Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan INNOVATSIYA – TARAQQIYOT, STARTAP – KELAJAK,G‘OYA – TADQIQOT
Ilm-fan

INNOVATSIYA – TARAQQIYOT, STARTAP – KELAJAK,G‘OYA – TADQIQOT

Iqtidor

Zamonaviy dunyoda mamlakat taraqqiyoti va jamiyat ravnaqi istiqbollari, eng avvalo, bilimli, tashabbuskor va ilg‘or fikrlaydigan kadrlar salohiyati bilan belgilanadi. Shunga monand, ilm-fan va innovatsiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda yosh mutaxassislarning izlanishlari, ilmiy tadqiqotlarga qiziqishi hamda yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga intilishi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada yurtimiz yoshlari turli yo‘nalishlardagi innovatsion loyihalar ustida faol ishlab, respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlar, olimpiadalar va ilmiy anjumanlarda o‘z salohiyatlarini ko‘rsata olishayapti.

Bu borada Qarshi davlat texnika universiteti talabalarining yutuqlari ham alohida e’tiborga molik. Ularning har bir erishgan natijasini mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi sifatida e’tirof etish mumkin.

Qadamlar energiyasi

QarDTU magistranti Jonibek Mengliqulov Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi stipendiati va Qashqadaryo viloyati hokimi stipendiyasi sohibi hamda bir nechta nufuzli tanlovlar g‘olibi hisoblanadi. Bunday natijaga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmasligini yaxshi tushunamiz. Ayniqsa, uning «Foot Step Energy» loyihasi muhim yangiliklardan biri bo‘lgan.

O‘zbekchada «Qadamlar energiyasi» deb nomlangan loyiha – insonlarning harakati orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish texnologiyasini taqdim etadi. Bu tizimdan foydalanish uchun aholi gavjum joylarda, aytaylik, ko‘chalarda, metro bekatlarida va piyodalar yo‘lakchalarida maxsus qurilmalar o‘rnatiladi. Odamlarning ular yuzasiga bosgan qadami yoki boshqa harakati ta’siridan jarayon boshlanadi.

Tizim pyezoelektrik materiallar yoki mexanik tizimlar yordamida ishlaydi. Pyezoelektrik materiallar shunday xususiyatga egaki, kishilar ustidan yurganda, bu materiallarda elektronlar harakatlanadi va mexanik energiya hosil bo‘ladi. YA’ni har bir qadam yordamida pyezoelektrik elementlarga o‘tkazilgan bosim resursga aylanadi.

Mexanik tizimda esa presslar yoki gidravlik uskunalardan foydalaniladi. Bunda ham qadam bosilishi natijasida mexanik energiya yuzaga keladi, ular yig‘ilib, generatorni ishga tushiradi va elektr energiyasi hosil qiladi. U maxsus akkumulyatorlarda saqlanadi va kerakli joyda (masalan, ko‘cha chiroqlarini yoritish, xavfsizlik kameralarini yoki kichik elektron qurilmalarni quvvatlash uchun) ishlatiladi. Bu tizimlar, odatda, mustaqil energiya manbai sifatida ishlaydi. Uni joriy qilish jamoat joylarida elektr energiyasi sarfini kamaytiradi, ekologik holatga ijobiy foyda beradi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiy jihatdan ham samarador hisoblanadi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishning shunga o‘xshash turlari Yaponiya, Buyuk Britaniya kabi bir nechta xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinmoqda. Bunday yechimlar zamonaviy shaharlarda «Yashil» energetikani rivojlantirish uchun muhim qadam hisoblanadi.

Chiqindidan xomashyo

Universitetning yana bir magistranti Diyorbek Absattorov «Ishlatilgan molekulyar sito (seolit)dan toza alyuminiy oksidi olish» startap loyihasi muallifi.

Loyiha ishlatilgan molekulyar sito (seloit) adsorbentlarini kompleks qayta ishlash orqali yuqori tozalikka ega alyuminiy oksidi va qo‘shimcha qimmatli kimyoviy mahsulotlar olishga qaratilgan innovatsion texnologiyani nazarda tutadi. Shu tarzda nafaqat ekologik, balki chuqur ijtimoiy va iqtisodiy samaradorlikka erishiladi.

