodor, chiqsa ham jon bilan chiqadi.
* * *
Ilm va Islom olamida kimning nomi shu kungacha yashab kelayotgan bo‘lsa va bundan keyin ham yashab qoladigan bo‘lsa, bilingki, ular hech qachon nafsning quli bo‘lmagan, aksincha, nafsi ularning quli bo‘lgan.
* * *
Abul Hasan Harakoniy: “Ne’matlarning eng haloli o‘z mehnating ila qo‘lga kiritganingdir”, deganlar. Bo‘lmasa, dunyo tanigan bu mujtahid olimlarning atrofida minglab shogirdlari, muridlari bo‘lgan, Xoja Ahror Valiy hazratlarining davlati podsholik xazinasidan bir necha bor ko‘p bo‘lgan. Hatto yurt bosqinga uchrab, juda katta boj talab qilinganida, bir yillik bojni u kishi o‘z yonlaridan to‘lab yuborganlar.
* * *
So‘rash kamchilik emas, fazilat hisoblanadi.
* * *
Bir odamning ismi Jahsh, ya’ni xo‘tik ekan. Uning ham ismini chiroyli ismga o‘zgartirganlar. Yana bir kishining ismi Harb – urush ekan, unga “Sening isming Salom bo‘lsin” degan ekanlar. Salom – bu tinchlik degani. Bu borada tobeinlardan biri rivoyat qilib shunday deydi: “Mening otam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borganlarida u zot: “Isming nima?” deb so‘radilar. U: “Hazar”, deb javob bergan. (Bu mahzunlik, xafalik degani ekan.) Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘g‘-ey, sening isming Surur – xursandchilik bo‘lsin”, dedilar. U kishi: “Otam qo‘ygan ismni o‘zgartirmayman”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Mayli, o‘zgartirmasang o‘zgartirma”, dedilar. Ammo bizning xonadonimizda hamisha mahzunlik, xafagarchilik hukm surgan. O‘shanda otam “Xo‘p” deb ismlarini chiroyli ismga o‘zgartirganlarida oilamizda doimo xursandchilik hukm surgan bo‘lardi”, deb eslaydi.
* * *
Muxlis so‘raydi: “Hazrat, eslab qolish qobiliyatining yaxshi bo‘lishi uchun nimalar qilish lozim? Buning uchun qanday duo yoki choralarni tavsiya qilgan bo‘lar edingiz?”
Hazrat javob berib: “Imom Shofe’iy o‘z ustozlari Vaqe’ ibn Jarrohga xotira sustligidan shikoyat qilganlarida, ustozlari u kishiga gunohlardan uzoq bo‘lishni, taqvoni mahkam tutishni tavsiya qilganlar va: “Ey o‘g‘lim, men o‘z hayotim mobaynida bundan ko‘ra hifzni kuchaytiradigan narsani ko‘rmadim”, deganlar. Bunda sunnatda kelgan duolardan foydalanilsa, yanada yaxshi bo‘ladi”, deydilar.
* * *
Beixtiyor Hazratning shogirdi Ozodbekning gaplarini esladim. Hazrat bilan “Tafsiri Hilol”ni ruschaga tarjima qilib o‘tirishgan ekan. Bunaqa paytda ustozga bir qultum suv ichish ham malol kelarkan, ishni ko‘zlari qiymas, vaqtni qizg‘anarkanlar. Shunday bir pallada Hazratning kotiblari Foziljon xijolat bilan xonaga kirib kelibdi. Keksaroq odam bilan bir yosh yigit ziyoratga kelganini aytibdi. “Ahvolni tushuntirmadingizmi?” – debdilar Hazrat. “Aytdim, – debdi Foziljon, – yoshrog‘i “Xalaqit qilmasam, ko‘proq savob olarkanman” deb, salom aytib, qaytib ketdi. Keksarog‘i esa “Mayli, bo‘shashlarini kutaman”, deb o‘tiribdi”. Shunda Hazrat “Xalaqit qilmasam, ko‘proq savob olarkanman”, degan yigitni “Tushungan inson ekan” deb, uning haqqiga uzoq duo qilgan ekanlar.
* * *
Nyu-Yorkda egizak binolar portlagan yili Hazrat Amerika safarida bo‘ldilar. U yerda turli toifadagi odamlar, shu jumladan, jurnalistlar bilan ham uchrashdilar. Ilk uchrashuvlarning birida Hazrat jurnalistlarning savollariga javob bermay indamay turaverdilar. Nihoyat, savol beruvchilar jimib qolishdi. Shunda Hazrat jurnalistlarga qarab:
– Islom odobida men mehmon, sizlar mezbonsizlar. Odatda, mezbonlar mehmonni savolga tutmaydilar, aksincha, oldin mehmon mezbonga savol bilan murojaat qiladi, deydilar.
Bu mantiqli gapdan keyin jurnalistlardan birovi:
– So‘rang, biz javob berishga tayyormiz, – deydi. Shayx hazratlari gapda davom etib:
– Islomda ko‘pgaplik isrofga kiradi, shuning uchun mening savollarimga bir og‘iz “ha” yoki “yo‘q”, deb javob bersangiz bo‘ldi, – deydilar.
Jurnalistlar yanada hushyor tortadilar. Hazrat so‘raydilar:
– Avvalo aytinglar-chi, sizlar men bilan Islom dini, shariat ilmi bo‘yicha munozaraga qalban tayyormisizlar, bu sohadagi bilimingiz yetarli deb o‘ylaysizlarmi?
– Yo‘q.
– Amerikani demokratiyaning beshigi deyishadi, sizlar turli gazeta-jurnallar, radio va telekompaniyalarning vakilisizlar. Aytinglar-chi, demokratiya talablaridan kelib chiqib, o‘z kompaniyangizni o‘z matbuotingizda tanqid qila olasizlarmi?
– Yo‘q…
* * *
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Kasblarning sharaflisi kishining o‘z qo‘li bilan bajaradigan kasbidir”, – deganlar. Amalga chorlovchi oyatlar, hadislar, asarlar juda ham ko‘p. Birgina misol keltirsak kifoya qilar: “Hazrati Umar roziyallohu anhu bekorchi odamlarni uchratib qolib, “Sizlar kimsizlar?” deb so‘radilar. Ular: “Biz tavakkalchilarmiz”, deyishibdi. “Yolg‘on” gapiryapsizlar, – debdilar Hazrati Umar. – Tavakkalchi yerga urug‘ni sochib qo‘yib, so‘ngra Allohga umid bog‘lagan kishidir. Birortangiz “Allohim, O‘zing rizq bergin”, deb rizq talab qilishga o‘rganib qolmang. Bilasizki, osmondan tilla yoki kumush yog‘maydi”.
* * *
Saudiya Arabistonida podshoh Fahd ibn Abdul Aziz bilan uchrashish uchun Jidda shahridan Ar-Riyoz shahriga maxsus samolyotda uchdik. Bir kishi mehmondorchilik uyushtirib, xizmat qilib turdilar. Keyin bilsam, ismlari Ali Rizo bo‘lib, samolyot ham u kishiniki ekan. Men ul zotdan: “Bizda Saudiya hukumati neftni sotib, pulni bosib olgan, xohlaganini qilaveradi, degan tasavvur bor edi. Lekin kelganimizdan beri hukumatniki degan narsani ko‘rmadik, do‘konlar, taksilar, mehmonxonalar va boshqa narsalar, jumladan, samolyotlar ham shaxsiy ekan. “Hukumat nima ish qiladi?” – deb so‘radim. Ali Rizo: “Muftiy hazrat, bizda hukumat hukm qiladi, ishni biz bajaramiz”, dedi.
* * *
Vaqt g‘animatligini bilgan odam hech narsaga shoshilmasa ham, ilm olishga, bilganini boshqalarga yetkazishga shoshishi kerak ekan.
* * *
Ko‘r-ko‘rona taqlid bilan yashash inson degan buyuk nomga munosib emas. Bunday taqlid insonlik sharafini toptaydi, darajasini paysatiradi.
* * *
Filni, eshakni, otni olaylik. Miyasi katta, lekin insondek o‘ylash, fikrlash sharafiga ega emas. Ularda ilm olish, ma’rifat hosil qilish xususiyatlari yo‘q. Shuning uchun ular nafsining ko‘yida nima qilsa qilib yuraveradi.
* * *
Mo‘min-musulmon banda birovga eng kichkina, eng ozgina yaxshilik qilsa ham, u dunyoda savobini oladi. Xo‘p, savobi nimaga u dunyoga olib qo‘yiladi, deyilsa, ulamolar aytadilarki – insonning o‘sha eng arzimas, kichkina ishiga beriladigan ajr bu dunyoga sig‘maydi. Sababi, bu dunyo juda tor dunyo. Bevafo dunyo. Bu dunyo besh kunlik dunyo. Shuning uchun savoblarini oxiratga olib qo‘yadi. Oxirat abadiylik dunyosidir. Cheki yo‘q, cheksiz dunyodir. Abadiy davo etadigan dunyodir. Savoblar o‘sha dunyogagina sig‘adi. Bandasining u dunyodagi martabasi savobining martabasiga qarab belgilanadi. Aksincha, gunoh qilsa, bu dunyoda jafosini tortadi. Baxtsiz bo‘ladi… Yana shuni aytish kerakki, gunoh ishlarning eng kichigiga beriladigan jazo ham bu dunyoga sig‘maydi. U ham oxiratga olib qo‘yiladi. Mana shu narsalar har bir insonning fikri-yodida saqlanishi kerak.
* * *
O‘shanda Hazrat bilan shunday bir izdihomga borgan edik. Tuzalgan dasturxonni ko‘rib: “O‘h-ho‘… o‘tirishga ham joy qolmabdi-ku”, degan edilar. Ustoz ziyofatbozlikni yoqtirmasdilar. “Buning o‘rniga bir og‘iz bo‘lsa ham ilm, ma’rifat haqida gap bo‘lsin”, der edilar.
* * *
Odatda inson zoti o‘tgandan keyin orqasida qolgan solih farzandlaridan, yaratgan bog‘laridan, qurgan ko‘priklari, binolaridan savob borib turadi, deyishadi. O‘ylab qarasak, orqada qolgan farzandlar ham bu dunyodan o‘tadilar, bog‘lar ham abadiy emas, quriydi, ko‘prigu binolar ham bir kun kelib buziladi. Ilm yo‘lida qilingan ishning savoblari esa uzilmay, bardavom bo‘lib oxiratgacha borib turar ekan. Sababi, ilm bog‘lar kabi qurib qolmaydi, binolar kabi buzilib ketmaydi, balki avloddan-avlodga o‘tib, yo‘lchi yulduz bo‘lib yashayveradi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.