Bunda, avvalo, sanoat chiqindilarini, xususan, seloit adsorbentlarini qayta ishlash orqali atrof-muhitga tushadigan zararli yuklama sezilarli darajada kamayadi. Bu esa tuproq, suv va atmosfera ifloslanishining oldini olishga xizmat qiladi. Natijada ekologik barqarorlik ta’minlanadi va «yashil» texnologiyalar tamoyillari amalda joriy etiladi.

Uning asosiy iqtisodiy afzalliklaridan biri chiqindidan qimmatli xomashyo tayyorlash imkoniyatidir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 tonna ishlatilgan seloitni qayta ishlash orqali o‘rtacha 300-400 kilogramm yuqori tozalikka ega alyuminiy oksidi ajratib olish mumkin. Bu natija xomashyo manbalarini diversifikatsiya qilish va tabiiy resurslarga bo‘lgan bosimni kamaytirishga yordam beradi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonida chiqindilar minimal darajaga tushiriladi.

Alyuminiy oksidining jahon bozoridagi o‘rtacha narxi tonnasiga 300-500 AQSH dollari atrofida ekanligini inobatga olsak, daromad ham chakki bo‘lmaydi. Agar yiliga 1000 tonna o‘zimizning sanoat korxonalarida hosil bo‘ladigan seloit chiqindisi qayta ishlansa, undan taxminan 300 tonnagacha alyuminiy oksidi olish mumkin. Demak, daromad 90-150 ming AQSH dollari miqdorida bo‘ladi. Bundan tashqari, qo‘shimcha mahsulotlar (alyuminiy sulfat, temir birikmalari va kremniy qoldiqlari) ham sotilishi yoki boshqa sanoat tarmoqlarida foydalanilishi mumkin. Bunda umumiy iqtisodiy samaradorlik yanada oshadi.

Ham suyanchiq, ham yo‘ldosh

Xalqaro «The best delegat» tanlovi g‘olibi. Xalqaro lider sertifikati sohibasi, xalqaro «Red Bull Basement» innovatorlar va startapchilar tanlovi ishtirokchisi. Ilmiy tadqiqot ishlari Turkiya va Hindistonda chop etilgan antalogiyalarga kiritilgan.

Bilganlar gap QarDTU raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt fakulteti talabasi Sevara Allado‘stova haqida ketayotganini allaqachon angladi. Uning «Aqlli» hassa va bilaguzuk» startap loyihasi ko‘zi ojizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar uchun xavfsiz hamda mustaqil harakatlanish imkonini berishni nazarda tutadi.

«Aqlli» hassa quyosh energiyasidan zaryad oladi va sun’iy intellekt asosida boshqariladi. Qurilmaning afzalliklari juda ko‘p. Ko‘zi ojiz va nogironligi bo‘lgan insonlar favqulodda holatlarga tushganda, ularning yaqinlariga avtomatik tarzda tezkor xabar yuboradi. Ovqatlanish, dori-darmon qabul qilish vaqtlarini eslatib turadi.

Bundan tashqari, maxsus sensorlar to‘siqlar va chuqurlar haqida ogohlantiradi. GPS orqali yo‘nalish beradi. Tunda yo‘lni yoritib boradi. Uning vositasida musiqalar va audio kitob eshitish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, «aqlli» hassa nogironligi bo‘lgan va ko‘zi ojiz kishilarning eng yaqin hamrohi, suyanchig‘i bo‘la oladi. Uni yanada takomillashtirish, sun’iy idrok imkoniyatlaridan foydalanib, yaxshi suhbatdoshga aylantirish mumkin.

Darvoqe, bu loyiha xususida so‘z boshlaganda, bilaguzukni ham aytib o‘tgandik. Xo‘sh, uning vazifasi nima, deb o‘ylagandirsiz?! Bu hassa yo‘qotib qo‘yilganda, uning qayerdaligini topishga yordam beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, «aqlli» hassa o‘zgalar ko‘magiga muhtoj kishilar uchun yordamchi, dastyor. U har soatda vaqtni eslatib turadi, kitob o‘qib beradi, yo‘lni ko‘rsatib boradi.

Yaqinda Sevara Allado‘stova nomiga Xitoydan «O‘zbekistonning mangu go‘zalligi: milliy o‘zlik, madaniyat va meros» mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro anjumanda qatnashish uchun taklifnoma keldi. Demak, uning startap loyihasi nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlar mutaxassislarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Abdurazzoq MURODOV

Exit mobile version